14:17 / 23.08.2019
2 299

O‘zbekiston kubogi. "Nasaf" Namanganda "Navbahor"ni mag‘lubiyatga uchratdi (video)

O‘zbekiston kubogi. "Nasaf" Namanganda "Navbahor"ni mag‘lubiyatga uchratdi (video)
Coca-Cola O‘zbekiston kubogi chorak final bosqichida Namanganning “Navbahor” jamoasi o‘z maydonida Qarshining “Nasaf” klubini qabul qildi.
Uchrashuv dastlabki daqiqalardanoq keskin kurashlar ostida boshlandi. Birinchi bo‘lim boshidanoq har ikki jamoa vakillari tashabbusni qo‘lga olish uchun astoydil harakat qilishdi.

10-daqiqada mehmonlar standart vaziyatga ega bo‘lishdi. Bu vaziyatda qarshiliklarning 14-raqamli futbolchisi Sharof Muhitdinovning jarimadan yo‘llagan zarbasi daroza ustuni yonginasidan o‘tib ketdi. Shundan so‘ng “Navbahor” jamoasi vakillari tashabbusni qo‘lga olish uchun hujumkor o‘yin namoyish eta boshlashdi. Tashkil etilayotgan hujumlarning birida mezbonlar futbolchisi Azizbek Turg‘unboyevning bosh bilan yo‘llagan zarbasi darvoza ustuniga tegib maydonga qaytdi.

Uchrashuvning 18-daqiqasida “Nasaf” jamoasi vakillari burchak to‘pi tepish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Burchakdan yetkazib berilgan to‘pni Humoyun Murtozayev boshi bilan darvozaga yo‘lladi, biroq uning zarbasiga aniqlik yetishmadi. Oradan bir oz vaqt o‘tib, aniqrog‘i 24-daqiqada mehmonlar Azizbek Turg‘unboyevga nisbatan o‘yin qoidasini buzishdi.

Jarima to‘pini "Navbahor"ning tajribali himoyachisi Jahongir Mehmonov amalga oshirdi, to‘p "jonli devor"ga tegib qaytdi.

30-daqiqada "Navbahor" legioneri Aleksandr Kasyan mehmonlar jarima maydoni ichida yiqilib tushdi, uchrashuv bosh hakami bu vaziyatda penalti belgilash uchun yetarlicha asos yo‘q deb hisobladi va o‘yinni davom ettirish lozimligini ko‘rsatdi.

37-daqiqaga kelib uchrashuvda hisob ochildi. Ketma-ket tashkil etilayotgan hujumlar natijasida mehmonlar "Navbahor" darvozasini ishg‘ol qilishdi. Bu vaziyatda Bobur Abdixoliqov tomonidan yetkazib berilgan to‘pni tinib-tinchimas Humoyun Murtozayev aniq zarba bilan hisobni ochdi - 0:1. O‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng "Navbahor" jamoasi vakillari hisobni tenglashtirish uchun hujumkorlikni oshirdilar. 43-daqiqada yuzaga kelgan imkoniyatdan mezbonlarning 10-raqamli futbolchisi Azizbek Turg‘unboyev foydalana olmadi, uning zarbasiga bir oz aniqlik yetishmadi.

Birinchi bo‘lim 1:0 hisobida "Nasaf" jamoasining g‘alabasi bilan yakunlandi.

Ikkinchi bo‘lim mezbonlarning hujumkor o‘yinlari bilan boshlandi. "Navbahor" futbolchilari tomonidan tashkil etilgan hujumlarni himoyadagi tartibli o‘yin bilan qaytara olgan "Nasaf" vakillari qarshi hujumda ikkinchi golni kiritishlari mumkin edi. Bu vaziyatda 48-daqiqada darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib borgan Humoyun Murtozayev to‘pni darvozaga yo‘llay olmadi, "Navbahor" posboni O‘tkir Yusupov to‘pni egallab olib, vaziyatni bartaraf etdi.

