14:55 / 14.10.2019
3 522

Vadim Abramov Braziliya, Singapur va "zontik" haqida

Vadim Abramov Braziliya, Singapur va "zontik" haqida
O‘zbekiston terma jamoasi bugun Singapurga uchib ketganidan xabaringiz bor.
Kecha futbolchilarimiz "Jar" stadionida safar oldidan so‘nggi mashg‘ulotni o‘tkazishgandi. Ushbu mashg‘ulotdan keyin terma jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan suhbatlashdik.

- Navbatdagi raqib Singapur. Ular o‘z maydonida ikkita bahsda yutqazishmadi, lekin safarda Saudiya Arabistoniga yirik hisobda yutqazishdi. Bu Singapur uy jamoasi ekanligini anglatadimi yoki Saudiya Arabistoni shunchalik kuchlimi?
- Har bir jamoa raqib imkon bergani darajasida o‘ynaydi. Demak Saudiya Arabistoni shunday o‘ynaganki Singapur yirik hisobda mag‘lub bo‘lgandir. Singapur Iordaniyada yig‘in o‘tkazgandi balki u yerda ko‘p qolib ketishgandir, balki iqlim boshqachadir, buni men bilmayman. Biz esa raqibni o‘rganayapmiz va ularni hurmat qilamiz. Muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz. G‘alaba qozonish kerakligini bilamiz va o‘yinga jiddiy munosabatda bo‘lamiz.

- Yaman bilan bahsdan oldin ularni "doska"da mag‘lub etdik degandingiz, maydonda ham yutdik. Singapurni "doska"da mag‘lub etdikmi?
- "Doska"da menimcha hammani yutib bo‘lganmiz. Agar Braziliyani bo‘lsa ularni ham yutamiz. Faqat maydonda yutish boshqa, ha. Futbolchilar ko‘rsatmalarni qanchalik tushunishganini o‘yindan keyin bilib olamiz.

- Mashg‘ulotlarni kuzatish jarayonida ko‘rdikki Yaman bilan bahsdagi tarkibda bir-ikkita o‘zgarish bo‘ladi. Shundaymi?
- Yo‘q, mashg‘ulotlarda ko‘rgan tarkibingiz asosiy tarkib emas. Futbolchilarga shunchaki "jiletka"larni kiydiramiz va tayyorgarlik ko‘ramiz. Yigitlar qanday "jiletka"da tayyorgarlik ko‘rishining ahamiyati yo‘q.

- Olimpiya terma jamoasi bilan nazorat bahsida so‘nggi 20 daqiqada uch himoyachi bilan o‘ynagandik, ertaga ham shunday taktikada o‘ynashimiz mumkinmi?
- Umid qilamanki bunga hojat qolmaydi. Bu o‘yin paytida natijaga erisha olmayotgan paytdagi zaxira varianti.

- Terma jamoa Singapurga o‘yindan bir kun oldin kechki payt yetib boradi va rasmiy mashg‘ulot o‘tkazilmaydi. Bu bizga pand bermasmikin?
- Menimcha bu xalal bermaydi. Biz Toshkent vaqti bilan yashaymiz. O‘yin kuni ertalab kichik mashg‘ulot o‘tkazamiz.

- O‘yin bo‘ladigan kun Singapurda yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgan ekan. Bunga tayyormisizlar?
- Ob-havo qanday bo‘lishi bizga bog‘liq emas, uni o‘zgartira olmaymizku. Yomg‘ir yog‘sa demak o‘zimiz bilan soyabon (zontik) olamiz (kuladi).

Narzulla Saydullayev

Manba: championat.asia

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov Braziliya, Singapur va "zontik" haqida