Arveladze nihoyat Kanchelskisni yengdi, "Bunyodkor"ning Qo‘qondagi kutilmagan yirik mag‘lubiyati, "Metallurg"ni bu gal ham yuta olmagan "Loko"

  • 17 sentyabr 2019, 08:16
  • 386
  • Sport
  • Arveladze nihoyat Kanchelskisni yengdi, "Bunyodkor"ning Qo‘qondagi kutilmagan yirik mag‘lubiyati, "Metallurg"ni bu gal ham yuta olmagan "Loko"
    13-15 sentyabr kunlari Superligada 19-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Bellashuvlarning ikkitasida hisob ochilmadi. Namangandagi markaziy uchrashuvda birgina xato bahs taqdirini hal etdi. Buxoroga tashrif buyurgan sobiq buxorochilar g‘alaba qozonishdi. Samvel Babayanning "Lokomotiv"dagi ishlari yaxshi emas. "Temiryo‘lchilar" ikkinchi urinishda ham "Metallurg"ni yenga olishmadi.

    "Bunyodkor" kutilmaganda Qo‘qonda yirik hisobda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Abramovning o‘zi ham hayron. Mirjalol Qosimovning AGMKsi o‘ziga kelayotgandek. Olmaliqliklar omadi yurishmayotgan "Dinamo"dan ustun kelib, turnir jadvalida samarqandliklardan o‘tish ketishdi.

    Quyida 19-tur o‘yinlari sharhi bilan tanishing:

    ANDIJON – SO‘G‘DIYoNA 0:0

    Medallar uchun kurashayotgan “So‘g‘diyona” Andijonga tashrif buyurdi. Mezbon esa chempionatda jon saqlashga intilayotganidan xabaringiz bor, albatta.

    38-daqiqada Ro‘zimboy Ahmedov birga-bir vaziyatga chiqib, zarba berdi. Milan Mitrovich havfni bartaraf etdi. Qaytgan to‘pni Sardor Azimov darvozaga yo‘lladi, yana Mitrovich qahramonlik ko‘rsatdi.
    Ikkinchi taym boshlarida Radosav Aleksichning raqib jarima maydoni ichidan yo‘llagan zarbasi kuchsiz chiqdi.

    82-daqiqada Farhod Mirahmatov raqibiga nisbatan qo‘pollik ishlatgani uchun ikkinchi marta sariq kartochka loyiq topilib, maydonni tark etdi.

    Shunda ko‘pchilik son jihatdan ustunlik jizzaxliklarga yordam berishini taxmin qilgandi. Ammo unday bo‘lmadi. Mezbonlar bir kishi kam ekanliklarini aslo sezdirishmadi. Qaytanga tinimsiz hujumlar uyushtirishdi. Xatto “So‘g‘diyona” himoyachilari chiziqdan to‘pni qaytargan paytlari ham kuzatildi. Biroq shu kuni gol urish hech kimga nasib etmadi.

    BUXORO – SURXON 0:2

    Buxoroda eski tanishlar to‘qnashuvi. Shavkat Salomov sobiq jamoasiga qarshi. Ushbu bahs ham aksariyat ishqibozlarning qiziqishlari doirasida edi.

    Ilk daqiqadan mehmonlar tashabbusni qo‘lga olishga urinishdi. Bir nechta vaziyatlar yaratildi. Dastlab Shavkat Salomov va Darko Stanoyevichning urinishlaridan naf chiqmadi. Mehmonlarda ham golga tortadigan vaziyat bo‘ldi. Biroq “Buxoro”ning yana bir sobiq vakili Asilbek Amanov sheriklari joniga oro kirdi.

    Tinib-tinchimas Salomov 47-daqiqada niyatiga yetdi. U mezbonlar himoyachisi va posbonini aldab Shohnazar Norbekovga to‘pni uzatdi, Shohnazar esa deyarli bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etishda qiynalmadi.

    Uchrashuvga qo‘shib berilgan daqiqada Abdul Aziz Yusupov chap qanotdan oshirilgan to‘pni to‘xtatib oldi va ikkinchi urinishda to‘rga kiritdi. Bu vaziyatda Yusupovni jarima maydoni ichida hech kim qo‘riqlamagani e’tiborimizni tortdi.

