12:23 / 04.08.2019
2 952

Ahmad Ubaydullayev: "OFK mundialga chiqishimizni xohlamagandi" (intervyu)

Ahmad Ubaydullayev: "OFK mundialga chiqishimizni xohlamagandi" (intervyu)
Har yili 11 avgust yaqinlashar ekan, qalblardan allanechuk hislar o‘tadi. Boisi, 1979 yilning xuddi shu sanasida Toshkent - Donetsk - Minsk marshruti bo‘ylab uchayotgan havo layneri Dneprodzerjinsk rayonida qarshi yo‘nalishdagi samolyot bilan to‘qnashib ketishi oibatida halokatga uchradi. Ular orasida shonli «Paxtakor»ning 17 a’zosi ham bor edi. Shu kuni Minskka parvoz qilishi kerak bo‘lgan ayrim futbolchilar jarohat tufayli Toshkentda qolishgandi. Jumladan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Ahmad Ubaydullayev ham. O‘zbek futboliga Islom To‘xtaxo‘jayev, Sherzod A’zamov, Fozil Musayev, Davron Mirzayev kabi ko‘plab iqtidorlarni tarbiyalab bergan mutaxassisning qilgan ishlari tahsinga sazovor. Yaqinda Ahmad Ubaydullayevning xonadonida bo‘lib, qator mavzular yuzasidan suhbat qurdik.

- Ahmad aka, suhbatimizni «Paxtakor» bilan bog‘liq xotiralaringizdan boshlasak... Bu klub siz uchun begona emas axir.
- 1971 yili meni «Paxtakor»ga, aniqrog‘i, yoshlar jamoasiga taklif qilishdi. Sergey Arutyunov va Akmal Azizxo‘jayelar bu jamoadagi ilk ustozlarim sanaladilar. 14-15 yoshimda kunduzgi mashg‘ulotlarga qatnashishni boshladim, oradan ikki yil o‘tib, bizning yosh toifamizdagi jamoa birinchi liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu orada men va bir necha futbolchilar - Konstantin Bakanov, uning ukasi Boris Bakanov, qayum To‘laganov kabi yigitlar o‘rinbosarlar jamoasiga jalb etila boshladik. 1977-1978 yillarga kelib, asosiy jamoa tarkibidan o‘rin olishga muyassar bo‘ldim. Minskka uchmaganim sababi - og‘ir jarohatga yo‘liqqandim. O‘sha yili Kiyevda o‘tkazilgan xalqaro spartakiadada Rossiya terma jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda oyog‘im lat yegandi. Keyinchalik bu jiddiy bo‘lib chiqdi. Men, To‘lagan Isoqov, Anatoliy Mogilniy ular bilan parvoz qilmadik.

- Darhaqiqat, To‘lagan Isoqov o‘sha mash’um voqeadan so‘ng futbol bilan butkul xayrlashdi...
- Qaysidir ma’noda bu fojia unga og‘ir botgan bo‘lsa kerak. Bilganim, u «Dinamo Moskva» bilan bahs­da og‘ir jarohat olgandi. Men Moskva shahrida 7 oyga yaqin davolandim. To‘lagan esa qisqa muddatda Toshkentga qaytdi. So‘ng uni «Paxtakor»ga murabbiy etib tayinlashdi.

- Halokatdan keyingi tiklanish jarayoni haqida, o‘sha voqealarga guvoh bo‘lgan shaxs sifatida qanday fikr bildirasiz?
- Jamoani qayta qurish uchun uch yil muddat berildi. Bilsangiz, Sobiq ittifoq paytida birinchi, ikkinchi liga musobaqalari tashkil etilardi. U yerda iste’dodli futbolchilar juda ko‘p, ularning o‘zi bilan yaxlit jamoa tuzish mumkin edi. Biroq murabbiy va futbolchilarning aksariyati xorijdan taklif etildi. Tezroq natija qayd etish yo‘lida kuchli legionerlar kelib qo‘shildi. Zurab Sereteli, Chivadze, keyinchalik Andrey Yakubik keldi. Menimcha, ularsiz ham yaxshi jamoa tashkil qilish mumkin edi. Futbol internat-maktablari yaxshi faoliyat olib borar, u yerda tajribali mutaxassislar mehnat qilishardi. Hozir yoshlar bilan nav­qiron va tajribasiz murabbiylar ishlashyapti. Men bilan birga to‘p surgan Laziz Maqsudov, Akmal Azizxo‘jayevlardan ko‘p narsa o‘rgandim.

- Murabbiylik faoliyatingizdagi ilk jamoa - «Umid» nima uchun tarqalib ketdi?
- «Umid»ni Sport qo‘mitasi qoshida Erkin Abduraimov bilan birga ochgandik. Dastlab jamoa nomini «Paxtakor-79» deb qo‘ymoqchi bo‘ldik, so‘ng fikr o‘zgardi. Birinchi yili jamoani yuqori ligaga olib chiqdik, keyinchalik ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Shunda ham ishsiz qolganim yo‘q, 1991-1994 yillar mobaynida sevimli klubim «Paxtakor»da yordamchi murabbiy sifatida ishladim. Ustiga-ustak, olimpiya terma jamoasi ham mening ixtiyorimda bo‘ldi. Ikki ishni bir vaqtda uddalay olmasligimni tushundim. So‘ngra mening oldimga Samar-qandning «Dinamo» klubini oliy ligaga olib chiqish vazifasi qo‘yildi. Ikkinchi davrada mazkur jamoani qabul qilib oldim va 5-o‘rindan 1-pog‘onaga ko‘tarildik. Vazifani a’lo darajada uddaladik.

