08:16 / 26.07.2019
1 956

Vadim Abramov: "Ishtiyoqi baland futbolchilar bilan ishlash murabbiyga kuch bag‘ishlaydi"

Vadim Abramov: "Ishtiyoqi baland futbolchilar bilan ishlash murabbiyga kuch bag‘ishlaydi"
Vadim Abramov boshchilik qilayotgan «Bunyodkor» klubi ikkinchi davraga tayyorgarlikni Belorussiya poytaxti Minskda olib bordi. U yerda bir qator nazorat uchrashuvlari tashkil etildi va tarkibda yangi o‘yinchilar ham sinovdan o‘tkazildi. E’tiborlisi, Superliga klublari orasida birgina «Bunyodkor» xorij yig‘inini tashkil eta oldi. Birinchi davrada asosan yoshlar bilan chempionatda ishtirok etgan «Qaldirg‘ochlar» mazmunli o‘yin ko‘rsatishgani bois ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirishdi.

Buning ustiga bosh murabbiyning ham mehnatlari katta ekanligini alohida aytib o‘tish lozim. Ikkinchi davrada esa «Bunyodkor» yanada kuchli jamoaga aylanishi kutilmoqda. Xorij yig‘ini ham bejizga tashkil etilgani yo‘q. Jamoa a’zolari Minskdan qaytib kelishganidan so‘ng «Bunyodkor» ustozi Vadim Abramov bilan safar taassurotlari va ikkinchi davraga tayyorgarlik xususida gaplashdik.

- Vadim Karlenovich, Belorussiyadagi yig‘in qanday o‘tdi? Olib borilgan ishlardan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Belorussiyadagi yig‘in xuddi rejalashtirganimizdek o‘tdi. Qolaversa, ob-havo ish jarayoni uchun juda qulay keldi. Havo harorati 18-20 daraja issiqni ko‘rsatdi. Tayyorgarlikni zamon talablariga javob beradigan sport inshootlarida olib bordik. Umuman olganda, hammasi a’lo darajada kechdi. Bunday sharoitda ishlar ekansan, hatto charchoq sezilmaydi.

- U yerda o‘tkazilgan nazorat o‘yinlari haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Buni qarangki, biz Belorussiyaga yetib borgan paytimizda chempionlar ligasi va Yevropa ligasi saralash bosqichida ishtirok etmaydigan klublar bo‘sh edi. Mana shunday jamoalardan ayrimlariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushdik.

- Demak, yig‘indan ko‘nglingiz to‘lgan, shundaymi?
- Ha, albatta.

- Agar sir bo‘lmasa, qaysi futbolchilar bilan shartnomalar imzolandi?
- Hozircha aniq biror-bir futbolchi bilan rasman shartnoma imzolangani yo‘q. Biroq shu jarayonda ish olib borilmoqda. Rahbariyat bilan hammasini maslahatlashib olgan holda ish ko‘ramiz. Hozircha esa tarkibimizda o‘zgarishlar yo‘q.

- Ammo xabarlarda «Bunyodkor» tarkibida bir qancha yangi o‘yinchilar ko‘rikdan o‘tkazilayotgani haqida ma’lumotlar berildi…
- Bunday ma’lumotlar haqiqatga unchalik yaqin emas. To‘g‘ri, biz bir qancha futbolchilarni kuzatdik, bori shu xolos. Hammasi keyinchalik qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.

- Ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘rish asnosida Superliga ishtirokchilaridan faqat «Bunyodkor»gina xorij yig‘inini tashkil eta oldi. Nima deb o‘ylaysiz, bu ikkinchi davra o‘yinlarida o‘z samarasini beradimi?
- Safardan ko‘zlagan asosiy maqsadimiz bir qancha klublar bilan sparring-raqib sifatida bellashish va imkoniyatimizni chamalab chiqishdan iborat edi. Bilasiz, jamoamizda yosh futbolchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularga sparring-raqib sifatida xalqaro musobaqalarda ishtirok etadigan klublar bilan kuch sinashish orqali tajriba orttirish juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham Belorussiya yig‘ini tashkil qilindi.

- Vadim Karlenovich, Belorussiya futboli haqida nima degan bo‘lardingiz? U yerning jamoalari oldingiga nisbatan ancha o‘sishga erishgan bo‘lsa kerak…
- Agar o‘yinlarni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, Minskning «Dinamo» klubi Chempionlar ligasi saralash bosqichida ishtirok etib, «Leopaya» bilan kuch sinashdi. Ammo klubning imkoniyatini bir o‘yindan xulosa chiqargan holda chamalash mushkul. Meni quvontirgan narsa shu bo‘ldiki, jamoamiz Belorus klublaridan saviya jihatidan aslo ortda qolmaydi.

