15:18 / 10.10.2019
2 531

Oksana Chusovitinadan yana bir rekord

Oksana Chusovitinadan yana bir rekord
Sport gimnastikasi bo‘yicha yetti karra olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi Oksana Chusovitina 2020 yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan Yozgi olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri manbalari xabar bermoqda.

Bu natija orqali u faoliyati davomida sakkizinchi olimpiadada ishtirok etadigan bo‘ldi va o‘zining Ginnes rekordlari kitobidagi rekordini yangiladi.

Germaniyaning Shtutgart shahrida bo‘lib o‘tayotgan sport gimnastikasi bo‘yicha jahon chempionati bahslarining tayanib sakrash turida ishtirok etayotan 44 yoshli Chusovitina individual bahslarda Olimpiada yo‘llanmasini beruvchi normani bajardi va sakkizinchi bor bunday nufuzli turnirda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Chusovitinadan tashqari mazkur musobaqada ishtirok etayotgan yana bir o‘zbekistonlik sportchi Rasul Abdurahimov yakkalik bahslarda qayd etgan natijasi bilan olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik sportchilar soni ayni vaqtga kelib 10 nafarga yetdi.

Ma’lumot uchun, Oksana Chusovitina 1992 yildan boshlab 2016 yilga qadar o‘tkazilgan barcha yetti olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan. Bu sport gimnastikasi tarixidagi eng yaxshi natija bo‘lib, sportchi 2016 yilda Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgandi. Olimpiadalar tarixidagi mutlaq rekordchi esa ot sporti ustasi kanadalik Ian Miller sanaladi. U 1972 yildan 2012 yilga qadar jami 10ta Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan.

Chusovitina 1992 yilda MDH terma jamoasi tarkibida olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritgan. 2008 yilgi Pekin olimpiadasida esa Germaniya terma jamoasi safida ishtirok etib kumush medaliga sazovor bo‘lgan. Bundan tashqari u uch karra jahon chempioni (bittasida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida), to‘rtta kumush (ikkitasi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida) , to‘rtta bronza (uchtasi O‘zbekiston tarkibida) medallarini qo‘lga kiritgan. Ikki karra Osiyo o‘yinlari chempionligini, to‘rtta kumush va ikkita bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Germaniya terma jamoasi bilan esa Yevropa chempionligi va Yevropa chempionatining to‘rtta kumush medalini qo‘lga kiritgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oksana Chusovitinadan yana bir rekord