12:53 / 28.09.2019
2 345

Vadim Abramov: «Mening davrimda har bir o‘zbekistonlik milliy jamoaga nomzod»

Vadim Abramov: «Mening davrimda har bir o‘zbekistonlik milliy jamoaga nomzod»
Vadim Abramov O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangani ko‘pchilik muxlislar tomonidan xursandchilik bilan kutib olindi. Argentinalik Ektor Kuperning o‘rnini egallagan Abramov «Bunyodkor» mashg‘ulotlaridan so‘ng Tribuna.uz muxbiriga intervyu berishga rozi bo‘ldi.

«Bu katta mas’uliyat»
Vadim Abramov 7 yildan so‘ng milliy jamoaga qaytishini katta mas’uliyat deb atadi. Murabbiy bu lavozimga qaytganidan xursandligini ham yashirmadi. Joze Mourino biror jamoaga qaytish haqida shunday degandi: «Sen qaysidir jamoaga qaytdingmi, demak oldingi kelganingda u uchun nimadir qilgansan». Abramov ham bejizga ortga qaytarilmadi. U milliy jamoaga ko‘p narsa bera olgan. Murabbiy qaytishi haqida shunday dedi:

«Bu lavozimga birinchi marta kelayotganim yo‘q, shu bois qandaydir noodatiy hisni tuymoqdaman deb aytmagan bo‘lardim. Albatta bu lavozim odamga katta mas’uliyat beradi. Menga ishonayotgan ko‘plab muxlislarni uyaltirmasligim kerak».

«Oldingi kelganimda hech kim bizdan mo‘jiza kutmagandi»
Abramovning aytishicha, bugungi milliy jamoa bilan e oldin ishlagan jamoaning farqi bor: «Albatta, farq katta. Oldingi safar jamoani qabul qilib olganimda biz reytingda 108-o‘rinda edik va mendan shunchaki jamoa tuzish hamda Osiyo Kubogida sharmanda bo‘lmaslikni so‘rashgan. Menimcha, biz vazifani uddalagandik. Bundan tashqari, o‘shanda jamoani oldinroq qabul qilib olgandim. Men may oyida kelgan bo‘lsam, Osiyo Kubogi yanvarda o‘tkazilgandi. Hozir esa vaqt juda kam. 2 oktyabrda yig‘ilib, bir hafta ichida o‘yinlarga tayyorlanishimiz kerak. Qiyinchiliklar bor, lekin futbol shunday o‘yin. Umid qilaman, biz qiyin vaziyatdan chiqib keta olamiz».

«Men qayerga borayotganimni bilaman...»
Vadim Abramovdan milliy jamoaga qaytish uchun qanchalik harakat qilganini so‘radik: «Murabbiy uchun milliy jamoa bosh murabbiyi bo‘lish katta mas’uliyat. Men qayerga qarab ketayotganimni bilaman. Ko‘ramiz, eplarmikanman yoki yo‘q. Hozirgi futbolchilar bilan jahon chempionatida chiqish mumkinmi? Bu haqda hozirgi guruhdan chiqsak, nimadir deyishim mumkin. Avval futbolchilar bilan yaqinroq tanishib olishim kerak. Agar bu guruhdan chiqsak, imkoniyatlarimizni chamalasak bo‘ladi. Raqiblarimizda allaqachon 4 talab ochko bor, bizda esa birorta ochko yo‘q. Avval mana shu muammoni hal qilishimiz kerak».

Abramovning aytishicha, u Yaman va Singapurga qarshi o‘yinlarga jiddiy qaramoqda. Murabbiy Yamanning Saudiya bilan durang o‘ynaganiga e’tibor qaratdi: «Men bu o‘yinlarga jiddiy e’tibor beryapman. Yamanda urush ketayotganiga qaramay, jamoa yomon o‘ynamayapti. Yaman Saudiyaga yutqazmadi, Singapurga ham. Raqibga jiddiy qarashimiz kerak. Singapur ham futbol o‘ynashni biladigan jamoa. Buning ustida biz bu jamoa bilan uzoq parvozdan so‘ng o‘ynaymiz. Bir so‘z bilan aytganda, Singapurga aylanib kelgani bormaymiz».

Eldorning bo‘ladigan futbolchi ekanini «Mash’al»dayoq bilgandim»
Abramovga mamlakat futbolining asosiy yulduzi Eldor Shomurodovdan qanday foydalanmoqchi ekani haqida savol berdik. Murabbiyning aytishicha, kuchli futbolchidan foydalanish qiyin emas:

«U yaxshi formada bo‘lsa, foydalanish qiyin emas. Uni shunchaki oldinga chiqarish kerak va o‘zi foydalanib ketadi. Hozircha Eldor bilan gaplashganim yo‘q. Uni «Mash’al»dagi o‘yinlaridan eslayman. O‘shandayoq bo‘ladigan futbolchi ekani ko‘ringandi. Biz uni «Lokomotiv»ga olib kelmoqchi ham bo‘lganmiz, ammo «Bunyodkor» ildamlik qilgandi».

«Shu futbolchilar yordamida milliy jamoaga qaytdim»
Abramovdan «Bunyodkor» futbolchilari uning milliy jamoaga tayinlanishini qanday kutib olganini so‘radik. Murabbiy hozirgi shogirdlari yordamida mamlakatning bosh jamoasiga qaytganini aytib, ulardan minnatdorligini aytdi:

«Klubdagi yigitlar milliy jamoaga tayinlanganimni oddiy qabul qilishdi. Ular biroz xafa bo‘lgandek ham ko‘rinishdi. Bu futbolchilarimdan minnatdorman, axir men ular yordamida milliy jamoaga qaytdim. Jamoa bilan mavsum oxirigacha ishlayman. Biz ikkita turnirda yaxshi imkoniyatga egamiz va bunday vaqtda yigitlarni tashlab qo‘yishim yaxshi emas».

«Mening davrimda har biz o‘zbekistonlik futbolchi milliy jamoaga nomzod bo‘ladi»
Vadim Abramovdan u qaytganidan so‘ng bir qator milliy jamoadan uzoqda qolayotgan futbolchilar yana bosh jamoadan chaqiruv olgani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritishini so‘radik. Murabbiy esa bu savolga o‘z uslubida noodatiy javob berdi:

«Bilasizmi, men qaysidir futbolchini qaytaraman deb aytmoqchi emasman. Mening davrimda futbol o‘ynashni biladigan har bir o‘zbekistonlik milliy jamoaga nomzod bo‘ladi. Milliy jamoa bu tanishlarni chaqiradigan pansionat emas. Milliy jamoada familiyalar ahamiyatsiz, unda bosh jamoada o‘ynashga munosib bo‘lgan futbolchilargina o‘ynaydi»,— deb so‘zini yakunladi Vadim Abramov.

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: «Mening davrimda har bir o‘zbekistonlik milliy jamoaga nomzod»