12:23 / 11.10.2019
2 341

“Xotira mashqi”. Yamanni “yomon qilganimiz” haqida

“Xotira mashqi”. Yamanni “yomon qilganimiz” haqida
Abramov har qancha kamtarlik qilib, xatolar haqida gapirmasin, kechagi oʻyin har qanday murabbiy uchun ideal kechdi, deb aytish mumkin va ishonamanki, aslida Karlenich ham oʻzini zoʻrgʻa bosib turibdi. Yirik hisobda gʻalaba qozonildi. Darvoza daxlsizligi saqlandi. Raqib atigi bir marta aniq zarba berdi. Biror marta burchak toʻpi tepmadi hatto.

Tezkor gol urildi. Tarkibga yangi qoʻshilgan futbolchi hisobni ochdi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchi ham gol urdi. Golni bosh bilan ham urdik, standart vaziyatlardan ham urdik, uzoq masofadan zarba bilan ham, kombinatsion oʻyin natijasida ham raqib darvozasi ishgʻol qilindi. Har qanday murabbiy uchun ideal ssenariy va natija. Xoʻsh, Abramov nimani oʻzgartirdi va u nima bilan maqtanishi mumkin aslida? Keling shu haqida gaplashamiz.

Futbolda “skill” (skill) degan termin bor. Masalan, bir futbolchining qobiliyatlari majmuasini anglatadi. U boshi bilan qanday oʻynaydi, zarbasi qanaqa, texnikasi, jismoniy koʻrsatkichlari, boʻyi, qaysi oyoqda qanday tepadi, paslari – umuman maydonda kerak boʻladigan mana shu harakatlarni bajara olishiga qarab uning “skill”iga baho berish mumkin. Oʻzbekcha qilib, “mahorat” desa ham boʻladi. Murabbiyning vazifasi maydondagi 11 futbolchining u yoki bu mahoratidan kelib chiqib, tarkibni va vazifalarni aniqlash. Maqsad shuki, 11 futbolchining “skill”lari jamlanmasidan jamoaning umumiy qobiliyati maksimum darajaga chiqishi kerak. Xoʻsh, qisqa muddatda, natija ham muhim boʻlib turgan paytda, mana shu maqsadga erishishning eng qisqa yoʻli qaysi? Bu ikkinchi savol.

David Vilyani eslasangiz kerak. Jahon va Yevropa chempioni. “Barselona”ga oʻtgach ham, uning faoliyati yomon kechmadi. Chempionlar Ligasi finalida gol urganining oʻziyoq hammasini aytib turibdi. Lekin savol tugʻiladi, Vilya “Barselona”da bor mahoratini namoyish qila olganmi? Nega biz Vilya deganda, avvalo Ispaniya terma jamoasi libosini, keyin esa, “Valensiya”ni eslaymiz? Bu haqida bir paytlar rus sharhlovchilari ham munozara qilishganda, Yuriy Rozanov juda qiziq fikr aytgandi. U Vilyaning “Barselona”da toʻliq ochilmaganini isbotlar ekan, sherigiga savol berdi?

- Xoʻp, Ispaniya terma jamoasida Vilya zoʻrmi yoki Pedro?
- Albatta, Vilya.
- “Barselona”dachi?

Sherigi “Pedro” deb yuborishiga sal qolgandi. Aytmasa ham, hammasi tushunarli edi, albatta, “Barselona”da Pedro kuchliroq koʻrinardi. Xoʻp, hech boʻlmasa aytish mumkinki, bu savolga javob xuddi Ispaniya terma jamoasi kabi aniq emas, “Pedro yaxshiroq” deydiganlar chiqadi “Barselona” uchun, toʻgʻrimi?

“Skill” borasida Vilya Pedrodan kuchliroq, bunga aminman. Lekin Pedroning “Barselona”dagi foydalilik darajasini oshiradigan, uning “skillari”ni samaraliroq qiladigan muhim jihatlar bor. Birinchidan, Pedro – “La Masiya” tarbiyalanuvchisi, jamoa oʻyin uslubida oʻsgan. Ikkinchidan, tarkibdagi futbolchilar bilan tushunish darajasi yuqoriroq, bogʻlamlar shakllangan.

Demak shunday xulosaga kelamizki, bir futbolchidan samaraliroq foydalanish uchun, “skill”dan tashqari, futbolchining uslubga mosligi, shuningdek, jamoadoshlar bilan bogʻlamlari, tushunish darajasi ham ahamiyat kasb etar ekan.

Endi oʻyindan oldingi Abramov boʻlib koʻramiz. Futbolchilar maʼlum, ularning mahorat va tajribasi haqida maʼlumot bor. Ularning “skill”larini oshirish uchun qilinishi mumkin boʻlgan mashgʻulotlarga vaqt yoʻq. Ulardan foydalanish uchun mos uslub va taktika uchun ham koʻp vaqt ketadi. Nima qilish mumkin?

Aslida Abramovning Kuperga nisbatan oʻyinga boʻlgan qarashi, falsafasi butunlay teskari boʻlsa-da, kecha murabbiy hech narsani tubdan oʻzgartirishga kirishmadi. Bu tushunmovchiliklarni koʻpaytirar, “perezagruzka” oʻyinga salbiy taʼsir qilib, hatto natija ham risk ostida qolishi mumkin edi.

