11:55 / 06.10.2019
3 254

Falastin bilan o‘yin arafasida jamoadagi muhit buzilganmidi? Kuperning tarjimoni bilan suhbat

Falastin bilan o‘yin arafasida jamoadagi muhit buzilganmidi? Kuperning tarjimoni bilan suhbat
Ektor Kuperning iste’fosiga olib kelgan bir oy oldingi muvaffaqiyatsizliklar terma jamoa boshqaruviga Vadim Abramov kelishi ortidan ko‘pchilikning yodidan ko‘tarildi. O‘zbekiston milliy jamoasi 2 oktyabrdan Abramov rahbarligida Toshkentda yig‘in boshladi.

Milliy jamoaning JCh-2022 saralashidagi navbatdagi o‘yinlari oldidan Kun.uz Kuperning tarjimoni, O‘zbekistondagi faoliyatining boshidan oxirigacha argentinalik murabbiy bilan yonma-yon ishlagan Davron Ahmedov bilan suhbat tashkil qildi.

Ahmedov suhbat davomida qator mavzularga to‘xtalib, shular qatorida Falastin bilan o‘yindagi kutilmagan mag‘lubiyatga (0:2) ham izoh berib o‘tdi.

«O‘yingacha bo‘lgan davrda hammasi a’lo darajada edi. Jamoadagi kayfiyat ham. Ko‘pchilik muhit buzilgan bo‘lgan, deya fikr bildiryapti. Jamoaning ichidagi odam sifatida aytishim mumkinki, boshqalardan ham so‘rashingiz mumkin, muhit buzilishidan asar ham yo‘q edi.

O‘yinchilarning tayyorgarligi ham yaxshi edi. Bunday natijani hech kim kutmadi. To‘g‘ri, sun’iy maydon haqida gapirsak, buni bahona deyishadi. Lekin buning ham roli katta bo‘ldi. Chunki mister Misr milliy jamoasini boshqarganida ham Jahon chempionatining saralashining birinchi o‘yinida Chad termasiga yutqazgan. Tasavvur qiling, Chad terma jamoa borligini ko‘pchilik muxlislar bilmaydi ham... Shularga sun’iy maydonda o‘sha Saloh, Elnenisi bor Misr mag‘lub bo‘lgan. Lekin qolgan o‘yinlarda ochko yig‘ib, JChga chiqishgan.

Falastin bilan o‘yinda, e’tibor bergan bo‘lsangizlar, ikkinchi bo‘limda mister o‘z uslubidan voz kechib, tavakkalroq o‘ynashga harakat qildi. Chunki gol urish kerak edi. Shuning uchun ikkala qanot himoyachisini ham oldinga jo‘natdi. Falastinning murabbiyi esa misterni uning o‘z taktikasi bilan mag‘lub qildi. Ya’ni himoyadan, ikkinchi jamoa bo‘lib o‘ynab, bizni jazoladi.

Gol o‘tkazib yuborgandan keyin, bilasiz, bizda baribir psixologik faktor bor. Bilmayman, mentalitetimiz shunaqami, gol o‘tkazgandan keyin vaziyatdan chiqib ketishimiz qiyin. Bunaqasi kamdan kam bo‘lgan. Falastin bilan o‘yindan keyin ham hammaning kayfiyati tushib, o‘yinchilar o‘ynashni, yugurishni xohlamagandek taassurot qoldirdi, degan gap-so‘zlar chiqa boshladi.

Lekin muhit buzildi, degan gapga qo‘shilmayman. Chunki misterning ishdan ketishi ma’lum bo‘lganidan keyin ham juda ko‘plab, deyarli barcha futbolchilar telefon qilib, xabar yozib: «Nima bo‘lyapti, nega bunday qarorga kelindi», deb so‘rashdi. Shuning uchun ham jamoadagi muhit yomon edi, deb ayta olmayman.

Unda mag‘lubiyatga nima sabab bo‘ldi? Futbolda, masalan, bitta mashqni o‘n marta, yuz marta takrorlaysiz, lekin o‘yinda bu chiqmay qolishi mumkin. Futbolni biz shuning uchun yaxshi ko‘ramiz. Zo‘r o‘ynab turib yutqazishingiz, o‘yiningiz chiqmagan paytda yutib ketishingiz mumkin.

Falastinning shu sun’iy maydondagi o‘yinlariga qarasak, Eron ham yuta olmagan. O‘tgan saralash o‘yinlarida BAA mag‘lub bo‘lgan. Falastin shu paytgacha bizga gol ham ura olmagandi, deyishyapti. Lekin biz oldin bir marta bo‘lsa ham Falastinning sun’iy maydonida o‘ynaganmizmi? Yo o‘zimizda o‘ynaganmiz, yo neytral maydonda o‘ynaganmiz. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin, tushuntirish qiyin», – deydi Davron Ahmedov.

O‘FAdagi faoliyatini davom ettirayotgan Ahmedov suhbat davomida Kuper bilan tanishuvi va unga tarjimon etib tayinlanishi qanday ro‘y bergani, murabbiy unda qanaqa taassurot qoldirgani, uning Toshkentdagi kundalik hayot tarzi, xarakteridagi ayrim jihatlar, iste’fo qay tariqa ro‘y bergani kabi mavzularda ham so‘z yuritdi.

U, shuningdek, bir yildan ortiqroq vaqt milliy jamoa ichida bo‘lgan inson sifatida o‘zbekistonlik futbolchilarda vatanparvarlik tuyg‘usi yetishmasligi haqidagi e’tirozli fikrlarga ham munosabat bildirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Falastin bilan o‘yin arafasida jamoadagi muhit buzilganmidi? Kuperning tarjimoni bilan suhbat