Sardor Rashidov Qatar klubiga o‘tishga yaqin

  • 29 iyul 2019, 09:20
  • 658
  • Sport
  • Sardor Rashidov Qatar klubiga o‘tishga yaqin
    O‘zbekistonlik yarim himoyachi Sardor Rashidov faoliyatini Qatarda davom ettirishga yaqin turibdi.
    Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Sardor Rashidov ayni paytda Qatarda bo‘lib turibdi. U yaqin vaqt ichida "Qatar SK" klubi safida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va jamoa bilan shartnoma tuzadi.

    Rashidov bunga qadar Portugaliyaning "Nasonal" klubida o‘ynab kelayotgandi. Klub o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra quyi divizionga tushib ketdi. Rashidov uchun Qatar begona mamlakat emas. U o‘z vaqtida "Al Jayish" klubi safida o‘ynagan.

    Ma’lumot uchun, "Qatar SK" 1959 yil tashkil etilgan. Klub uy o‘yinlarini Doxa shahridagi 15 000 muxlisga mo‘ljallangan "Suhaym bin Hamad" stadionida o‘tkazadi.

    Jamoani bugungi kunda argentinalik murabbiy Serxio Batista boshqarib bormoqda. Klub 8 marta Qatar chempioni bo‘lgan (so‘nggi marta 2003 yil). O‘tgan mavsumda "Qatar SK" Qatar Yulduzlar ligasida 12ta klub orasida 11-o‘rinni egallab ligada qolish uchun pley-off bahsida maydonga tushdi. Quyi liga vakili "Muayzir"ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan "Qatar SK" Superligada qolishga erishgandi.

    Qatarda yangi mavsum 21 avgust kuni start oladi. "Qatar SK" 1-turni o‘z uyida "Al Duhail"ga qarshi o‘tkazadi.

    » » Sardor Rashidov Qatar klubiga o‘tishga yaqin