09:00 / 13.08.2019
2 497

Joshua va Ruis o‘rtasidagi revansh jang Saudiya Arabistonida o‘tkaziladi

Joshua va Ruis o‘rtasidagi revansh jang Saudiya Arabistonida o‘tkaziladi
Britaniyalik bokschi Entoni Joshuaning promouteri Eddi Xirn o‘ta og‘ir vazn toifasida Joshua va amerikalik-meksikalik jahon chempioni Endi Ruis o‘rtasidagi revansh jang Saudiya Arabistonida o‘tkazilishiga izoh berdi va bu voqea boksni batamom o‘zgartirib yuborishi mumkinligini aytdi.

Xirnning matbuot anjumanda ma’lum qilishicha, jang 7 dekabrda Saudiya Arabistoni poytaxti yaqinidagi Ad-Diriya stadionida ochiq osmon ostida o‘tkaziladi.

“Yengilmas” Joshua Ruis bilan 1 iyunda Medison Skver Gardenda bo‘lib o‘tgan jangda IBF, WBA va WBO chempionlik kamarlarini raqibiga boy bergandi.

“Bizda Saudiya Arabistoni, Dubay, Qatar, Abu-Dabidan takliflar bo‘ldi”, deb qo‘shimcha qilgan Xirn.

“Biz Kardiff va Medison Skver Gardendan tashqarida ham boshqa dunyo borligini anglashimiz va boksni yangi hududlarda rivojlantirishimiz lozim. Qarang, bu davlatda jahon miqyosidagi qancha voqealar bo‘lib o‘tmoqda, ularda boks sportiga o‘z qarashlari va ishonchlari bor”, deb aytgan Xirn.

“Bu voqea boksni batamom o‘zgartirib yuborishi mumkin. Agar Saudiya Arabistoni bunday janglarga mablag‘ tiksa, ularda sportni rivojlantirish uchun mavjud salohiyat bilan siz boksda katta o‘zgarishlar yuz berishini ko‘rishingiz mumkin”, deb ta’kidlab o‘tgan promouter.

Shuningdek, u Saudiya Arabistoni tomonidan oxirgi yillarda tashkil etilgan xalqaro sport tadbirlarini sanab o‘tgan. Ular orasida Formula Ye poygalari, European Tour golf, Italiya Superkubogi, boks va kurash WWE (restling) bor.

Yaqinda Saudiya Arabistoni 2020 yilda mukofot jamg‘armasi 20 mln dollarlik dunyodagi eng katta ko‘lamli ot poygalari o‘tkazishini e’lon qilgandi.

“Bu boks uchun katta voqea, muhim ondir. Men sizga butun dunyo bu kurash ortidan katta qiziqish bilan kuzatishiga kafolat beraman”, deb aytgan Xirn.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Joshua va Ruis o‘rtasidagi revansh jang Saudiya Arabistonida o‘tkaziladi