16:06 / 16.09.2019
3 038

Imomxo‘jayev: «Katta klubga yetgan pul akademiyaga yetmay qolishini la’natlayman va qoralayman»

Imomxo‘jayev: «Katta klubga yetgan pul akademiyaga yetmay qolishini la’natlayman va qoralayman»
Muborakning «Mash’al» futbol klubi akademiyasi yopilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. O‘zbekiston professional futbol ligasi direktori o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev ushbu xabarga munosabat bildirib o‘tdi.

«Muborak shahridagi futbol akademiyasi yopilgani borasida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu futbol va uning kelajagi uchun juda qo‘rqinchli xabar aslida. Ammo hozirgi holatda uni yopildi emas, faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi.

Mash’al akademiyasi yaxshi loyiha. Otabek Shukurov va Eldor Shomurodov kabi milliy terma yetakchilari aynan uning tarbiyalanuvchilari hisoblanadi. Ayni vaqtda «Mash’al» futbol klubi yillik smetasida belgilangan pullarni olishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Oqibatda akademiya uchun kommunal to‘lovlar, futbolchilar uchun ovqat masalasida muammolar yuzaga kelgan. Mashg‘ulot o‘tkazadigan tarbiyalanuvchilarning ovqatlanishi o‘z vaqtida bo‘lmasa, mehnatlar samarasini ko‘rish qiyin. Shuning uchun ham akademiya futbolchilariga vaqtincha javob berilgan.

O‘FA bu borada ish olib boradi. Bizningcha, akademiyalarning shunchaki yo‘q bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Avval ham ko‘p bora aytgandik, bugun shu fikrni yana takrorlashni istaymiz: millionlar o‘yiniga ajratilayotgan pullar faqatgina futbol maktablari, akademiyalar, moddiy-texnik bazalar, stadionlar qurish hamda terma jamoalar uchungina sarf etilib, katta jamoalar pulsiz qolsa — biz bu qarorni ikki qo‘limizni ko‘tarib qo‘llab-quvvatlaymiz.

Bolalar kelajagi uchun ajratilgan pullarga hech qachon afsuslanmaysan, bu kelajak uchun qo‘yilgan investitsiyadir. Biroq katta klublarga topilgan pullar akademiyalarga yetmay qolsa, biz bunday holatni la’natlaymiz va qoralaymiz».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Imomxo‘jayev: «Katta klubga yetgan pul akademiyaga yetmay qolishini la’natlayman va qoralayman»