19:13 / 10.09.2019
3 639

Sarguzashtlar oxirlab qoldi...

Sarguzashtlar oxirlab qoldi...
2018 yilning 2 avgust sanasida Ektor Kuperning O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lgani rasman e’lon qilingandi.
Rasman: Ektor Kuper O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi!

O‘shanda ko‘pchilik Kuperga katta umid bildirgandi. Uning super bo‘lishiga ishongandi. Ammo, uning terma jamoa rulidagi birinchi yig‘inidan so‘ng umidlarimiz puch bo‘lib chiqishi mumkinligi haqida o‘ylar paydo bo‘la boshladi. O‘sha paytda saytimizda chop etilgan ayrim maqolalar ostida jurnalistlarimiz sha’niga nimalar yozilmadi. Hamma Kuperni zo‘r deyaverdi. Osiyo kubogi-2019da ham shu holat davom etdi. Uning uslubi o‘zbek futboliga begona ekanligi haqida Shahboz Beg‘amov maqola yozgandi musobaqadan chiqib ketganimizdan so‘ng. O‘shanda ham ko‘pchilik Avstraliyadan gol o‘tkazib yubormaganimizga uchib mutaxassisni olqishlashda davom etdi.

Vaholanki, bu shaxsan o‘zim ko‘rgan eng kuchsiz Avstraliya edi. Avlodlar almashinuvi juda yomon kechayotgan jamoaga gol urolmaganimizdan xafa bo‘lishimiz kerak edi, aslida. BAA nima qildi keyingi bosqichda ularni. Amirliklar golni Degenekning qo‘pol xatosidan urishdi deyishingiz mumkin, ammo "yashil qit’a"liklar gol urish uchun tayinli vaziyatlar yarata olishmadi o‘sha kuni. bu ularning o‘sha paytdagi asl kuchi edi. Biz o‘sha jamoani yengishimiz kerak edi.

Kuperning o‘z uslubi bor, ammo o‘sha uslub bizning futbolga umuman begona. Bizning futbolchilar har doim texnik kuchli bo‘lgan, to‘p bilan yaxshi o‘ynashadi, hujumkor futbol bizning asosiy qurol. Mamlakatimizning yetakchi jamoalari ham aynan hujumkor va to‘p nazoratiga asoslangan futbol o‘ynashadi. "Paxtakor", "Nasaf", "Bunyodkor" kabi jamoalarimiz yuqoridagi uslubdan foydalanishadi. "Lokomotiv" esa yaqin-yaqindan boshqacha uslubga o‘tdi.

Kuper shu vaqt davomida rotatsiyalarga juda kam qo‘l urdi. Sherzod A’zamov birinchi ikkita yig‘inda ham boshidanoq jarohat olib klubiga qaytib ketdi. Bilmadim, keyin murabbiy uni qaytib chaqirmadi. Nega? Oxirgi ikki mavsumda Superligamizning eng stabil markaziy himoyachilaridan birini shunchaki chaqirmay qo‘ydi. Koreyadagi K2 ligada yakka peshqadam bo‘lib turgan "Kvandju"ning almashtirib bo‘lmas asosiy tarkib o‘yinchisi bo‘lib ulgurgan Rustam Ashurmatov boshidanoq shunchaki "ignor" qilindi. Nega? Murabbiydan bu borada bir emas ikki marotaba aniq-tiniq qilib izoh so‘radim. Argentinalik shunchaki deb qutuldi.

Markaziy himoyaga Anzur Ismoilov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Egor Krimets va Doston Tursunovlarni ushlab oldi va oxirigacha faqat ularni chaqirdi. Qolganlarchi? Ashurmatov mamlakatimizda to‘pni himoyadan olib chiqishda eng yaxshi markaziy himoyachilardan biri. Unda birinchi paslar aniqligi yuqori. To‘p nazoratini xush ko‘radigan va hujumkor futbolni ma’qul ko‘radigan murabbiy uchun Rustam ajoyib himoyachi bo‘la oladi. Ammo, Kuperning himoyaga asoslangan o‘yinida unga joy topilmadi. Unda baland bo‘yli, baquvvat va kelganini qaytarib turadigan himoyachi kerak.

Kuper qilgan eng yaxshi ish terma jamoada Eldor Shomurodovni qanotdan markaziy hujumga o‘tkazdi. mana shu qarori uchun unga rahmat. Lekin, Eldorni u "ochmadi". Shomurodovning "yarqirashi" Karpin nomi bilan bog‘liq.

