23:34 / 10.09.2019
3 063

Vadim Abramov: "Terma jamoaga qaytishim borasidagi gap-so‘zlarni eshitish quloqqa yoqadi"

Vadim Abramov: "Terma jamoaga qaytishim borasidagi gap-so‘zlarni eshitish quloqqa yoqadi"
Ma’lumki, O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichining ilk turini kutilmaganda Falastinda mag‘lubiyat bilan boshlaganidan so‘ng darhol argentinalik Ektor Kuper keskin tanqid ostiga olindi. Natija uchun javobgar hisoblangan bosh murabbiyning ishi hech kimni qoniqtirmayotgani sababli Falastinga qarshi uchrashuvdan keyin muxlislar o‘rtasida Kuperning iste’fosi borasida so‘rovnomalar o‘tkazildi va unda ko‘pchilik ishqibozlar argentinalik mutaxassisning o‘rnida «Bunyodkor»ni boshqarayotgan Vadim Abramovni ko‘rishni xohlashayotganini bildirishgan.

- Vadim Karlenovich, tabiiyki terma jamoamizning mag‘lubiyati barchamiz uchun og‘riqli zarba bo‘ldi. Falastinga qarshi kechgan uchrashuv haqida nima deya olasiz?
- O‘yin haqida nima ham deyishim mumkin? Falastinga qarshi bellashuvni butun O‘zbekiston kuzatdi. Albatta, mag‘lubiyat hammamiz uchun og‘riqli zarba bo‘ldi. Raqib bizdan ko‘ra yaxshiroq to‘p surgani uchun g‘alaba qozondi. Bunga yana nimani qo‘shimcha qilish mumkin?

- Afsuski, biz kamtarona Falastin terma jamoasiga yutqazib qo‘ydik. Bu muvaffaqiyatsizlik O‘zbekiston terma jamoasining maqomiga salbiy ta’sir ko‘rsatadimi? Axir Falastin top-maqomdagi terma sanalmaydi…
- Shak-shubhasiz gapingiz juda o‘rinli. Falastindan olingan mag‘lubiyat terma jamoamizning obro‘yiga aks ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Qolaversa, O‘zbekiston FIFA reytingida Falastindan ancha yuqori o‘rinda turadi. Bundan tashqari, tarkibdagi futbolchilar hamda terma jamoada ishlayotgan murabbiylar malakasi va saviyasi borasida ham o‘rtada katta tafovut mavjud. Milliy terma jamoani millat «yuzi» sifatida bejiz tilga olmaydilar. Axir har qanday futbolchi vatan sha’nini xalqaro maydonlarda himoya qilishni orzu qiladi.

Albatta, terma jamoa tarkibida legionerlar borligi va ularning ko‘pligi o‘yinga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Masalan, janubiy koreyalik futbolchilar ingliz prem’er-ligasida to‘p surishyapti. Afsuski, legionerlarimiz orasida top-ligalarda o‘ynayotganlari uchramaydi. Darhaqiqat, Falastindan olingan mag‘lubiyat juda achinarli bo‘ldi. Bu haqda hali uzoq gapirishadi.

- Ektor Kuperning taktikasi ko‘pchilikka yoqmayotgani sir emas. Nega deganda, bu murabbiy asosiy urg‘uni himoyaviy futbolga qaratadi. Nima deb o‘ylaysiz, u qo‘llayotgan taktika va o‘yin uslubi endi hech narsaga yaramasdan qoldimi?
- Meni kechirasiz, hamkasbimning ish uslubi va taktikalarini tahlil qilib bera olmayman. Har bir murabbiyning futbol borasida o‘z qarashlari bor. Shu bois hamkasbimning ish uslubini izohlash etikaga mutlaqo ziddir. Ektor Kuper ham xuddi men kabi murabbiydir. Uning futbolga oid o‘ziga yarasha qarashlari bor. Men ham o‘z uslubimga ko‘ra ish yuritaman. O‘yin uchun tanlangan taktikaga bosh murabbiy javob berishi kerak. Shunda hammasini tushunib olish mumkin bo‘ladi. Axir men termani boshqarayotgan hamkasbim uchun javob bera olmayman-ku. Shak-shubhasiz, bu juda noto‘g‘ri ish hisoblanadi.

