Murabbiylikning achchiq qismati

  • 04 avgust 2019, 20:12
  • 676
  • Sport
  • Murabbiylikning achchiq qismati
    Superliganing ikkinchi davrasi kutilmagan voqealar va natijalar bilan boshlandi. Hammadan ko‘ra eng ajablanarlisi Baxtiyor Ashurmatovning navbatdagi iste’fosi bo‘ldi. Vaholanki, u 27 iyun kuni rasman «Surxon» jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlangandi. 29 iyul kuni esa yana «Surxon» matbuot xizmati rasman xabar tarqatdi va bu safar Ashurmatovning iste’fosini e’lon qildi. Hisoblab chiqsak, Baxtiyor A’zamovich «Surxon»da bor yo‘g‘i 32 kun ishladi xolos.

    Ashurmatovning Termizdagi qisqa faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Surxon»da ish boshlagan paytda jamoa turnir jadvalida 3-o‘rinda edi. U birinchi davraning so‘nggi – 13-turida Qarshida «Nasaf» jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan bahsda rasman bosh murabbiy sifatida ishladi. Afsuski, o‘sha uchrashuvda termizliklar «Nasaf»ga imkoniyatni boy berishdi.

    Shundan keyin «Surxon»ning navbatdagi uchrashuvi O‘zbekiston Liga Kubogi bahsiga to‘g‘ri keldi. Termizda «Sho‘rtan» jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tgan o‘yinda «Surxon» kutilmaganda pro-liga vakiliga 1:5 hisobida mag‘lubiyatga uchradi (o‘sha uchrashuvda "Surxon"ning yetakchi futbolchilariga dam berilgan).

    Ikkinchi davraning dastlabki turida esa «Surxon» o‘z maydonida «Nasaf»ni qabul qildi. Afsuski, bu safar ham termizliklar yana mag‘lubiyatga uchrashdi. Aytish mumkinki, joriy mavsumda «Surxon» o‘z maydonidagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Mazkur muvaffaqiyatsiz natijadan keyin esa 29 iyul kuni Baxtiyor Ashurmatovning iste’foga chiqarilganligi ma’lum bo‘ldi.

    Endi ushbu vaziyatga chuqqurroq yondashib ko‘rsak maqsadga muvofiq bo‘lardi. Aslida Ashurmatovni «Surxon»ga nima maqsadda olib kelishdi? Vaholanki, u kelgan paytda «Surxon» yuqorida ta’kidlaganimizdek, turnir jadvalida 3-o‘rinda edi. Ashurmatov ish boshlashidan oldin esa termizliklar o‘z uyida «Bunyodkor»ni mag‘lubiyatga ham uchratishgandi. Natijada ular 3-o‘ringa chiqib olishgandi. Shunga qaramay, rahbariyat o‘sha paytdagi bosh murabbiy Andrey Miklyayevning o‘rniga Baxtiyor Ashurmatovni tayinlashdi. Aslida esa mana shu o‘zgarishdan biror mantiqni ko‘rmagandik.

    Agar «Surxon»ning ishlari chappasiga ketib, jamoa mag‘lubiyatlar girdobiga tushib, turnir jadvalida oxirgi o‘rinlarda bo‘lsa ham bosh murabbiy o‘zgarishini to‘g‘ri tushunardik. Lekin jamoa kuchli uchlikka kirib olgandi. Jamoa o‘z o‘yini va yo‘lini topib olgan bir mahalda bosh murabbiyni almashtirish qanchalik zarur edi? Xo‘sh, murabbiy almashdi va oqibatda nima bo‘ldi? Demak, jamoaning bunday ahvolga tushib qolishiga birgina murabbiy sababchi emas. Avvalo klub rahbarlaridan bu savolga javob izlash lozim.

    Ikkinchi tomondan Ashurmatovning «Surxon» jamoasida 32 kundayoq o‘z ishidan ayrilishi albatta achinarli. Murabbiyga klub rahbarlari ishonch bildirishgandi. Shunga yarasha unga yetarlicha imkoniyat ham havola etilishi kerak edi. Axir o‘zlari vaziyat yaxshi bo‘lib turgan paytda bosh murabbiyni almashtirishdimi, demak unga oxirigacha imkoniyat berilishi lozim edi. To‘g‘ri, aksiga olib Ashurmatov boshchiligida «Surxon» uchta o‘yinda ishtirok etib barchasida yutqazdi (shundan ikkitasi Superliga va bittasi Liga Kubogida).

