«PSJ» Neymarni yaqin vaqtlar ichida sotmoqchi. Ronaldu uni «Yuventus»da ko‘rmoqchi

  • 25 iyul 2019, 11:57
  • 684
  • Sport
  • «PSJ» Neymarni yaqin vaqtlar ichida sotmoqchi. Ronaldu uni «Yuventus»da ko‘rmoqchi
    «Pari Sen-Jermen» Neymarni 31 iyulga qadar sotib yubormoqchi. Bu haqda AS nashri CNews manbasiga asoslanib xabar tarqatdi.

    Manba ma’lumotiga ko‘ra, parijliklar klubidagilar braziliyalik futbolchidan u asosiy tarkib bilan mashg‘ulotlarga qaytishidan avvalroq qutulmoqchi. Parijliklar klubda o‘ynashni istamagan futbolchi yig‘inda bo‘lishi klubning yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda.

    Iyun oyi boshida, Amerika Kubogi arafasida jarohat olib, turnirdan qolib ketgan braziliyalik to‘purar Parij jamoasining asosiy tarkibdan alohida shug‘ullanyapti.

    Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, «Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronaldu Neymar bilan bir jamoada to‘p surishni istamoqda.

    So‘nggi paytlarda bir necha reklama tadbirlarida birga qatnashgan portugaliyalik va braziliyalik futbolchilarning munosabati ancha yaxshi. Ronaldu Neymar bilan maydonda birgalikda juda foydali harakat qilishi mumkinligiga ishonmoqda va 27 yoshli futbolchining kelishi «Yuve»ni Chempionlar ligasida g‘olib chiqish uchun yanada kuchli qiladi, deb hisoblamoqda.

    «Real» tomonidan ham qiziqish mavjud bo‘lgan Neymarning o‘zi «Barselona»ga qaytishni istayapti. Ammo Grizmanni xarid qilib bo‘lgan kataloniyaliklar uning transferi bo‘yicha faol harakat qilishmayapti. Shu tufayli ham futbolchining agenti Pini Zaxavi Xitoyda «Yuventus» vakillari bilan uchrashishni rejalashtirmoqda.

    «PSJ» klubining Xitoy sayohati 23 iyuldan 2 avgustgacha davom etadi. Jamoa 27 iyul kuni «Inter», 30 iyul kuni «Sidney» bilan o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazadi. 3 avgust kuni Fransiya Superkubogi bahsida «Renn» bilan to‘qnash keladi.

    Neymar «Pari Sen-Jermen»ga 2017 yil yozida 222 million yevro evaziga «Barselona»dan o‘tgandi va tarixdagi eng qimmatbaho futbolchiga aylangandi. 27 yoshli forvardning Fransiyaning amaldagi chempionlari bilan shartnomasi 2022 yil yoziga qadar tuzilgan. Braziliyalik futbolchi o‘tgan mavsumda klubining barcha turnirlar doirasidagi 28 uchrashuvida maydonga tushib, 23 gol urgan va 13 golga uzatma bergan.

    » » «PSJ» Neymarni yaqin vaqtlar ichida sotmoqchi. Ronaldu uni «Yuventus»da ko‘rmoqchi