- Falastindan qabul qilingan mag‘lubiyatdan keyin Kuperni iste’foga chiqarib yuborish borasida ovoz berish boshlab yuborildi. Aksariyat ishqibozlar terma jamoani boshqarishga aynan siz munosib ekanligingizni aytishmoqda. Agar amalda ham shunday bo‘lib, sizga termada ishlash taklif qilinsa, bu taklifni qabul qilarmidingiz?
- Albatta, bunday gap-so‘zlarni eshitish quloqqa yoqadi. Ammo meni to‘g‘ri tushuning, ushbu savolingizni javobsiz qoldirishga majburman. Ishqibozlarning meni esga olishlari va unutib yuborishmaganidan xursandman.

- Umuman olganda, terma jamoa rulida sizni ko‘rishmoqchi ekanligi haqidagi gaplardan qanday holatga tushasiz?
- Hozir bunday gaplarni eshitish o‘zimga yoqishini aytdim. Odamlar mehnatingni ijobiy qadrlashar ekan, bundan albatta xursand bo‘lasan. Ammo bunday savollarga javob qaytarish biroz o‘ng‘aysizroq. Shuning uchun meni to‘g‘ri tushunasiz, deb o‘ylayman.

- JCh-2022 saralash bosqichi startidagi mag‘lubiyatdan keyin terma jamoa muxlislari ushbu ikki masala yuzasidan bahs-munozaralarga kirishgan: kimdir futbolchilarimizga vatanparvarlik ruhi yetishmaganligini aytayotgan bo‘lsa, boshqalari hammasi o‘yin uchun noto‘g‘ri taktika tanlanganini ta’kidlayapti. Mazkur masala borasida nima degan bo‘lardingiz?
- Har bir futbolchi va murabbiy terma jamoani xalqaro sahnada namoyon etar ekan, avvalo vatanparvarlik ruhi uni butunlay chulg‘ab oladi. Bunday paytda futbolchi O‘zbekiston uchun o‘zidagi borini berishga kirishadi. Qiziq holat, terma jamoa g‘alaba qozonar ekan, birovning xayoliga vatanparvarlik tushunchasi kelmaydi. Agar mag‘lubiyat qayd etilsa, ko‘pchilik shu haqda bong urishga tushadi. Bu esa masalaga baho berishning eng noto‘g‘ri yo‘lidir.

Terma jamoamiz futbolchilari vatanparvarlik nima ekanligini juda teran his qilgan holda maydonga tushadilar va bunga aslo shubha qilmayman. Shunchaki, o‘yinda kim bunga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Baxtga qarshi saralashning ilk uchrashuvi uchun biznikilardan ko‘ra falastinliklar yaxshiroq hozirlik ko‘rgan ekanlar. Qolaversa, o‘sha Braziliya va Germaniya singari top-terma jamoalarda ham omadsizliklar yetarlicha kuzatilgan. Hech kim o‘shanda brazil yoki nemis futbolchilariga vatanparvarlik ruhi yetishmagani haqida og‘iz ochmagan. Shuningdek, Rossiyada ham og‘ir damlar bo‘lgan. Vatan uchun har qanday inson, jumladan, futbolchi o‘zini fido qilishni istaydi. Shunday ekan, bu mavzuga boshqa to‘xtalish kerak emas, nazarimda.