- Avvallari «Chig‘atoy» futbol maktabining mavqei juda baland bo‘lgandi...
- Darhaqiqat, yurtimizdagi eng yaxshi futbolchilar shu maktab tarbiyalanuvchilari sanalardi. O‘zim ham ma’lum vaqt u yerda yoshlarga futbol sir-asrorlarini o‘rgatganman. Mirjalol qosimov, Shuhrat Maqsudov, Andrey Akopyans, Marat Bikmayev kabi futbolchilar shu yerdan yetishib chiqqan. Keyinchalik futbolga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi, zamonaviy futbol akademiyalari foydalanishga topshirildi. 2000 yildan keyin menga o‘smirlar va yoshlar terma jamoasini ishonib topshirishdi. «Chig‘atoy» futbol maktabi o‘quvchilari terma o‘zagi qilib olingandi.

- Maksim Shatskixning Ukrainada porlashida Valeriy Lobanovskiy bosh sababchi deb o‘ylaysizmi?
- Maks - tug‘ma iste’dod sohibi. Uni olimpiya terma jamoasiga ham jalb etganman, ko‘z oldimda katta bo‘lgan. Umuman, 2001 yili OTJda qo‘l ostimda yomon jamoa yig‘ilmagandi. Maksdan tashqari Anvar Soliyev, Ulug‘bek Baqoyev... Viktor Borisovga ajoyib jamoani topshirgandim.

- Termada ishlagan murabbiylarga chetdan bosim, tazyiqlar bo‘lishi tabiiy. Siz ham shunday holatga tushganmisiz?
- U qadar jiddiy bosim bo‘lmagan. Faqat, ijobiy natijaga erishgan murabbiyni ishdan olish xunuk holat edi. Avvallari futbolimizda noprofessionallar faoliyat yuritishdi. Ular futbolni tushunmaganga yarasha, murabbiylikka futbol ichida yurgan, o‘z ishining ustalarini, xalq manfaatini barcha narsadan ustun qo‘yadigan mutaxassislarni jalb qilishlari kerak edi. Agar shunday bo‘lganida, biz allaqachon Olimpiada va jahon chempionatiga chiqqan bo‘lardik. Shaxsan men tarbiyalagan yigitlar olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga haqli edilar. 2012 yili BAA bilan «Jar» stadionida o‘tgan bahsda deyarli barchasi hal bo‘lgan, bizni hatto durang ham qanoatlantirardi. O‘shanda Abramovning Ivan Nagayev, Sherzod Karimovlarni nima sababdan tarkibga kiritmaganini hali-hanuz tushunmayman. Umuman olganda, Anzur Ismoilov, Aziz Ibragimovlar to‘p surgan terma ham Pekin Olimpiadasiga juda yaqin kelgandi.

- 2008 yilgi U-19 terma jamoasining muvaffaqiyati siri nimada edi? O‘sha jamoani kimdan qabul qilib olgandingiz?
- To‘g‘rirog‘i, ularni men tarbiyalaganman. Ko‘pchiligini avvaldan bilib, ko‘rib kelganman. San’at Shixovni Xorazmdan, Sherzod Karimov, Islom To‘xtaxo‘jayevni Farg‘onadan jalb etganman. Men bu futbolchilarni kichkinaligidan bilardim. Yuriy Sarkisyan «Mening futbolchim qanday qilib termada paydo bo‘lib qoldi?» deb hayron bo‘lgandi, «Ikki futbolchi Toshkentda o‘ynamaydi», deb shart qo‘ygan. Men Sarkisyanga to‘g‘ri tushuntirdim: «Sen o‘z klubingda xo‘jayinsan, bu yerda esa men javobgarman». Sunnatilla Mamadaliyev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Ivan Nagayevlarni 10 yil davomida pishitib, terma darajasiga qadar olib chiqdim.

- BAAdagi Osiyo chempionati yarim finalida Xitoy bilan bahsda Doniyor Usmonovning chetlatilishi, Murod Xolmuhammedovning penaltilar seriyasidagi qahramonligi... Murodni darvozaga qo‘yish qarori kimdan chiqqan?
- To‘g‘risi, yashirmayman, bizning jahon chempionatiga yo‘l olishimizni OFK mutasaddilari xohlashmagan. Kichik mundialga asosiy da’vogarlar Eron, Saudiya Arabistoni va BAA sanalardi. Musobaqa davomida hakamlar bizga nisbatan juda ko‘p adolatsiz munosabatda bo‘lishgan. Bu ish saralashdanoq boshlangan. Tai­land bilan bahsda Fozil Musayevning toza golini hisoblashmadi. Xitoy bilan uchrashuvda Benjamin Uilyams 90}4-daqiqada Doniyor Usmonovni asossiz chetlatdi. Murod darvozaga o‘z xohishi bilan turgandi, o‘shanda. Men Fozilni mo‘ljallayotgandim. San’at Shixov to‘rtinchi zarbani aniq ijro etganida, hech qanday qahramonlikka hojat qolmasdi. Finaldan oldin O‘zbekistonning g‘alaba qozonish imkoniyati yuqori baholanganligi jamoamizga xotirjamlik berdi, shekilli, o‘yin to‘liq mezbonlar nazorati ostida o‘tdi. Balki yigitlarimizda toliqish bo‘lgandir...