Janob Ektorning yana bir yomon odati deyarli hech qachon qarorlarini izohlamadi, savollarga ham olib qochib javob berib yurdi. Esimda, OK-2019dan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida yoshi katta jurnalistlardan biri Osiyo kubogidagi o‘yinlarimizni qachon OAVga izohlab, tahlil qilib berasiz deb so‘ragandi. O‘shanda u tayinli javob bermagan. Go‘yoki, tahlil qilish uchun yillar ketishi mumkinligini aytib bir kinoni 6-7 martalab ko‘rishi mumkinligini, har ko‘rganda yangi nimanidir olishini aytgandek bo‘lgandi. Germaniya terma jamoasi JCh-2018da sharmanda bo‘ldi. Ko‘pchilikda Lyovning ketadigan payti keldiyov degan fikrlar paydo bo‘ldi.

Ammo, Yoaxim mamlakatdagi barcha OAV vakillari qarshisida yuzma-yuz to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda matbuot anjumanida ishtirok etdi. Adashmasam 3 soatdan ham ko‘proq davom etgan o‘sha anjumanda nemislar ustozi kimlarni nega olgani va olmagani, nima qilmoqchi bo‘lgani-yu, nimalar o‘xshamagani haqida to‘liq izoh bergandi. Ketidan bu vaziyatdan chiqib ketish uchun kelajakda nima qilmoqchiligini ham batafsil tushuntirib bergandi. Mana murabbiy, mana o‘z ishiga professionallik va boshqalarni hurmat qilish.

Shu o‘rinda o‘zimizning futboldan misol keltiraman. 28 avgustda Superliga 18-turi doirasida "Andijon" jamoasi "Paxtakor" mehmoni bo‘ldi va 1:5 hisobida imkoniyatni boy berdi. O‘yindan keyin andijonliklar ustozi Aleksandr Xomyakovga savol berganimda u savolimga kutganimdan ham to‘liqroq javob berdi. O‘yinni qanday boshlagani, nimani maqsad qilgani, nima o‘xshamagani, xullas beshta gol yegan jamoa murabbiyi professionallarcha o‘yinda ro‘y bergan voqealarga izohladi. O‘sha kuni Xomyakovga bo‘lgan hurmatim juda ham oshdi.

Kuperning o‘z ishiga bo‘lgan munosabatida shubha paydo bo‘ldi. Bir necha kun oldin Falastinga imkoniyatni boy berdik. Hamma uchun birdek alamli mag‘lubiyat bo‘ldi. Biz Falastindan turib imkon qadar terma jamoamizning yurish-turishini jonli yoritib borishga harakat qildik. O‘yindan bir kun oldin terma jamoamizning bir kuni degan sahifa ochib kun davomidagi barcha voqealarni jonli yoritib bordik. Menimcha, o‘sha g‘oya ko‘pchilik o‘quvchilarga manzur bo‘ldi. O‘sha bir kun oldingi sahifada falastinliklarning gaplarini ham berib turdik.

Mahalliy jurnalistlar Oday Dabbah degan hujumchi va jamoa sardori Abdullatif Al Bahdari asosiy kuch ekanligini va jamoa o‘yini aynan shu o‘yinchiga bog‘liqligini aytishgandi. Yakunda ham shunday bo‘lib chiqdi. Dabbah gol urgan bo‘lsa, Bahdari Shomurodovga o‘yin davomida imkon bermadi. O‘yinoldi rasmiy mashg‘ulotga borganimizda falastinliklar bosh murabbiyi Nuriddin Ould Ali bilan suhbatlashdik. U terma jamoamizning har bir futbolchisi haqida ma’lumotlarni aytdi. Hatto, ertasi kuni qaydnomaga ham kirmagan Oston O‘runov haqida ham bilishini, uning "Navbahor"dagi o‘yinlarini ham ko‘rganini aytganida ochig‘i hayron qoldim.

Qoyil, raqibni juda yaxshi o‘rganibdi. Bizning murabbiylar ham raqiblarni shunday o‘rganishdimi? Biror marta terma jamoa murabbiylaridan kimdir raqiblarimiz o‘yinini stadiondan ko‘rib kelganini eslay olmayman. Raqiblar o‘yini uyoqda tursin, ichki chempionat va kubok o‘yinlarini ham to‘liq kuzatishmadi. Qanday qilib Kuper bilan shartnoma tuzayotganda uning yozda avvaliga Afrika Millatlar kubogida ekspert bo‘lib ishlashi, ketidan esa ta’tilga chiqib ketishiga rozi bo‘linganiga hozir ham tushunolmayman.

