14:30 / 10.10.2019
6 353

Bektemir Meliqo‘ziyev hech bir o‘zbek bokschisi qilmagan ishni qilmoqda

Bektemir Meliqo‘ziyev hech bir o‘zbek bokschisi qilmagan ishni qilmoqda
Professional boksning super o‘rta (-76,2 kg) vazn toifasida ringga ko‘tarilayotgan Bektemir Meliqo‘ziyev yilning eng markaziy boks oqshomida ringga ko‘tariladi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, Bektemir Meliqo‘ziyev 2 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan boks oqshomida fransiyalik mashhur bokschi, besh karra sobiq jahon chempioni, to‘rt karra jahon chempionlik kamari uchun janglarda ishtirok etgan Hassan N‘Dam N‘Jikamga (37-4, 21 KO) qarshi ringga ko‘tariladi. Jang 10 raunddan iborat bo‘lib super o‘rta vazn toifasining WBA InterContinental chempionlik kamari uchun kechadi.

Ahamiyatli tomoni mazkur boks oqshomining markaziy jangida afsonaviy Saul «Kanelo» Alvares (51-1-2, 35 KO) rossiyalik Sergey Kovalyovga (34-3-1, 29 KO) qarshi ringga ko‘tariladi. Bektemir aynan shu boks kechasining kardida ringga chiqadi. Janglar Las-Vegasdagi mashhur MGM Grand saroyining «Garden Arena»sida bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, Hassan N‘Dam N‘Jikam faoliyati davomida 41ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning faqatgina to‘rttasida mag‘lub bo‘lgan va bu to‘rttala jang ham jahon chempionlik kamarlari uchun kechgan. WBA yo‘nalishi bo‘yicha uch marta vaqtinchalik, bir marta esa mutlaq jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan. WBO yo‘nalishi bo‘yicha ham vaqtinchalik jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan. So‘nggi marta u 4 oy muqaddam super o‘rta vazn toifasining yetakchisi Kallum Smitga (26-0, 19 KO) qarshi WBA va WBC jahon chempionlik kamarlari uchun ringga chiqib imkoniyatni boy bergandi.

Ayni vaqtda N‘Jikam bokschilarning rasmiy statistika ma’lumotlarini yurituvchi yetakchi Boxrec portali reytingida 10 o‘rinda bormoqda. Ma’lumot uchun, hali faoliyatini davom ettirayotgan biror-bir o‘zbekistonlik bokschi bu darajadagi yuqori o‘rinda turgan bokschiga qarshi ringga ko‘tarilmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bektemir Meliqo‘ziyev hech bir o‘zbek bokschisi qilmagan ishni qilmoqda