19:16 / 14.09.2019
2 262

Dragan Cheran: "Matematik jihatdan chempion bo‘lganimizni his qilsak, shunda muvaffaqiyatni nishonlaymiz"

Dragan Cheran: "Matematik jihatdan chempion bo‘lganimizni his qilsak, shunda muvaffaqiyatni nishonlaymiz"
Bugungi kunda O‘zbekiston chempionatida to‘p surayotgan eng kuchli legioner kim deb so‘rasa, hamma bir ovozdan «Paxtakor» hujumchisi – serbiyalik Dragan Cheranni ko‘rsatishmoqda. Tan olaylik, «Nasaf»dan «Paxtakor»ga ko‘chib o‘tganidan keyin ushbu futbolchi yanada kuchliroq o‘yin ko‘rsata boshladi hamda jamoaning muhim o‘yinchisiga aylandi. Haqli tarzda u o‘tgan oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Hozirda esa u 18 ta o‘yinda 22 ta gol urib yaqqol to‘purar bo‘lib turibdi.

Katta ehtimol bilan Cheran bu mavsumda eng yaxshi to‘purar maqomini qo‘lga kiritadigandek. Qolaversa, muxlislar, mutaxassislar va boshqa klub vakillari ham Cheranning o‘yinini alohida e’tirof etishayotganini ham eshitib kelmoqdamiz. Shuningdek, u bir-biridan chiroyli gollar urish borasida nozik did sohibi ekanligini ham ko‘rsatib kelmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Cheran O‘zbekiston chempionatidagi eng yaxshi xorijlik o‘yinchi maqomiga har tomonlama mos tushmoqda. Kuni kecha «Paxtakor» klubining matbuot xizmati yordamida ushbu futbolchi bilan suhbatlashdik.

- Ko‘pchilik sizni chempionatimizdagi eng yaxshi legioner deb hisoblashmoqda. Bunday e’tiborga munosabatingiz qanday?
- Bu savolga nima deb javob berishni ham bilmayman. Agar ular shunday deb o‘ylashayogan bo‘lsa va ularga o‘yinim manzur bo‘layotgan bo‘lsa, u holda men o‘zimni juda baxtiyor his qilaman. Shuning uchun men ham futbol o‘ynayapman va bundan keyin ham bor kuchim bilan o‘ynashda davom etaman.

- Siz 22 ta gol bilan yaqqol to‘purar bo‘lib turibsiz. Bunday sermahsul o‘yin ko‘rsatishingizning boisi nimada? Masalan, to‘purar bo‘lishingizga hamma ishonyapti, siz hammi?
- Ha, men allaqachon 22 ta gol urishga ulgurganman. Ammo bu birgina mening mehnatim emas, balki butun jamoamning hissasi katta deb aytgan bo‘lardim. Jamoamizdagi barcha futbolchilar yuqori saviyada o‘yin namoyish etayotganliklarini alohida aytishim kerak. Qisqasi, bizda juda yaxshi o‘yinchilar va shu bilan bir qatorda ajoyib jamoa bor. Tabiiyki, shunga yarasha bizda muhit ham a’lo darajada. Nazarimda, shunday omillar uchun ham ketma-ket gollar urayotgandirman.

- Dragan, yoshligingiz qanday o‘tgan? Futbolga qiziqishingiz qanday boshlangan?
- Men futbol o‘ynashni 6-7 yoshimdan boshlaganman. Esimda, bolalik chog‘larimda ko‘cha-kuyda o‘rtoqlarim bilan birgalashib to‘p tepib yurardim. Qisqa qilib aytganda, men mana shu sababli ham futbolga qattiq qiziqib ketganman va futbolchi bo‘lib yetishdim.

- «Nasaf» hamda «Paxtakor»dagi faoliyatlaringizga to‘xtalsak, o‘ziga yarasha farq qiladi. Sizningcha, Arveladze ochilmagan qirralarimni yanada ochyapti deb o‘ylaysizmi?
- Bilasizmi, «Nasaf» klubidagi faoliyatim men uchun juda katta maktab bo‘ldi. Yaxshi bilasiz, bu mening O‘zbekistondagi ilk jamoam hisoblanadi. Shuni ayta olamanki, «Nasaf»ga borgan paytimda klub meni juda iliq qarshi olgandi. Bemalol aytishim kerakki, u yerda o‘zim uchun juda ham muhim bo‘lgan davrni o‘tkazdim. Shunga yarasha biz ham yaxshi o‘yinlar ko‘rsatganmiz desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Tabiiyki, bizda yaxshi jamoa ham yig‘ilgandi. Lekin shunday bo‘lsa-da, mening o‘ylashimcha, jamoamiz chempionlik uchun unchalik ham kurasha olmasdi.

