08:30 / 02.10.2019
2 354

«Bu boshqa federatsiyalar ham uyg‘onsin degani» - Prezident bokschilarni taqdirlash marosimida

«Bu boshqa federatsiyalar ham uyg‘onsin degani» - Prezident bokschilarni taqdirlash marosimida
30 sentyabr kuni Ko‘ksaroyda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bokschilarni yuksak natijalar bilan qutlab, ularning ishtiroklaridan faxrlanganini aytib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Shavkat Mirziyoyev sportchilarning so‘zlaridan so‘ng hazillashishga ham ulgurdi. Taqdirlash marosimida 1999 yili AQShning Hyuston shahrida o‘tkazilgan jahon chempionati g‘olibi O‘tkir Haydarov ham qatnashib, nutq so‘zladi. Bokschilarning ishtiroklari haqida iliq fikrlar bildirgan Haydarov «Olimpiada o‘yinlarida bo‘lak sportchilarga ham omad tilayman», deya so‘zini yakunladi.

Prezident jahon chempionining bu gapidan so‘ng hazil ohangida boshqa federatsiyalarga ham murojaat qildi: «Bo‘lak deganini andijoncha tushunish kerak, bo‘lak degani boshqa federatsiyalar ham, uyg‘on degani. Men topshiriq berdim, har bir viloyatda bittadan sport maktabi yaratamiz. Sport bu juda katta kuch-qudrat, namuna. Biz ilmga, sportning har bir turiga chanqoq yoshlarni o‘z vaqtida bag‘rimizga olsak, bu yutug‘imiz bo‘ladi. Biz futbol bo‘yicha katta qaror tayyorlayapmiz, boks bo‘yicha ham qarorning konsepsiyasini ishlab chiqishga tayyorlanyapmiz. Har bir tumanda bitta maktabni boksga yo‘naltirib, konsepsiyada shu narsani ko‘rsatamiz. Mana, hozir so‘zga chiqqan O‘tkirbekning o‘z maktabi bor, sizlar ham shunga intilinglar, bilganingizni yoshlarga o‘rgatinglar»,— dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bokschilarning ustozlariga ham murojaat qilib, ularning mehnatini qadrlashini aytdi: «Shogirdlaringiz bilan har qancha faxrlansangiz, arziydi. Aytishga oson, lekin buning ustida qancha mashaqqat borligini faqat sizlar bilasiz. Sizlarga yana bir bor katta rahmat. Federatsiyaga ham alohida rahmat demoqchiman. Endi butun jahon bizga qarshi katta tayyorgarlik ko‘radi, endi orqaga yo‘l yo‘q. Endi kichkina-kichkina sport zallarida o‘zbek boksiga qarshi kurash kechmoqda. Dunyo sizning uslubingizni ilmiy o‘rganmoqda. Oldimizda Olimpiada turibdi, Xudo o‘sha kunlarda ham sizlarni tabriklashni nasib qilsin»,— dedi Shavkat Mirziyoyev.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Bu boshqa federatsiyalar ham uyg‘onsin degani» - Prezident bokschilarni taqdirlash marosimida