00:25 / 18.10.2019
2 790

Rauf Inileyev: Ortiqcha darajada quvonib ketmasligimiz kerak

Rauf Inileyev: Ortiqcha darajada quvonib ketmasligimiz kerak
O‘zbekiston milliy terma jamoasi safarda Singapurga qarshi kechgan uchrashuvda kutilganidek, navbatdagi uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Endi esa turnir jadvalida ham vaziyat o‘zgardi. Boisi, Saudiya Arabistoni Falastinda durang o‘ynagach, endi O‘zbekiston «D» guruhida peshqadamga aylandi. Birinchi turdagi mag‘lubiyatdan keyin Vadim Abramov Ektor Kuperning o‘rnini egallagach, vakillarimiz ikkita o‘yinda 8 ta gol urishdi. Bu esa terma jamoamiz yana hujumkor o‘yin ko‘rsata boshlaganidan darak beradi. Singapurga qarshi uchrashuvdan keyin esa yurtimizda ko‘zga ko‘ringan mutaxassislardan biri Rauf Inileyevning bir qator masalalardagi fikrlari bilan qiziqdik.

Singapur bilan o‘yin haqida
- Avvalambor, g‘alaba qozonib uch ochkoni qo‘lga kiritganimizga xursand bo‘lishimiz kerak. Aytishim kerakki, bu ishonchli g‘alaba bo‘ldi. Birgina natija jihatidan ham emas, balki o‘yin tomonlama ham ustunlik qilib turdik. Ha, bizda yana golli imkoniyatlar bo‘ldi. Lekin raqibga qaraganda O‘zbekiston ayniqsa, o‘yin tomonlama ancha kuchli ko‘rindi. Albatta, biz ham ishonchli g‘alaba qozonganidan xursandmiz. Muhimi, yigitlarimiz safarda munosib o‘yin ko‘rsatishdi va natija ham shunga yarasha bo‘ldi.

Albatta, mehmondagi dastlabki o‘yinga qaraganda hozirda jamoamizning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ancha ortgan. Bu esa albatta kishini xursand qilmasdan qolmaydi. Ammo hozirgi jarayonda hissiyotlarga berilib, ortiqcha darajada quvonib ketmasligimiz kerak. Chunki keyingi bosqichda hammasi hal bo‘ladi. O‘ylaymanki, biz bu bosqichdan xotirjamlik bilan o‘tib olamiz. Ana shundan so‘ng hal qiluvchi bosqichga jiddiy qarash kerak bo‘ladi. Ayni paytda esa terma jamoamizga yangi qon quyilyapti va yangi avlod desak ham bo‘laveradi.

O‘zingiz ham bilgan bo‘lsangiz, terma jamoamizni yoshi katta o‘yinchilarimiz tark etishyapti. Timur Kapadze, Aziz Haydarov, Server Jeparov, Anzur Ismoilov…Bu o‘yinchilarni jamoaning yuragi deb hisoblasak ham bo‘laverardi. Endi esa terma jamoamizda yangi avlod shakllanib boryapti. Men shuni istardimki, bizning jamoamiz bemalol Osiyoning yetakchilari bilan raqobatlasha olsin. Aslida Rossiyadagi mundial uchun o‘tkazilgan saralashda qatnashgan tarkibimiz ham yomon emasdi.

Ammo o‘sha paytda biz biroz kech qolgandik. Boshida yomon emasdi, yoshlar chiqib o‘ynashayotgandi. Ammo oxiriga kelib negadir yoshlar kam o‘ynashdi va yoshi kattalarga ishonch bildirildi. Shu narsa bizning xatoimiz bo‘lgandi. Yoshlarni yaqinlashtirmadik, ustiga-ustak jismoniy tomondan ham kuchimiz yetmadi. Mana, endi bizda ham avlodlar almashinuvi yuz beryapti. Ammo buni biroz ertaroq amalga oshirish kerak edi.

Masalan, shu narsani oldingi saralash bahslarida amalga oshirganimizda hozirga kelib jamoamiz butkul tayyor holatda bo‘lardi. O‘tgan safargi saralashda ishtirok etgan tarkib bilan solishtirganda Odil Ahmedov bilan Eldor Shomurodov qolgan. Bugungi kunda esa Shomurodov, Masharipov kabi futbolchilar jamoamiz yetakchilariga aylanishgan. Yoshlardan esa Aliboyev, Alijonovga o‘xshagan iqtidorlarimiz ham yetishib chiqishmoqda. Albatta, ularni yetakchi termalarga qarshi qanday o‘ynay olishini ham ko‘rishimiz kerak.

Darvozabon masalasiga kelsak, Ignatiy Nesterovga o‘xshagan, o‘ziga ishongan posbonimiz bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Eldor Suyunov termada o‘ynashni yaqinda boshladi, ozgina tajriba yetishmayapti. Darvozabon yarim jamoa deyiladi va u kerak bo‘lsa himoyachilarni boshqarib turishni bilishi kerak. Bizda himoya chizig‘i ham almashdi. Bungacha Anzur Ismoilov bilan Yegor Krimets asosiy himoyachilarimiz sifatida o‘ynashayotgandi. Endi esa boshqa himoyachilar to‘p surishyapti. Bu bosqichda mudofaa chizig‘ini sinab ko‘rish u qadar bilinmaydi. Chunki biz kuchli jamoalarga qarshi o‘ynamayapmiz. Shuning uchun hozircha himoyachilarimiz to‘g‘risida bir narsa deyish qiyin.

