Shahram G‘iyosov boks akademiyasi ochadimi?

  • 13 sentyabr 2019, 17:07
  • 653
  • Sport
  • Shahram G‘iyosov boks akademiyasi ochadimi?
    Odatda, insonning biror yutuqni qo‘lga kiritishida “kadr orti qahramon”larining hissasi katta bo‘ladi. Sportchining parvozida ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Kadr ortidagilar albatta, ota-ona va murabbiylar desak yanglishmagan bo‘lamiz.

    Bugun biz ana shunday “kadr orti qahramonlari”dan biri, Rio Olimpiadasi sovrindori, Jahon va Osiyo chempioni, hozirda professional boksda zafarli odimini davom ettirayotgan Shahram G‘iyosovning otasi Jamshid aka G‘iyosov bilan suhbat qurdik. Suhbatimiz asosan Shahramning bolaligi, faoliyati va biroz shaxsiy hayoti borasida bo‘ldi. Quyida ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.

    - Avvalo, Shahramning navbatdagi ajoyib g‘alabasi bilan tabriklayman!
    - Raxmat. Bu g‘alaba butun O‘zbekiston xalqiga bag‘ishlanadi.

    - Jamshid aka odatda otalar farzandlarini jangovar sport turiga yetaklab boradi...
    - To‘g‘ri, o‘g‘lim bokschi bo‘lishini doimo xohlardim.

    - Bunga ba’zi omillar sabab bo‘ladi. Misol uchun, nimjonligi, bolalardan doim kaltak yeb yurishi, yoki undagi iqtidor tufayli. Shahramda qay biri kuzatilgan edi?
    - Shahram yoshligidan juda sho‘x bola edi. Boks turiga ishtiyoqi balandligi tufayli olib borganman.

    - Umuman olganda oilada, qarindosh-urug‘lar orasida professional sportchilar bo‘lganmi. Sizning o‘zingiz qay sport turi bilan oshnosiz?
    - Professional bo‘lmaganmizku, lekin akalarim bilan birga boks turi bilan muntazam shug‘ullanganmiz.

    - Sportchining ota-onasi bo‘lish ham juda qiyin. Ayniqsa, onaga bu ko‘proq bilinsa kerak. Davomiy musobaqalar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, tufayli, oila davrasida kam bo‘ladi. Ayniqsa, jang mobaynidagi o‘tkazib yuborilgan zarbalarni ko‘rish ham juda og‘riqli. Ota sifatida bunday holatlarga qanday qaraysiz?
    - To‘g‘ri, onasi umuman janglarini ko‘ra olmaydi. Yoshligidan yig‘inlar, musobaqalar bilan bo‘lib, deyarli uyda bo‘lmaganligi ham bor gap. Lekin sportning bunday yozilmagan qonun-qoidasi borligini bilardim. Bilib turib, bokschi bo‘lishini xohlaganman. Shuning uchun, doimo, uning kayfiyatini ko‘tarib, dalda berib kelganman.

    - Odatda, Shahramni fikrlash doirasi ancha mukammalligiga guvoh bo‘lganmiz. Bolalikda, a’lo baholarga o‘qiganga o‘xshaydi?
    - Albatta, maktabda juda a’lo baholarga o‘qigan. Garchi, juda ham sho‘x bo‘lsada.

    - Intervyularini birida taqdim etilgan mashinalarni sizga sovg‘a qilganini aytgandi. Bu jarayon ota uchun juda ta’sirli to‘g‘rimi?
    - Juda ham xursand bo‘lganman. Bu ota uchun baxt!

    - Sportchilarning eng katta dushmani yulduzlik kasali hisoblanadi. Bu borada ham o‘g‘lingiz bilan gaplashib turasizmi?
    - Albatta, bunday insonga hos bo‘lmagan odatlarni o‘rganib olmaganligi uchun yaratganga shukr aytaman. U hamma bilan bir xil munosabatda bo‘ladi.