Abramov boshqa yoʻl tanladi. Samarani oshirish uchun tarixdan foydalandi. Eski, ishlangan, balki unutilgan, ammo qayta jonlantirsa boʻladigan yoki shundogʻam ishlab turgan bogʻlamlarni oʻyinga koʻchirishga qaror qildi. Alijonov Hamdamov bilan “Paxtakor”da oʻynab yuribdi, narigi qanotda Sayfiyev – Masharipov juftligi haqida ham shunday deyish mumkin. Oldingi chiziqdagi Hamdamov bilan Shomurodov ham yetarlicha vaqt mobaynida “Bunyodkor”da sherik boʻlishgan. Eng asosiy pozitsiyaga Jamshid Iskanderov tanlanganini ham endi tushungandirsiz?

Ahmedovning biroz formada emasligi natijasida, jamoaning asosiy bogʻlovchisi sifatida Iskanderov tanlandi, Qoʻziboyev yoki Hamrobekov emas. Chunki Jamshid har ikki qanotdagi “paxtakorchilar”ga ham begona emas, uning deyarli barcha yoshdagi terma jamoalarida toʻp surib ulgurgani tufayli, maydondagi har qanday futbolchi bilan oʻz tarixi bor. Qanotlarda amalga oshirilgan “uchburchak”lar aynan Iskanderovning faolligi evaziga yaratilganiga eʼtibor berishingiz mumkin.

Ayniqsa, birinchi boʻlimda Shukurovning oʻyini qovushmaganini ham shunday izohlash mumkin. Maʼlumki, Otabek - tizim futbolchisi. Taktikalar, uslublar, tizimlarning poydevori boʻla oladi, umuman oʻyin uning ustiga quriladi. Eslasangiz, Kuper jamoasida ham Shukurov aynan Osiyo Kubogida eng yaxshi oʻyinlarini koʻrsatgan. Sababi, Osiyo Kubogi uchun alohida tayyorlanilgan, murabbiyning koʻrsatmalari va uslubining shakllanishi maromiga yetgan – bunday tizimli futbolda Shukurov asosiy figura boʻlishi aniq edi.

Toʻpni nazorat qilish, paslar, unga uzatilgan paslar va yana juda koʻp koʻrsatkichlarda Shukurov terma jamoa yetakchisi edi, oʻyin aynan uning atrofida va yordamida qurilardi. Ertaga, jamoa toʻliq Abramovniki boʻlganida, oʻyin Abramovning falsafasi, uslubi, taktikasi va koʻrsatmalari asosida qurilib, toʻliq shakllanganida, yana Shukurov katta sahnaga chiqishi aniq. Kecha esa, yuqorida aytganimdek, oʻyin maʼlum bir uslubga, konkret bir tizimga tayanilmagandi, poydevor aynan “bekraund”dan, eski bogʻlamlardan tashkil etilgandi.

Umuman, koʻpincha murabbiy almashganda shunday boʻladi. Eski murabbiy maʼlum bir tizimni allaqachon ishlab chiqqan, aynan shu tizimga mos “skill”ga ega boʻlgan futbolchilar tanlanib, jamoa qurilgan boʻladi. Agar tizim va taktika ish bermaslikni boshlasa, har bir futbolchining “skill”i tushib ketadi. Jamoaning umumiy mahorati, saviyasiga putur yetadi. Tabiiyki, hech qaysi murabbiy oʻz qarashlarini tubdan oʻzgartirishga qodir emas, uning vaziyatni oʻnglash uchun qoʻllagan yechimlari ham, aynan eski poydevor ustida amalga oshiriladi. Tarkibda kimnidir almashtirishi yoki qandaydir motivatsiya berishi mumkin, xolos. Va isteʼfo.

Yangi murabbiy uchun esa, bu oson vaziyat aslida. Eng muhimi, u shoshilmasligi, vaziyatning “oyogʻini osmondan qilib” yubormasa boʻldi. Bunday vaziyatda aynan mahalliy murabbiy tanlanishi ham foydali, chunki Abramov har bir oʻzbek futbolchisining nafaqat qobiliyati, balki tarixidan ham, kim kim bilan yaxshi tandem boʻla olishidan ham xabardor. Chetdan kelganda, qisqa muddatda barcha maʼlumotlarga ega boʻlish imkonsizdir. Shuning uchun, Yevropa klublarida ham, murabbiy isteʼfoga chiqqach, vaqtincha oʻsha shtabdan yoki futbolchilardan kimdir vaziyatni qoʻlga oladi. Qisqa muddatda jamoa muhitini va natijalarini ijobiy tomonga burish uchun eng samarali yoʻl shu.

Kechagi oʻyindagi gʻalaba koʻproq futbolchilarniki. Aynan Yamanga qarshi yoki umuman mana shu palla uchun murabbiyning chizgilari boʻlishi imkonsiz. Abramovning yutugʻi esa, u shu nozik vaziyatni juda toʻgʻri his qila oldi. Tarkibni toʻgʻri tanladi va futbolchilarga halaqit qilmaslikning uddasidan chiqdi. Bu ham murabbiy gʻalabasi, aslida.
Qahramon Aslanov



Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Xotira mashqi”. Yamanni “yomon qilganimiz” haqida