Qanday qilib bunga yo‘l qo‘yish mumkin. O‘sha o‘tgan deyarli ikki oyda murabbiylar Superliga, O‘zbekiston kubogi va Liga kubogi doirasidagi o‘nlab uchrashuvlarni o‘tkazib yuborishdi. Falastinga ketish oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida murabbiyga juda ko‘p o‘yinlarni o‘tkazib yuborib qanday qilib tarkib tanlagani so‘ragandim. Uning javobini to‘liq keltiraman:

- Bu haqiqat. Ba’zi o‘yinlarni o‘tkazib yubordim. Yaxshi savol. Ammo ta’til bo‘lmaganida ham yomon bo‘lishi mumkin edi. Asosan Liga kubogini o‘tkazib yubordim. 3 avgust kuni O‘zbekistonga yetib kelganman. O‘FAda bitta murabbiy ishlamaydi, olimpiya terma jamoasi ustozlari bor masalan. Masalan Azizbek Haydarovning o‘zi ham kuzatadi. Yangi Messi paydo bo‘ldi deyishi mumkin. Men baholayman, ammo boshqa murabbiylar tavsiya qilishlari mumkin. Bu narsaning Falastinga qarshi o‘yinga hech qanday ta’siri yo‘q. Buni oldindan baholaganmiz. Eng maqbul oyda ta’tilga chiqdim.

Xulosa o‘zingizdan.

Falastin bilan o‘yinda biz raqibga nisbatan tayyorlanmadik. Shunchaki, o‘sha eski uslubda to‘p tepdik. Sun’iy maydonda to‘p tepishga ko‘nikmagan futbolchilarni kerakli taktikada o‘ynata olish kerak edi. Gol o‘tkazib yuborgach nima qilishni bilmay qoldik. Qanday qilib murabbiyda birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborishga nisbatan tayyor taktika bo‘lmasa. Bir safar Odil Ahmedovni "Extra Time"ga taklif qilgandim. O‘shanda sardorimiz "Shanxay SIPG"da doimo kamida uchta taktika bo‘lishini, ya’ni jamoa o‘yinni doimo bitta sxemada boshlashi, birinchi bo‘lib gol ursa ikkinchi sxemaga o‘tishi, mabodo birinchi gol o‘tkazib yuborgan taqdirda uchinchi taktikaga o‘tishlarini aytgandi. Nega bizda bu narsa bo‘lmasligi kerak?

Kuper o‘zbek futboliga to‘g‘ri kelmaydigan uslubini qo‘llashdan to‘xtamadi va mana terma jamoamiz Falastindan ham yengilib yuribdi. Terma jamoamiz o‘yinida mazmun yo‘qolib qolganiga ancha bo‘lgan. Rasmiy o‘yinlarda Osiyo kubogida Turkmanistonga qarshi kechgan bahsdan boshqa birorta o‘yinda biz raqibdan mutlaqo ustunlik qilib hujumkor, tajovuzkor jamoa bo‘lganimizni eslay olmayman. Shu o‘rinda, men kecha va bugun bor, lekin ertaga bo‘lishi noma’lum Kuperni emas har doim biz bilan bo‘ladigan futbolchilarimizni oqlayman. Bu holatda ularga aybni ag‘darib tashlash to‘g‘ri emas.

Chunki, futbolchilar murabbiyning ko‘rsatmalarini maydonda bajaradigan askarlar xolos. Murabbiy himoyadan o‘ynashni, to‘psiz harakatlanishni, hujumga o‘tganda qanot himoyachilaridan biri hujumga umuman qo‘shilmasligini va orqada qolishini talab qilmoqdami, demak ular shunday qilishadi. Garchi, bunga ko‘nikmagan bo‘lsalarda. Futbolchilarimiz haqida turli ahmoqona gaplarni tarqatib yurganlarga ham o‘zi insof bersin. Siz bo‘ralab so‘kayotgan, turli xunuk laqablar qo‘yib yomonlab yotgan yigitlar ham o‘zbek oilasining farzandi, hammasi musulmon. Ular ham kimningdir farzandi, jigari. Ularning yoki oila a’zolarining o‘rniga o‘zingizni bir qo‘yib ko‘ringchi...

O‘zbek futboli uchun juda va juda katta ishlarni qilgan Odil Ahmedov hech kim bo‘lmay qoldi birgina o‘yin bilan, kechagina og‘iz ko‘pirtirib maqtalayotgan Shomurodovga nimalar yozib tashlanmadi. Hamma narsada ham sal chegara bo‘lishi kerak. Muxlis bo‘lgandan keyin mag‘ulbiyatdan keyin junbushga kelishi aniq. Lekin, bu futbolchilarni istagancha haqorat qilish mumkin degani emas. Siz o‘sha o‘yinchilarni yuzma-yuz kelib qolganda ham so‘ka olasizmi? Bir marta mashg‘ulotlarga kelib ularning qanday shug‘ullanishini ko‘ring, balki futbolchilarga bo‘lgan munosabatingiz o‘zgarar.

Kuperning O‘zbekistondagi sarguzashtlari oxirlab qolgandek... Yangi sarguzashtlar oldidan qanday yo‘l biz uchun ma’qul ekanligi haqida keyingi maqolamda to‘xtalishni ma’qul ko‘rdim. Ikki xil mavzuni chalkashtirib yuborishni xohlamadim.

Tolibjon Qosimov

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sarguzashtlar oxirlab qoldi...