12:20 / 02.08.2019
2 516

Usmon Toshev: Taktik jihatdan hech kimga yutqazmaymiz, hatto Yaponiyaga ham!

Usmon Toshev: Taktik jihatdan hech kimga yutqazmaymiz, hatto Yaponiyaga ham!
Hamyurtimiz Usmon Toshevning Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi faoliyati davom etmoqda. Shu bois uning u yerdagi hayoti va faoliyatini kuzatib borish biz uchun ham qiziq tuyulmoqda. Jahon chempionati saralash bahslari uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rayotgan yon qo‘shnilarimiz Usmon Qudratovichga ishonch bildirishmoqda. Shu sababli Toshevni oldinda juda muhim va jiddiy o‘yinlar kutmoqda.

Musobaqa haqida
Hindistonning Ahmadobod shahrida Hindiston, Tojikiston, KXDR va Suriya terma jamoalari ishtirokida xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Usmon Toshev jamoasi esa finalda ishtirok etdi. Murabbiy dastlab turnir taassurotlari haqida gapirdi.

- Turnir biz uchun juda yaxshi o‘tdi. Biz u yerga nima uchun bordik? Faqat tayyorgarlik ko‘rish uchun. Bunday vaziyatda yutish yoki yutqazishning farqi yo‘q edi. Muhimi, biz Hindistonda uchta jamoa bilan o‘yin o‘tkazdik. Lekin u yerda ayrim muammolarga duch keldik. Masalan, mahalliy ob-havosi bizga biroz halaqit berdi. Juda issiq, namlik yuqori ekan. Bundan tashqari, ovqat masalasida juda qiynaldik. Mahalliy ovqati bizning yigitlarga yoqmadi.

O‘zimizga kerakli taomni esa ular tayyorlay olishmadi. Lekin “Hayat” mehmonxonasida yashadik va u yerda sharoitlar yaxshi. Faqat mahalliy ovqati bilan ob-havosi bizga to‘g‘ri kelmadi. Umuman olganda, jamoamiz yaxshi o‘ynadi. Faqat finaldagi uchrashuvda bizga tezlik yetishmadi va kuchimiz ham yetmay qoldi. KXDR futbolchilari esa jismoniy tomondan yaxshi tayyorlanishgan ekan, baquvvat. Ular ikkinchi qavatdan ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi.

Lekin biznikilar ham havodagi to‘p uchun kurashlarning aksariyatida yaxshi o‘ynashdi. Ammo biz darvozamizdan kulguli gol o‘tkazib yubordik. Rikoshet orqali darvozamiz ishg‘ol etildi. Lekin biz u yerga to‘liq tarkib bilan bora olmagandik. Ayrim futbolchilarimiz jarohat olishgandi va bir qator yoshlarni olib bordik. Jamoamizda biroz bo‘lsa-da, o‘yin bor. Bu musobaqaning bizga foydasi ko‘p tegdi.

Qur’a haqida
JCh-2022 saralashining ikkinchi bosqichida Tojikiston terma jamoasi “F» guruhida Yaponiya, Qirg‘iziston, Myanma va Mongoliya bilan bellashadi. Bu borada bosh murabbiy shunday dedi:

- Qur’a tashlangan paytda biz Hindistonda edik. Bilasiz, biz uchinchi savatchada edik. 1- va 2-savatchada esa kuchli jamoalar bor edi. Shuning uchun har qanday holatda ham kuchli raqiblar bilan bir guruhdan joy olishimizni bilardik. Lekin biz uchun hamma raqiblar bir. Baribir barchasi bilan o‘ynash kerak. Kimni yutsangiz ham faqat uch ochkodan beriladi. Yaponiya hammadan kuchli. Bunday jamoaga qarshi o‘ynash esa juda qiziq bo‘ladi. Har bir o‘yin biz uchun katta maktab vazifasini bajaradi. Yaponiya, Qirg‘iziston, Myanma, Mongoliya...hammasi har xil joydagi jamoalar. Ular bilan o‘ynash chindan ham qiziqarli kechadi.

2-o‘rin uchun imkoniyat xususida
Ushbu guruhda Yaponiya yaqqol favorit. Shu bois 2-o‘rin uchun asosiy kurash Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasida kechishi kutilmoqda. Usmon Toshev ham bu fikrga qo‘shildi.