- Ma’lumotlarga qaraganda, bir qator shogirdlaringizga «Rostov»dan chorlov bo‘lgan ekan...
- Ha. Buni inkor etmayman. Lekin hali ular xorijda to‘p surishga tayyor emasdilar. Davron Mirzayevni «Paxtakor» «Rubin»ga sotib katta xatoga yo‘l qo‘ydi. Natijada u boshqa maydonda ko‘ringani yo‘q. Sherzod Karimov masalasida qurbon Berdiyev shaxsan o‘zim bilan bog‘langan. Men uning hali yetilmaganligini aytdim, u to‘g‘ri tushundi.

- 1989-1990 yillarda tavallud topgan avlodning bari klublarda o‘z o‘rniga ega. Ammo keyingi avlod haqida bunday deya olmaymiz.
- Shogirdlarimning qariyb hammasi katta futbolda. 1994 yilda tug‘ilganlar-chi, qani o‘sha Meksika qahramonlari? Qay biri biror klubda uzoq vaqt to‘p sura oldi, ayting-chi? Sardor Sobirxo‘jayev, Muhsin Ubaydullayevlar barqaror o‘yinashmoqda, xolos. Endi e’tibor bering, Sherzod Karimov, Sherzod A’zamov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Sanjar Shoahmedov, Sardor Mirzayev, Javlon Ibrohimov, Ivan Nagayev... Hammasi yuqori darajada to‘p suryapti.

- Darvoqe, Ivanda nima uchundir yildan-yilga sermahsullik pasaymoqda. Tez-tez jamoasini o‘zgartiryapti...
- Nagayev juda kambag‘al oila farzandi bo‘lgan. Otasi ichkilikka ruju qo‘ygan, onasi bee’tibor edi. Hatto yegan taomini ham bilmagan. Uni «Chig‘atoy» bazasiga joylashtirdik, yordam puli ajratdik, hamma shart-sharoitlar yaratildi. U doim nazoratim ostida bo‘lgan. Futbolchi o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasligi darkor. Ivan oldingi darajasiga qaytadi, albatta.

- Ayni payt yaponiyalik 18 yoshli Takefuse Kubo «Real Madrid» asosiy tarkibi bilan shug‘ullanyapti... Bizda ham shu tizimni takomillashtirish mumkinmi?
- Albatta, mumkin. Lekin bizda «Real Madrid» darajasidagi o‘yinchi kam. Takliflar bo‘ladi, lekin klublar futbolchini qo‘yib yuborishmaydi.

- Hozirda Superligamizda ko‘plab yosh murabbiylar ishlashyapti. Ulug‘bek Baqoyev, Ilhom Mo‘minjonov, Baxtiyor Ashurmatov... Ularning faoliyatini qanday baholaysiz?
- Mo‘minjonov diskvalifikatsiyada. Menga Baqoyevning boshqarish uslubi yoqadi. U dastavval yakkakurashlar bilan shug‘ullangan, shuning uchun kurashishni yaxshi ko‘radi, yengilishni istamaydi, xarakteri bor murabbiylar sirasiga kiradi. Ulug‘bek hali yana o‘sadi. Shuningdek, Temur Kapadzedan ham ajoyib murabbiy chiqadi, milliy terma jamoada ishlagan payti salohiyati ko‘rindi. Unda falsafa va taktika uyg‘unlashgan.

- O‘FAning yangi rahbarlari faxriylarga e’tiborni kuchaytirish maqsadida assotsiatsiya qoshidagi kengashni qayta tashkil etishga qaror qilishdi. Ushbu voqeaga munosabatingiz qanday?
- Xursandman, quvonarli holat sifatida qabul qildim. Biz ham ustozlarimiz, kattalardan o‘rganganmiz. Faxriylardan ham o‘rnak olish, maslahatlarini tinglab turish zarar qilmaydi. Va nihoyat, futbolimiz tepasiga futbol ichidagi, sportning ushbu turini yaxshi tushunadigan insonlarning kelishi xalqda ishonchni uyg‘otdi.

- O‘tgan yili «Andi-jon»da ishladingiz, keyin esa ko‘rinmay qoldingiz.
- Uzoq tanaffusdan ke-yin jamoani kuchlilar safiga qaytardik. Hozir oilam davrasida hordiq chiqaryapman.

Abdulaziz ISKANDAROV suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ahmad Ubaydullayev: "OFK mundialga chiqishimizni xohlamagandi" (intervyu)