22:00 / 30.09.2019
4 785

Shavkat Mirziyoyev: «Endi manaman degan bokschilar ham o‘ylab ringga tushadigan bo‘ladi»

Shavkat Mirziyoyev: «Endi manaman degan bokschilar ham o‘ylab ringga tushadigan bo‘ladi»
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 27 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Yekaterinburgda bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida yuqori natijalarga erishgan bir guruh sportchi va murabbiylar faxriy unvonlar va medallar bilan taqdirlangan edi.

Bugun, 30 sentyabr kuni Ko‘ksaroyda ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi. Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sport federatsiyalari rahbarlari, bokschilarning ota-onalari ishtirok etdi.

– Bu g‘alaba «O‘zbekiston boks maktabi», «O‘zbekiston bokschilari» degan so‘zlarni jahon sporti tarixiga oltin harflar bilan muhrlab qo‘ydi. Endi O‘zbekiston bokschilarini, o‘zbek boks maktabini tan olgan ham tan oladi, tan olmagan ham tan oladi. Endi «O‘zbekiston», «o‘zbekistonlik» desa, manaman degan bokschilar ham o‘ylab ringga tushadigan bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari g‘olib va sovrindor bo‘lgan bokschilarni, ularning murabbiylarini nomma-nom tilga olib, ularni qutladi. Bugungi natijalar kelgusi yil Tokioda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari uchun mustahkam poydevor yaratganini, bu nufuzli musobaqaga ko‘proq litsenziya olish va puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

– Jahon chempionatida yuksak mardlik va matonat ko‘rsatib, yurtimizga shunday buyuk g‘alabani olib kelganingiz har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir. O‘sha kunlari keksayu yosh – butun xalqimiz sizlarga zafar tilab, katta hayajon va qiziqish bilan o‘z nigohini Yekaterinburg arenasiga qaratdi. Elimiz ana shu ulkan ishonchni oqlagan sizdek jasur, vatanparvar avlod bilan haqli ravishda faxrlanadi, – dedi davlat rahbari.

Prezident bokschilar va ularning murabbiylariga yuksak davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

– Hamma qilayotgan ishlarimizdan maqsad xalqimizni rozi qilish, yoshlarimizni barkamol etib tarbiyalash. Sizlarning g‘alabangiz har bir sohada adolat bo‘lsa, uzoq-uzoq qishloqlardagi iste’dodlar ham o‘z o‘rnini topsa, albatta natija bo‘lishidan yana bir dalolat. Bu barcha yoshlarimizni marrani baland olib, o‘z ustida ishlashga, ulkan muvaffaqiyatlarga erishishga ruhlantiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan qisqa vaqtda O‘zbekiston vakillari bir nechta turnirlarda ishtirok etib, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Xususan, 14-22 sentyabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tgan yunon-rum kurashi bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta medal bilan 2-o‘rinni egalladi. E’tiborlisi, sovrindor sportchilarimiz 2020 yilgi Tokio Olimpiadasiga ham yo‘llanma oldi.

20-25 sentyabr kunlari Toshkentda dzyudo bo‘yicha xalqaro Gran-pri turniri yuqori saviyada o‘tkazildi. Unda 71 mamlakat sportchilari 14 ta vazn toifasida qatnashdi. Yurtimiz terma jamoasi jami 6 ta medal bilan 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

6-22 sentyabr kunlari Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionati sportchilarimiz uchun yanada muvaffaqiyatli bo‘ldi. Saksonga yaqin mamlakatdan eng kuchli charm qo‘lqop ustalari ishtirok etgan g‘oyat keskin bellashuvda terma jamoamiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. AQSh, Kuba, Rossiya, Qozog‘iston, Angliya, Hindiston kabi boks bo‘yicha yetakchi davlatlar vakillarini ortda qoldirib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Jamoa sardori Bahodir Jalolov chempionatning «Eng yaxshi bokschisi» deb topildi.







arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shavkat Mirziyoyev: «Endi manaman degan bokschilar ham o‘ylab ringga tushadigan bo‘ladi»