    AGMK – DINAMO 3:1

    Bellashuvni mezbonlar hujumkor ruhda boshlashdi. Ketma-ket urinishlar 6-daqiqada samara berdi. Elguja Grigalashvili raqib jarima maydoni oldidan to‘pni darvoza joyladi.

    Tezkor golga mehmonlar ham javob berishga intilishdi. Biroq birinchi taymda buning iloji bo‘lmadi.

    Tanaffusdan keyin olmaliqliklarning navbatdagi hujumi paytida Grigalashvili tepgan to‘pni raqib himoyachisi A’lamxonov qo‘li bilan o‘ynadi. Chamasi 18 metrlar masofadan belgilangan jarima zarbasini Elguja Grigalashvili qoyilmaqom tarzda ijro etib, to‘pni darvozaning yaqin burchagiga aniq joyladi.

    73-daqiqada Jasur Hakimov hisobni yiriklashtirdi. Bellashuv tugashiga biroz vaqt qolganda, mehmonlar darvozani ishg‘ol etishdi. Amirjon Safarov tomonidan ijro etilgan jarima zarbasi golga aylandi. Shu tariqa uchrashuvda jami to‘rtta gol kiritildi bahsda olmaliqliklar zafar quchishdi. AGMK Olmaliqda o‘tayotgan uchrashuvlarda o‘zining 5 o‘yinlik noxush seriyasiga chek qo‘ydi.

    QIZILQUM – NASAF 0:0

    Dastlabki daqiqalardan maydon egalari tashabbusni qo‘llariga olishga intilishdi. Qarshiliklar jarima maydoni atrofida bosim uyuushtirishdi. Bo‘lim o‘rtalariga kelib “ajdarlar” to‘p nazoratini qo‘lga olishdi.

    39–daqiqada navoiyliklar futbolchisi Stiven Lustitsaning zarbasi darvoza to‘siniga tegib maydonga qaytgan bo‘lsa, taym oxirida raqib posboni bilan birga-bir vaziyatga chiqib borgan Bobir Abdixoliqovni Azizbek Usmonov tomonidan qo‘pollik bilan to‘xtatib qolindi. Uchrashuv hakami Aziz Asimov mezbonlar vakilini maydondan chetlatdi. Azizjon G‘aniyev amalga oshirgan jarima zarbasini Cheremisin egallab oldi.

    O‘n kishi bo‘lib qolgan maydon egalari asosiy e’tiborlarini himoyaga qaratishdi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari esa xavfli vaziyatlar yaratish uchun ancha ter to‘kishdi. Ammo shu kuni “Qizilqum” himoya qo‘rg‘onini buzib o‘tish ularga nasib etmadi.

    QO‘QON-1912 – BUNYoDKOR 3:0

    Oxirgi paytlarda g‘alabalari ko‘payib borayotgan “Qo‘qon-1912”ni jiddiy sinov kutib turgandi. Ammo qo‘qonliklar ancha nomdor sanalgan “Bunyodkor”ni yirik hisobda taslim etishdi. Vadim Abramovni so‘nggi paytlardagi gap so‘zlar, terma jamoa atrofidagi mish-mishlar chalg‘itib qo‘ydi shekilli. Har holda murabbiyning o‘zi ham shogirdlarini umuman taniy olmadi.

    Mezbonlar uchrashuvni tezkor gol bilan boshlashdi. 4-daqiqada uyushtirilgan kombinatsiyani Avaz Mamatxo‘jayev muvaffaqiyatli yakunladi. U tepgan to‘p raqib himoyachisiga tekkan holda darvozaga borib tushdi.

    Bunday startni kutmagan toshkentliklar o‘zlariga kelishlari qiyin bo‘ldi. Qo‘qonliklar yana hujumlar tashkil etishdi. Biroq birinchi taymda harakatlardan naf chiqmadi.

    54-daqiqada maydon egalari ikkinchi golni urishdi. Suhrob Berdiyevning urinishidan keyin ustunga tegib qaytgan to‘pni Shahboz Erkinov to‘rga yo‘lladi.

    Oradan ko‘p o‘tmay mehmonlar himyaochilari o‘z jarima maydoni ichida qo‘pollik ishlatishdi. Penaltini Murod Xolmuhamedov aniq amalga oshirib, hisobni yirik ko‘rinish keltirdi.

    Shu tariqa, “Qo‘qon-1912” klubi ketma-ket to‘rtinchi o‘yinda g‘alaba qozondi. “Bunyodkor” esa safarda kutilmaganda yirik mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.