- Birinchi davrada «Bunyodkor» asosan tarkibdagi yosh futbolchilar bilan shundoq ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Ayni paytda ixtiyorimda o‘zim klubda ko‘rishni istaydigan barcha futbolchilar bor, deya olasizmi?
- Bu gap bilan nimaga sha’ma qilayotganingizni tushundim. Yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘zimiz ko‘zlagan futbolchilar borasida hali bir to‘xtamga kelganimiz yo‘q. Hammasini klub mutasaddilari bilan birgalikda muhokama qilamiz va shundan kelib chiqqan holda ish ko‘ramiz. Xabarim bor, ko‘pchilik orasida «Bunyodkor» Tursunov va Gadoyev kabi futbolchilarni tarkibga qo‘shib olishga yaqin, degan gaplarni aytmoqda. Lekin hozir nomlari sanab o‘tilgan ijrochilar bilan hech qanday muzokaralar olib borilmadi. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Qo‘l ostingizdagi shogirdlaringiz orasida maktabda o‘qiydiganlar ham borligi haqida gapirishadi, shu to‘g‘rimi?
- Ha, 16 yoshli yigitning tarkibimizda borligi menimcha yangilik emas. Ma’lumki, bunday yoshda inson hali maktabni tamomlamagan bo‘ladi.

- JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichi uchun o‘tkazilgan qur’a natijalari haqida fikringizni bilmoqchiman. Qur’a terma jamoamizga chindan ham kuchsiz raqiblarni to‘g‘ri qildimi?
- Nazarimda, bunday savolni menga emas, balki terma jamoadagi murabbiylarga bersangiz maqsadga muvofiq bo‘lardi. Klub murabbiyi sifatida terma jamoaning jahon chempionati saralashidagi raqiblarini muhokama qilishim mushkul. Mendan faqat «Bunyodkor» haqida so‘rasangiz, barcha savollaringizga bajonidil javob qaytara olaman.

- Vadim Karlenovich, baribir siz juda tajribali murabbiysiz. Qolaversa, O‘zbekiston terma jamoasini boshqargansiz. Shuning uchun Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoamiz o‘yinida qandaydir o‘zgarishlarni ko‘rayotgan bo‘lsangiz kerak? Argentinalik mutaxassis futbolimizga o‘zidan nimanidir qo‘sha oldimi?
- Albatta, qo‘sha oldi. U o‘z falsafasidan kelib chiqqan holda terma jamoa o‘yinini shakllantirishga harakat qilmoqda. Termaning o‘yini hammaga yoqyaptimi yoki yo‘qmi, bu endi butunlay boshqa masala. Har bir murabbiyning o‘z tamoyillari bo‘ladi. Ektor Kuper ham o‘yinni qanday tasavvur qilishidan kelib chiqqan holda ish olib boryapti. Baribir hamkasbimning terma jamoamizda olib borayotgan ishini muhokama qilishim to‘g‘ri bo‘lmasa kerak.

- Boya aytimdek, siz ancha tajribali, ko‘pni ko‘rgan mutaxassissiz. Ayting-chi, oxirgi yillarda o‘zbek futboli oldingiga nisbatan ancha rivojlandimi?
- Futbol shunday o‘yinki, u bir zumda o‘zgarib ketishi mumkin. Agar ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olsangiz, natijalar o‘zini uzoq kuttirib qo‘ymaydi. Agar rejani xom tuzgan bo‘lsangiz, hammasi bir zumda shamolga sovurilishi tayin. Futbolni oxirgi ikki-uch yil ichida keskin darajada o‘zgardi yoki o‘sish kuzatilmadi, deya xulosa chiqarish umuman to‘g‘ri emas. Faqat yeng shimarib ishlash kerak xolos. Shunda ko‘zlagan maqsadga erishsa bo‘ladi.