Men esa muhitni o‘zgartirish kerakligini his qila boshladim. «Paxtakor»ga o‘tganimdan keyin esa men qandaydir o‘zgarish yuz berishini kutdim. Shota – bu ajoyib inson va kuchli murabbiy. Arveladzedan ko‘p narsalarni o‘rganib boryapman. Shuni tushunib yetdimki, u bilan yuqori cho‘qqilarni zabt etish mumkin. Bunday jamoa bilan o‘zimni yanada yaxshiroq ko‘rsatishga hamda muvaffaqiyat qozonishga harakat qilyapman. «Paxtakor»da sovrin yutishni xohlayman va aynan shuning uchun ham kurashaman.

- «Paxtakor» katta farq bilan peshqadamlik qilmoqda. Shunday ekan, chempionlikni qo‘lga kiritishinglarga shubha qilmayapsizmi?
- Biz ayniqsa, paslar orqali o‘yin ko‘rsatish bo‘yicha kuchlimiz. O‘ylaymanki, o‘yindan-o‘yinga yanada kuchayib boryapmiz. Shuning uchun ham biz sovrin sari bosqichma-bosqich qadam tashlayapmiz. Biz qachonki o‘zimizni matematik jihatdan chempion bo‘lganimizni his qilsak, shundan keyingina muvaffaqiyatni nishonlashimiz mumkin. Ungacha esa xushyor bo‘lishimiz va yana biroz kutishimizga to‘g‘ri keladi.

- Ayting-chi, chempionatimizdagi qaysi legionerlarning o‘yinlarini kuzatasiz va sizga yoqadi?
- Barcha xorijlik o‘yinchilarni yaxshi deb aytgan bo‘lardim. Ular shuning uchun ham shu yerda o‘ynashyapti. Hamma serbiyaliklarni hurmat qilaman va ularni yaxshi saviyadagi futbolchilar deb bilaman. Ko‘rinib turibdiki, legionerlarning barchasi kuchli o‘ynashga harakat qilishyapti.

- Agar sizga O‘zbekiston fuqaroligi berilib, terma jamoamiz uchun o‘ynash taklif qilinsa, bunga qanday qaraysiz?
- Ayni paytda bu juda qiyin savol. O‘zbekiston terma jamoasida jahon chempionatiga chiqish uchun juda yaxshi salohiyat bor. Shuningdek, jamoaning yaxshi o‘yinchilari ham bor. Shu bois men buni amalga oshib bo‘lmaydigan ish deb hisoblamayman. Har doim eng yaxshisiga umid va harakat qilish kerak.

- Yaqinda «Paxtakor» bilan shartnomangizni ikki yilga uzaytirdingiz. Ayting-chi, «Paxtakor» siz uchun ideal klubmi?
- Ha, to‘g‘ri men klub bilan shartnomamni uzaytirdim va bundan juda xursandman. O‘ylaymanki, bundan «Paxtakor» ham, men ham yutdim. Bemalol ayta olamanki, men shartnomamni uzaytirib eng to‘g‘ri qarorga keldim deb hisoblayman.

- Qaysi taomni yoqtirasiz?
- Men oshni juda yaxshi ko‘raman.

- Toshkentda boradigan eng sevimli joyingiz qayer?
- Bilasizmi, men ko‘p vaqtimni bog‘da oilam bilan birga sayr qilib o‘tkazaman. Shuning uchun ham mashg‘ulotdan keyin u yerga borib dam olish eng tinch joy deb o‘ylayman va bu mening eng sevimli ishim bo‘lsa kerak.

- Har bir futbolchining orzusi bor. Cheranning orzusi nima?
- Mening maqsadim har doim to‘g‘ri so‘z inson bo‘lib qolish, boshqalarni hurmat qilish, mas’uliyatli ota bo‘lish. Men shularga harakat qilaman.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Dragan Cheran: "Matematik jihatdan chempion bo‘lganimizni his qilsak, shunda muvaffaqiyatni nishonlaymiz"