13:13 / 12.09.2019
4 376

Ektor Kuper ketdimi? Abramov terma jamoaga tayinlangani rostmi?

Ektor Kuper ketdimi? Abramov terma jamoaga tayinlangani rostmi?
Bugun ommaviy axborot vositalarida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper iste’foga chiqarilgani va o‘rniga «Bunyodkor» bosh murabbiyi Vadim Abramov tayinlangani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. «Bunyodkor» klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev bu borada O‘FA bilan hech qanday muloqot o‘tkazilmaganini bildirdi.

Ulug‘bek Mirzayev. Foto: Championat.asia
— Bu haqda o‘zim ham internetda tarqagan ma’lumotlardan xabar topdim. Faqat bir narsani aytishim mumkin, klubga hech qanday taklif kelib tushgani yo‘q. Vadim Abramov hamon «Bunyodkor» bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib bormoqda. Ayni vaqtda Qo‘qondagi o‘yinga tayyorlanmoqdamiz, 15 sentyabrda «Bunyodkor» - «Qo‘qon-1912» o‘yini bo‘ladi. Bu o‘yinga Vadim Abramovga ham yo‘l chiptasi olingan, mehmonxonaga buyurtma berilgan. Vadim Abramov bilan bu haqda gaplashib oldim. Unga hech kim aloqaga chiqmagan, — deydi Ulug‘bek Mirzayev.

O‘z navbatida Vadim Abramov ham O‘FA bilan hech qanday muzokara bo‘lmaganini tasdiqladi.
— O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanganim haqida odamlardan eshitdim. Internetni o‘qib bormayman, shunchaki tanishlar qo‘ng‘iroq qilib, xabardor etishdi. Shunday ekan, hech narsa deya olmayman. O‘FA bilan muzokaralar bo‘lgani haqidagi xabarlar yolg‘on.

Mabodo taklif bo‘lsa qanday javob berardim? Menimcha bunday savolga javob berish unchalik ham odobga to‘g‘ri kelmaydi. Hozircha O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqa odam boshqarmoqda va uni hurmat qilish kerak, — deya javob qaytardi Vadim Abramov.

O‘z navbatida O‘FA matbuot xizmati ham Ektor Kuper milliy terma jamoa boshqaruvida faoliyat yuritayotganini tasdiqladi.
— Ayni vaqtda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi — Ektor Kuper. Hozircha boshqa murabbiy haqida gapirishga hojat yo‘q.

O‘FA tasarrufidagi terma jamoalarda o‘zgarish ro‘y bergan taqdirda rasmiy saytimiz orqali xabar beriladi. Modomiki berilmagan ekan, demak hech qanday yangilik ham yo‘q, — deyiladi Xabar.uz saytiga berilgan rasmiy ma’lumotda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper ketdimi? Abramov terma jamoaga tayinlangani rostmi?