    - Umuman olganda g‘alabani Ronaldu uslubida nishonlashi sizga yoqadimi. Balki, siz ham Ronaldu ixlosmandidirsiz?
    - Bu men uchun yangilik bo‘lgan edi. Ronaldu juda iqtidorli futbolchi va juda ko‘p o‘z ustida mexnat qiladi. Rio Olimpiadasida g‘alabani bunday nishonlashidan xabarim yo‘q edi.

    - Yoshlikdagi mag‘lubiyatlarini qanday qabul qilardingiz. Unga bunday janglardan so‘ng, qanday so‘zlarni ayta olardingiz. Javobingiz, endigina farzandlari sport olamiga kirib kelayotgan ota-onalar uchun dasturilamal bo‘lishi mumkin?
    - Shahram yoshligida juda ko‘p mag‘lubiyatlarga uchragan. Lekin, unga doim o‘g‘lim hafa bo‘lma, o‘z ustingda yanada ko‘proq ishlagin. Nasib bo‘lsa, hali chempion bo‘lasan, barchasi oldinda derdim. Shukrki, aytganlarimni uddasidan chiqa oldi.

    - O‘g‘lingizni sizga yoqadigan eng yaxshi odati, harakterini ayta olasizmi?
    - Oldiga maqsad qo‘ydimi, albatta unga erishishga harakat qiladi.

    - Ba’zan Shahram haqida ham o‘ziga hos mish-mishlar uchrab turadi. Ba’zilari tanqidiy ko‘rinish ham oladi. Buni qanday qabul qilasiz?
    - Har bir odamning o‘zini fikri bo‘ladi. Hammaga birdek yaxshi ko‘rina olmaysiz. Lekin, xech qachon Shahram birovning dilini og‘ritadigan ishlar qilishini tasavvurimga sig‘dira olmayman. O‘ylaymanki, tarbiyani yaxshi bera olganman. Qolaversa, o‘ziga yarasha aqlga ham ega. Mish-mishlarga odatda e’tibor bermayman. Chunki, o‘g‘limni yaxshi bilaman.

    - Tokio Olimpiadasida ishtirok etishini xohlarmidingiz. Profi ringga yaxshigina moslashib olgan bir vaqtda, yana havaskorga qaytish qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
    - Shahram O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarish uchun doimo tayyor. Agar, yoshlarning litsenziya olish imkoniyati pastroq bo‘lsa, albatta ishtirok etadi deb o‘ylayman.

    - E’tibor bersangiz, mashhur sportchilarimizning ba’zilarida o‘z akademiyalari mavjud. Balki, Buxoroda yosh iqtidorli bokschilarni tarbiyalash uchun sizlarda ham shunday niyat bordir?
    - Nasib bo‘lsa, faoliyatini yakunlagandan so‘ng, boks akademiyasi ochish niyatidamiz.

    - Rio Olimpiadasi finalini qanday xotiralar bilan eslaysiz? Balki profi ringda Daniyar Yeleussinov bilan to‘qnash kelishini xohlarsiz?
    - Rio olimpiadasi butun umr esda qoladigan lahzalarni taqdim etgan. Daniyarga kelsak, uni juda kuchli bokschi deb bilaman. O‘ylaymanki, profi ringda ham ular to‘qnash keladi.

    - Hozirgi kundagi eng katta shov-shuv, Shahramni oila qurishi borasida ketmoqda. Kelin shou-biznes vakilasidan biri ekanligi haqida aytilmoqda... Shunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p. Aslida, to‘y qachon?
    - ???? Rejamiz bo‘yicha, 2020 yilda to‘y qilishimiz kerak. Uzog‘i 2021 yilda albatta bo‘ladi.

    - Jamshid aka mazmunli suxbatingiz uchun katta raxmat! Nasib qilsa, Shahram nufuzli kamarlarni qo‘lga kiritganda, yanada sizga savollarimiz ko‘payadi. Ana shu kunlarda ham siz bilan suhbat qurish nasib-u ro‘zi aylasin!
    - E’tibor uchun, katta raxmat.

    Ahmad EShMATOV suhbatlashdi

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Shahram G‘iyosov boks akademiyasi ochadimi?