    LOKOMOTIV – METALLURG 1:1

    FIFA kunlari munosabati bilan yuzaga kelgan tanaffusdan keyingi ilk turni safarda “Lokomotiv”ga qarshi o‘tkazgan “Metallurg” durangga erishdi. Bekobodliklar mavsum davomida “temiryo‘lchilar”dan ikkinchi marta ochko tortib olishdi.

    Amaldagi chempionga qarshi uchrashuvning dastlabki daqiqalari mehmonlar uchun ancha og‘ir kechdi. Birinchi taymning yarmiga qadar Andrey Shipilov shogirdlari faqat himoyalanishdi. Bu “Lokomotiv”ga qo‘l keldi. Taym oxirida bekobodliklar unchalik murakkab bo‘lmagan kombinatsiyani o‘tkazib yuborishdi. Natijada Islom To‘xtaxo‘jayev yaqin masofadan gol urdi.

    “Metallurg” ikkinchi taymda tamomila o‘zgacha futbol namoyish etdi. Mehmonlar ko‘proq olisdan zarbalar berishdi. Shunday urinishlarning birinchisida Muzaffar Muzaffarov ustunni poyladi. 64-daqiqada esa Islombek Isoqjonovning kuchli zarbasi qarshisida Javohir Ilyosov ojiz qoldi.

    Muhim ochkodan mahrum bo‘layotgan maydon egalari katta kuch bilan hujumga tashlanishdi. Bu esa himoya chizig‘ida bo‘shliqlarni yuzaga keltirdi. Lekin bellashuvda g‘alaba qozonish hech kimga nasib etmadi.

    NAVBAHOR – PAXTAKOR 0:1

    Chempionat yetakchisi Namanganga tashrif buyurdi. “Paxtakor”ga “Navbahor” qarshilik ko‘rsatishga urindi. Bu qaysidir ma’noda uddalandi. Biroq mezbonlar himoyachisining qo‘pol xatosi “lochinlar”ga qimmatga tushdi.

    Bellashuv keskin kurashlar ostida kechdi. Ilk xavfli vaziyatni mezbonlar yuzaga keltirishdi. Ammo so‘nggi pallada Ivan Solovyovning zarbasidan so‘ng to‘pni “Paxtakor” darvozaboni Eldor Suyunov qaytardi.

    Mehmonlarning qarshi hujumlarida esa Marat Bikmayev “Navbahor” posboni O‘tkir Yusupov bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqdi. Biroq uning harakati samarasiz yakunlandi.

    27-daqiqada Ilhom Alijonov jarima maydoni yaqinida to‘pni sherigiga oshiraman deb, raqibga oldirib qo‘ydi. Bu Dostonbek Hamdamov uchun ayni muddao bo‘ldi. U osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi.

    So‘ng Andrey Kanchelskis shogirdlari oldinga o‘tishdi. Namanganliklarning aksariyat hujumlari “Paxtakor” himoyachilari tomonidan bartaraf etildi, ayrimlarida kombinatsiyalar yakunlanmay qolaverdi.

    Toshkentliklar to‘p nazoratida ustunlikka erishishdi. “Navbahor” qarshi hujumdan omadini izladi. Bahs oxirlab borayotganda, “lochinlar” hisobni tenglashtirishlari mumkin edi. Ivan Solovyovning kuchli zarbasidan so‘ng to‘p to‘singa tegib, maydonni tark etdi. Shu tariqa, “Paxtakor”ning mag‘lubiyatsiz seriyasi davom etdi.

    "Navbahor" ikkinchi davradagi uy o‘yinlarida birorta marta g‘alaba qozonmadi. Namangandagi g‘alabasiz seriya 3 o‘yinga yetdi.

    Shota Arveladzening O‘zbekistondagi faoliyati davomida Andrey Kanchelskisni mag‘lubiyatga uchrata olmayotgandi. Uchinchi bahsda Arveladze niyatiga yetdi. Avvalgi ikkita o‘yinda durang qayd etilgandi.
    Bekzod Isayev

    Manba: Sports.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Arveladze nihoyat Kanchelskisni yengdi, "Bunyodkor"ning Qo‘qondagi kutilmagan yirik mag‘lubiyati, "Metallurg"ni bu gal ham yuta olmagan "Loko"