- Vadim Karlenovich, tasavvur qiling, siz terma jamoa bosh murabbiyisiz. Bunday omadsiz startdan keyin qanday reja tuzgan bo‘lardingiz?
- Juda murakkab savol bilan murojaat qildingiz (kuladi). Agar o‘rnimda boshqa murabbiy bo‘lganida bunday savolga qanday javob qaytarardi? O‘ylaymanki, o‘zini hurmat qiladigan har qanday mutaxassis omadsiz startdan so‘ng keyingi uchrashuvlarda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz, degan javobni berishi tayin. Hozirgi vaziyat juda boshqacha. Saralash bosqichi startini mag‘lubiyat bilan boshlash hech kimning xayoliga kelmagandi. Endi futbolchilarning zimmasidagi mas’uliyat ikki hissa ortdi. Endi guruhdagi asosiy raqib sanaladigan Saudiya Arabistonini ikkala uchrashuvda yutish talab qilinadi. Lekin bu ishni amalga oshirish oson bo‘lmaydi.

- Ko‘pchilik Ektor Kuperning keksa mutaxassis sanab, uning ish uslublari endi hech narsaga yaramasligi haqida ham gapirilyapti. Sizningcha, yoshning ishga ta’siri bo‘ladimi? Qolaversa, o‘zingiz ham 60 yoshga qarab ketyapsiz…
- (Kuladi) Bilasizmi, yoshning bunga hech qanday ta’siri yo‘q. Yoshning o‘tib borishi faqat kundalik hayotingizga qandaydir ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, yuqori qavatga ko‘tarilayotgan paytingizda charchoqni his qila boshlaysiz. Aslida yosh o‘tib borishi bilan kishida tajriba juda ortadi va o‘zining cho‘qqisiga chiqadi. Shunday ekan, keksa mutaxassisning ish uslubi asqotmayapti, degan iddaolar mutlaqo asossiz. Albatta, futbol yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Shuning barobarida murabbiylar ham jarayonlarga ko‘nikmoqdalar. Murabbiy necha yoshda bo‘lishidan qat’i nazar har doim bilimini oshirish payida bo‘ladi. Baxtga qarshi hamma ham buni tushunavermas ekan.

- Futbolda shunday yozilmagan qoida bor: kuchli chempionat – bu kuchli terma jamoa degani. Demak, bizning birinchilik hali ham kuchsiz ekan-da?
- Bu ham bahs-munozaralarga sabab bo‘ladigan mulohazadir. Savolingizga javob qaytarish asnosida bir qancha kuchli chempionatlarni misol keltiraman. Angliya prem’er-ligasi eng kuchli birinchilik sifatida tilga olinadi. Angliya terma jamoasi esa anchadan beri katta g‘alabalarga erisha olmasdan kelyapti. Portugaliya birinchiligini top-ligalar qatoriga qo‘shishmaydi, shunday bo‘lsa ham Portugaliya terma jamoasi Yevropaning amaldagi chempioni bo‘lib turibdi. Yodingizda bo‘lsa, yaqin o‘tmishda Gretsiya terma jamoasi ham qit’ada g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, o‘z vaqtida Chexoslovakiya (Chexiya) Yevropa chempionatida zafar quchgan. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, kuchli birinchilik har doim kuchli terma jamoa shakllanishi uchun poydevor vazifasini o‘tab beravermaydi.

- Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston terma jamoasi bunday bo‘sh o‘yini bilan jahon chempionati yo‘llanmalaridan biri uchun da’vogarlik qila olishi mumkinmi?
- Gap-so‘zsiz bunday o‘yin bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Ammo terma jamoamizda vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun barcha imkoniyatlar saqlanib turibdi. Axir oldinda uchrashuvlar ko‘p. O‘ylaymanki, to‘g‘ri xulosa chiqariladigan bo‘lsa, hammasi ijobiy tomonga o‘zgarib ketadi. Hozirdan tushkunlikka tushish yaramaydi. Axir umidni so‘ndirmaslik kerak.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: "Terma jamoaga qaytishim borasidagi gap-so‘zlarni eshitish quloqqa yoqadi"