- «Bunyodkor» chempionat va mamlakat Kubogi uchun kurashishda davom etmoqda. Ammo Liga Kubogi xususida bunday deyish mushkul. Sizningcha, Liga Kubogi klub uchun ortiqcha musobaqa edimi?
- Har qanday klub iloji boricha o‘zi ishtirok etadigan mubosaqalarda uzoqroqqa borish istaydi. Jumladan, bunday istak «Bunyodkor»ga ham begona emas. Liga Kubogi – juda yaxshi turnir. Ammo shunchaki taqvimga uning doirasidagi o‘yinlarni to‘g‘ri va hamma uchun qulay vaqtga joylashtirish maqsadga muvofiq bo‘lardi. O‘yinlarni jaziramada o‘tkazish futbolchilarni xoldan toydirib yuboradi. Shuni inobatga olish kerak. Agar Liga Kubogi doirasidagi uchrashuvlarni Osiyo Chempionlar ligasida vakillarimiz kurashga kirishadigan sentyabr oyida o‘tkazilsa, juda qulay bo‘lardi.

Bilasiz, OChLdagi dastlabki ikki turdan so‘ng o‘rtada tanaffus yuzaga keladi. Liga Kubogidagi bahslarni shu oraliqqa joylashtirish yaxshi bo‘lardi, nazarimda. Shunda bu holat hammaga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Qolaversa, futbolchilarning o‘yin amaliyoti ham shu paytga kelganda tobida bo‘ladi. Shuningdek, Liga Kubogi doirasida o‘yinlarda qancha futbolchini almashtirish mumkinligi borasida ham yakuniy to‘xtamga kelish kerak.

Masalan, bir uchrashuvda olti nafar futbolchini almashtirishni yo‘lga qo‘yish kerak. Dastlabki, uch almashtirish tanaffusgacha, qolgan uchtasi tanaffusdan so‘ng. Shunda ham bu ishni tanaffus chog‘ida amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki o‘yinchilarni xadeb almashtiraverish, uchrashuv sur’atiga aks ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

- Ikkinchi davrada «Bunyodkor» tarkibida legionerlar paydo bo‘ladimi?
- Meni ma’zur tutasiz, bunday savol rahbariyatga berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Legioner o‘yinchilarni jamoaga olib kelishning mashaqqati ko‘p bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda ish tutish kerak. Yig‘in chog‘ida o‘zimiz kuzatgan futbolchilar bilan jamoamizda o‘ynash istagi borligi haqida so‘radik. Qolaversa, ularga «Bunyodkor»ga kelib qo‘shilgan taqdirda ham boshqalardan farq qiladigan darajada maosh olmasliklari mumkinligini aytdik.

- Suhbatimiz yakunida asosan yosh futbolchilardan iborat «Bunyodkor»ning qo‘l ostingizda yaxshi o‘yin ko‘rsatayotganini yana bir bor e’tirof qilishni istagan bo‘lardim…
- Iliq fikrlaringiz uchun rahmat.

- Bunday o‘yinchilarni uchrashuvlarga ruhlantirish oson bo‘lyaptimi?
- Albatta, jamoada ishtiyoqi baland futbolchilar jamlangan. Bunday o‘yinchilar bilan ishlash murabbiyga kuch bag‘ishlaydi. Chempionatning birinchi davrasida uyda ozroq to‘p surib, ko‘proq safarda o‘ynadik. 13 o‘yindan 3 tasini uyda, 10 tasini safarda o‘tkazdik. Endi ikkinchi davrada butunlay buning aksi bo‘ladi. Ayni chog‘da butun diqqat-e’tiborimizni ikkinchi davrani g‘alaba bilan boshlashga qaratganmiz. Albatta, aksar o‘yinlarni uyda o‘tkazishimizga to‘g‘ri kelishi bizga ustunlik bag‘ishlaydi. Ammo shu bilan birga futbolchilarni bellashuvlarga to‘g‘ri tayyorlash kerak.

Aks holda natija salbiy ko‘rinish olishi hech gap emas. Qolaversa, ochkolarni hozir emas, balki noyabrda hisoblab chiqamiz. Bunga qadar esa faqat bellashuvlarni iloji boricha yaxshi natija bilan tugatishga harakat qilish kerak xolos. Eng muhimi joriy birinchilikdagi ishtirokimiz ko‘ngildagidek kechmoqda. Bundan keyin ham shu ruhda davom etmoqchimiz. Agar o‘z ustimizda ishlashni bas qilib, uydagi o‘yinlar qo‘shimcha kuch beradi deya xotirjamlikka berilib ketsak, mavsum oxiriga borib uyalib qolishimiz hech gap emas. Chunki futbol shunday o‘yinki, erta kelgan xotirjamlikni kechirmaydi.
Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: "Ishtiyoqi baland futbolchilar bilan ishlash murabbiyga kuch bag‘ishlaydi"