    Lekin ikkinchi davra musobaqasi endi boshlangandi. Qolaversa, Baxtiyor A’zamovich rahbariyatning gaplariga ishonib, yozgi yig‘inni astoydil olib bordi. Tarkibda ham jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urgandi. Bir qator legionerlarni jalb etdi. Ko‘rinib turgandiki, murabbiy «Surxon»ni yanada kuchaytirishni maqsad qilgandi. Qolaversa, uning ham klubda ish boshlagach, bergan intervyularida jamoasi kuchli uchlikka kirish uchun kurash olib borishini alohida ta’kidlagandi.

    Uning o‘zi ham «Surxon»dagi faoliyati bu qadar qisqa va yoqimsiz tarzda kechishini hayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. Qolaversa, Baxtiyor Ashurmatov murabbiylik faoliyatida birinchi bor bunday holatga duch keldi. Ochig‘i, biror-bir murabbiy yangi jamoada ish boshlagach, uning u yerdagi faoliyati salkam bir oy davom etishi bu har qanday mutaxassis uchun og‘ir botadi, shu jumladan Ashurmatov uchun ham. Hozirgi paytda uni oqlash yoki qoralamoqchi emasmiz.

    Lekin har qanday murabbiyga ham yetarlicha imkoniyat yaratib berilishi shart. Axir bir oy bo‘lib-bo‘lmay murabbiylar almashtirilaversa, bu qanday jamoa bo‘ladi? Yana o‘sha gap: aslida hammasiga «Surxon» rahbariyati sababchi. Ularning o‘zlari vaziyat shunday bo‘lishiga yo‘l ochib berdilar. Yoki bo‘lmasa, Miklyayevni ishdan bo‘shatmasliklari kerak edi. Hayronmiz, bunday o‘zgarishdan ko‘zlangan maqsad nima edi? Natijada hozirgi holatda klubning o‘zi ham, murabbiy ham jabr ko‘rdi. Bu yoqda esa muxlislar e’tirozlarini bildirishyapti. Qaysi murabbiy bir oy ichida natija qila oladi? Hech kim!

    Shunday ekan, Ashurmatovni olib kelishdimi, demak, unga natija qanday bo‘lishidan qat’iy nazar oxirigacha imkoniyat berishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bir jamoada tinmay murabbiy almashaverar ekan, bu klubning zarariga ishlashi mumkin. Chunki istalgan mutaxassis ish boshlagach, u o‘zining o‘yin uslubini yo‘lga qo‘yishni boshlaydi. Futbolchilar esa bir zumdayoq murabbiyning o‘ylagan reja va tushunchalarini o‘zlashtira olmaydilar. Buning uchun ham vaqt kerak bo‘ladi. Murabbiylarni qo‘lqopdek almashtiraverishdan esa futbolchilar ham jabr ko‘rishlari mumkin.

    Chunki ular endi bir murabbiyga moslashayotgan paytda, darhol ishdan olinib boshqasi kelsa, yana unga moslashishlariga to‘g‘ri keladi va bu ham ma’lum vaqtni talab qiladi. Qarabsizki, bu paytda vaqt qanday o‘tib ketganini sezmay ham qolasiz. Qolaversa, Ashurmatovning o‘zi ham imkoni qadar natija keltirish harakatida edi hamda vaziyatni yaxshi anglab turgandi.

    Biroq uchta mag‘lubiyatdan keyin darhol iste’foga chiqarilishi murabbiy uchun ham ruhiy tomondan og‘ir zarba bo‘ldi. O‘zi shundoq ham ushbu mavsumni «Buxoro» klubida boshlab 8-turdan keyin ishdan bo‘shagandi. Uning o‘zi esa iloji boricha biror jamoada ish boshlasa ko‘proq muddatga faoliyat olib borish niyati borligini aytib kelayotgandi. Masalan, o‘tgan yili AGMKda ham yarim mavsum ishlagandi xolos. Ammo o‘shanda u klubi bilan O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritib tarixdan joy olgandi.

    Shundan so‘ng unga bo‘lgan e’tibor ancha oshgandi. Keyin esa «Buxoro»da ish boshlagandi. Ammo u yerda turli qiyinchiliklarga duch keldi. Shundan so‘ng «Surxon»dan tushgan taklifdan so‘ng bu yerga yana katta umid va maqsadlar bilan kelganini yashirmagandi. Lekin bu safar bor yo‘g‘i bir oygina ishlagani hammasidan oshib tushdi.

    P.S. Tez orada Baxtiyor Ashurmatov bilan klubdan ketishining sabablariga bag‘ishlangan suhbatni o‘qishingiz mumkin.

    Shuhratbek Jo‘rayev

    Manba: Sports.uz

    » » Murabbiylikning achchiq qismati