11:30 / 23.09.2019
3 139

Boks bo‘yicha jahonning eng kuchli terma jamoasi Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi

Boks bo‘yicha jahonning eng kuchli terma jamoasi Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi
9-21 sentyabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahri boks bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Yigirmanchi marta o‘tkazilgan mazkur musobaqada dunyoning 78 mamlakatidan 400ga yaqin bokschi ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston terma jamoasi 3ta oltin, 1ta kumush va 1ta bronza medallarini jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunladi. Delegatsiya a’zolari 23 sentyabrga o‘tar kechasi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.



Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, kutib olish marosimida O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisi Ochilboy Ramatov ham ishtirok etib, bokschilarni jahon chempionatidagi muvaffaqiyat bilan qutladi va Tokio Olimpiadasida ham shunday zafarli g‘alabalar tilab qoldi.





Oltin medal:
-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-57 kg: Miraziz Mirzahalilov
+91 kg: Bahodir Jalolov

Kumush medal:
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov

Bronza medal:
-69 kg: Bobousmon Baturov
Marosimda, shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati, jamoat tashkilotlari, sportchilarning yaqinlari va yuzlab boks ishqibozlari qatnashdi. Unda terma jamoa a’zolari nomidan Bahodir Jalolov so‘zga chiqdi.








«Yarim tun bo‘lishiga qaramasdan bizni kutib olishga chiqqaningiz uchun rahmat. Biz Rossiyada barchangizning qo‘llab-quvvatlashingizni, duolaringizni his qilib turdik. Nasib qilsa, kelasi yil Tokio Olimpiadasida ham o‘zbekistonlik bokschilarning nimalarga qodirligini namoyish etib, boks bo‘yicha birinchi raqamli terma jamoa ekanimizni ko‘rsatib qo‘yamiz», – dedi Jalolov.



Tadbirda Ozodbek Nazarbekov va Rashid Xoliqov o‘z qo‘shiqlari bilan chiqish qildi. Shundan so‘ng bokschilar karnay-surnay navolari ostida kuzatib qo‘yildi. Milliy olimpiya qo‘mitasi tadbir fotogalereyasini taqdim etdi.




arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Boks bo‘yicha jahonning eng kuchli terma jamoasi Toshkent xalqaro aeroportida kutib olindi