- Har kimning o‘z fikri bor. Lekin chindan ham 2-o‘rin uchun Qirg‘iziston bilan Tojikiston kurashadi degan gaplar haqiqatga yaqin. Lekin biz kim bilan bo‘lmasin faqat yaxshi o‘ynashga harakat qilamiz. Masalan, Mongoliyani hech kim bilmaydi. U yerda futbol endi-endi boshlanyapti. Misol uchun Yaponiyaga qarshi o‘yinda biz oldindan taslim bo‘lmaymiz va shunchaki o‘yinni ularga topshirib qo‘ymaymiz. Bilamanki, ularga ham oson bo‘lmaydi. O‘zim ham bu o‘yinlarni kutyapman.

Murabbiy uchun JCh saralashidagi dastlabki sinov
Usmon Toshev bosh murabbiy sifatida ilk bor jahon chempionati saralash bahslarida debyutini o‘tkazadi. Shu bois bu uning uchun ham juda muhim bosqich hisoblanadi. Bu masala bo‘yicha quyidagicha izoh bildirdi.

- Ishtiyoqimiz kuchli. Avgust oyida Yevropada o‘yin o‘tkazmoqchimiz. Bu borada raqib istayapmiz. Albatta, ular reyting bo‘yicha kuchliroq jamoalarni tanlashadi. Lekin baribir Yevropa jamoasi bilan o‘ynamoqchimiz. Bunday katta musobaqa oldidan menda faqat sport tamoyillariga asoslangan hayajon bor, ammo qo‘rquv yo‘q. Lekin biz taktik tomondan hech kimga yutqazmaymiz, hatto Yaponiyaga ham. Ammo kuchimiz qayergacha yetadi, jismoniy tayyorgarligimiz qandayligini o‘yinlar ko‘rsatib beradi.

O‘zbekiston terma jamoasi va uning guruhi to‘g‘risida
Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasining raqiblari haqida ham fikrlar bildirilmoqda. Toshev ham terma jamoamizga befarq bo‘lmagani uchun ushbu masala bo‘yicha ham o‘zining qarashlarini bildirib o‘tdi.

- O‘zbekiston terma jamoasi yaxshi tarkibga ega va kuchli. Hamma O‘zbekistonni jahon chempionatiga chiqishini kutyapti. Men ham O‘zbekistonning raqiblarini yutib mundialga yo‘l olishini xohlayapman. O‘ylaymanki, O‘zbekiston bu guruhdan hotirjamlik bilan keyingi bosqichga chiqadi. Lekin raqiblarga doim hurmat bilan yondashish lozim. O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqish vaqti keldi. Buning uchun katta tayyorgarlik ko‘rilyapti.

Toshev tojikistonliklarga va’da bera oladimi?
Tojikistonlik muxlislarning terma jamoasidan umidlari katta. Shu bois ular Usmon Toshevga ham umid ko‘zi bilan qaramoqdalar. Xo‘sh, murabbiy tojikistonliklarga qandaydir va’da bera oladimi?

- Hech kimga biror nimani va’da bera olmaydi. Biz folbin emasmiz. Aslida meni u yerda ishlashimning o‘zi katta va’da. Tojikistonga nima uchun kelganimni bilaman-ku. Dam olishga borganim yo‘q. U yerda ko‘rishish uchun amakim yoki tog‘am yo‘q. Bilib turibmanki, oldimizga guruhdan chiqish vazifasi qo‘yiladi. Biz harakat qilamiz va kurashamiz. Biroq murabbiyning bir o‘zi hech nima qila olmaydi.

Agar yutsak hammamiz yutgan bo‘lamiz. Yutqazsak esa faqat murabbiy yutqazadi. Lekin va’da berish nima? Agar va’da bersam, men boshqacha ishlaymanmi? Birinchi navbatda o‘zim xohlayman muvaffaqiyatlarga erishishni. Yutsam birinchi navbatda ishimga baho berishadi. Agar guruhdan chiqa olmasak, o‘zimga minus bo‘ladi. Bularni juda yaxshi tushunib turibman.
Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Usmon Toshev: Taktik jihatdan hech kimga yutqazmaymiz, hatto Yaponiyaga ham!