O‘yinda hisobni tenglashtirish uchun hujumkorlikni oshirgan mezbonlar 50 va 53-daqiqalarda mehmonlar darvozasini ishg‘ol etish uchun qulay imkoniyatlarga ega bo‘ldilar. Ushbu vaziyatlarda "Navbahor" legionerlari Ivan Solovev va Aleksandr Kasyanlarning "Nasaf" darvozasi tomon yo‘llagan zarbalariga aniqlik yetishmadi.

59-daqiqada maydon egalarida hisobni tenglashtirish uchun yana bir imkoniyat yuzaga keldi. Zahiradan o‘yinga qo‘shilgan Abdulhay Ismoilovning bosh bilan yo‘llagan zarbasini qarshiliklar posboni Abduvohid Ne’matov egallab oldi.

Ikkinchi bo‘lim so‘ngiga qadar hisobni tenglashtirish uchun ketma-ket hujumlar tashkil etgan maydon egalariga shu kuni "Nasaf" darvozasiga to‘p kiritish nasib yetmadi. Yaratilgan hujumlar yakunida gohida zarbalarga aniqlik yetishmagan bo‘lsa, ba’zi vaziyatlarda "Nasaf" posboni Abduvohid Ne’matov mahorat ko‘rsatib, zarbalarni qaytarib qoldi.

Uchrashuv shu tariqa qarshiliklarning kichik 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.

Shu o‘rinda aytish mumkinki, uchrashuvni stadiondan yoritib borish uchun Namangandagi "Markaziy" o‘yingohga borgan SA muxbiri butun uchrashuv davomida matbuot xodimlari uchun ajratilgan joyda o‘rindiq topilmaganligi bois o‘yinni tik turgan xolda sharhlab bordi. Shu kuni Namangan shahridagi "Markaziy" o‘yingohning matbuot xodimlari uchun ajratilgan qismida yuzaga kelgan shovqin-suron va xayqiriqlar ostida o‘yinni yoritib borish imkoniyati juda past edi. O‘ylaymizki, kelgusida stadion rahbariyati matbuot xodimlari uchun ajratilgan joyda faqat matbuot xodimlari bo‘lishini ta’minlaydilar.

Coca-Cola O‘zbekiston kubogi / chorak final
«NAVBAHOR» - «NASAF» 0:1
Gol:
Humoyun Murtozayev 37, - 0:1.

"Navbahor": 1. O‘tkir Yusupov, 7. Azimjon Ahmedov (70. Abbosjon G‘ulomov, 80), 9. Ivan Solovyov, 10. Azizbek Turg‘unboyev, 11. Aleksandr Kasyan, 15.Obid Jo‘raboyev, 19. Mirzohid G‘ofurov, 22. Igor Golban (s), 32. Jahongir Mehmonov (16. Abdulhay Ismoilov, 57), 66.Ilhomjon Alijonov, 99.Amirbek Jo‘raboyev.
Zaxira: 23. Dilshod Hamroyev, 4. Aziz Ibragimov, 8. Shahzod Shaymanov, 55. G‘iyosjon Komilov, 77. Ayubxon Nomanov, 91. Sherzod Hakimov, 95. Nodir Mavlonov.

"Nasaf": 35. Abduvohid Ne’matov, 5.G‘olib G‘aybullayev, 6. Azizjon G‘aniyev, 8.Dilshod Saitov (4.Husniddin Aliqulov, 90+4), 9.Humoyun Murtazoyev, 10.Bobur Abduxoliqov, 14.Sharof Muhitdinov, 17.Doniyorjon Narzullayev (20.Islom Kenjaboyev, 79), 19.Sardor Abduraimov (22.Akmal Mozgovoy, 84), 28.Xurshidbek Muxtorov, 92. Umarbek Eshmurodov (s).
Zaxira: 21.Mashhurjon Muhammadjonov, 65.Azamat Soyibov, 2.Sardor Sa’dullayev, 15.Jo‘rabek Mannonov, 30.Xudoyorjon Sagdullayev, 34. Sherzod Nasrullayev.
Ogohlantirishlar: Aleksandr Kasyan 20, Mirzohid G‘ofurov 72, Xurshidbek Muxtorov 72, Abduvohid Ne’matov 90.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston kubogi. "Nasaf" Namanganda "Navbahor"ni mag‘lubiyatga uchratdi (video)