Birinchi o‘yinga keladigan bo‘lsak, himoya chizig‘imizda ozgina muammo ko‘rinib qoldi. Ammo uyimizdagi va Singapurdagi bahslarda ishonchli o‘ynashdi. Bizni xursand qilayotgani shuki, futbolchilarimiz o‘zlariga ishongan holda o‘ynashyapti. Yana bir quvontiradigani shundaki, o‘yinchilarimiz xorijda yaxshi jamoalarda to‘p surishyapti. Aliboyev, Ahmedov, Shomurodov, Ashurmatov kabilarning tajribalari asqotyapti. Yangi o‘yinchilardan Sanjar Qodirqulov ham o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatyapti.

Ektor Kuper xususida
- To‘g‘ri, Kuper bilan o‘ylagan rejalarimiz unchalik o‘xshamadi. O‘ylaymanki, u o‘zbek futbolini oxirigacha yaxshi o‘rgana olmadi. Chunki azaldan O‘zbekiston hujumkor o‘yin namoyish etardi. Shunday ekan, o‘zbek futbolining kuchli tomoni ham aynan hujumkor o‘yin hisoblanadi. Menimcha, Kuper shu narsani to‘liq tushunib yeta olmadi. Bizni yana bir xatoimiz shu bo‘ldiki, u bilan shartnoma imzolanayotganda o‘zbekistonlik biror-bir mutaxassis unga yordamchi bo‘lishi kerakligi haqida aytish kerak edi. Kuperni esa yonida maslahat qiladigan odami ham yo‘q edi.

Ayniqsa, biror-bir mahalliy murabbiylardan yordamchisiga ega emasdi. Argentinalik mutaxassis kelgunicha Timur Kapadze terma jamoani vaqtinchalik boshqarib turgandi. Biroq Kuper kelganidan keyin o‘z-o‘zidan Kapadze termada yo‘q bo‘lib qoldi. Bu esa bizning muammoimiz edi. Xorijdan murabbiy keldimi, albatta uning yoniga o‘zbek futbolini yaxshi biladigan mahalliy mutaxassis zarur edi. Shuning uchun futbolchilar va murabbiy bir-birini to‘liq tushunmadi. Hozirgi murabbiylar shtabi esa futbolimizdagi kuchli va kuchsiz tomonlarini yaxshi bilishadi.

Ular aynan kuchli bo‘lgan tarafimizni bilgan holda shu orqali o‘yinni tuzadilar. Albatta, Kuperning yonida mahalliy murabbiy bo‘lmagani aslida uning xatosi ham emasdi. Shunchaki, o‘sha paytdagi rahbariyat uning yoniga albatta mahalliy murabbiyni biriktirishi lozim edi. O‘ylaymanki, bu rahbarlarning katta xatosi edi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bir qator terma jamoalar o‘zining mahalliy murabbiylari bilan yaxshi natijalarga erishishyapti. Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, Rossiya bilan Ukraina muddatidan oldin vazifani bajarishdi. Ularda kim ishlayapti?

Ukrainada Shevchenko, Rossiyada esa Cherchesov. Ular mahalliy murabbiylari bilan jahon chempionatiga chiqishdi Vaholanki, ularda ham ilgari nomi chiqqan jahon darajasidagi murabbiylar ishlashgan. Ammo ular hech nima qila olishmagan. Fikrimcha, O‘zbekistonni o‘zbekistonlik murabbiy boshqarishi kerak. Ana shunda ko‘proq foydasi tegadi. Yoki chetdan chaqirgan taqdirda ham hech bo‘lmaganda yuqorida aytganimdek, yordamchisi o‘zimizdan bo‘lishi kerak edi.

Biz Abramov bilan jahon chempionatiga chiqa olamizmi?
- Hammasini Xudo biladi. Chunki har safar bizga ozgina yetmay qolyapti. Agar oldingi saralashlardagi xatolarimizni takrorlamasak, menimcha mundialga chiqsa bo‘ladi. To‘g‘ri, legionerlarimiz yaxshi chempionatlarda o‘ynashyapti. Lekin yana bir og‘riqli jihati – bu o‘zimizning chempionatimiz bilan bog‘liq. Afsuski, bizning chempionatda futbolchi o‘smayapti. Mana, Angliya chempionatini ko‘ring, o‘tgan yili juda qiziqarli kechdi. Oxirigacha chempionlik uchun kurash kechdi. Yoki Rossiya chempionatini qarang, bu yil beshta klub chempionlik uchun qattiq kurashyapti.

Bizda esa chempion allaqachon ma’lum va u boshqalarga qaraganda ikki barobar ko‘p ochko yig‘ib bo‘lgan. Boshqa chempionatlarda esa bunday holatni ko‘rmaysiz. Bunday bo‘lmasligi kerak va biz chempionatimiz mavqeini kuchaytirmasak bo‘lmaydi. Qachon bizning chempionatimiz kuchaysa va yaxshi legionerlar kelsa, shunda mahalliy o‘yinchilarimizda o‘sish kuzatiladi. Bu ham katta muammolarimizdan biri. Shu bois biz o‘zimizning chempionatimizga ham jiddiy qarashimiz kerak. E’tibor bergan bo‘lsangiz, saralashdagi o‘ynayotgan raqiblarimizning chempionatlari ham unchalik kuchli emas.

Keyingi bosqichda esa Yaponiya, Eron, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi termalar bilan raqobatlashamiz. Ularda esa ichki chempionat ancha kuchli. Shuning uchun biz ham o‘z chempionatimizni kuchaytirishimiz shart. Hozirda Rossiyada klublar uchun fond tashkil etilyapti. Bu fond esa klublarga yordam beradi. Bizda OFK Kubogini yutgan jamoa bor. Bu – «Nasaf». Hozirda esa ular qiyin ahvolga tushib qolishgan. Moliyaviy holati oldingidek emas. Agar bizda ham klublarga yordam beriladigan fond yaratilsa, raqobat kuchayadi va chempionat saviyasi ham ortadi.

Bizda esa faqat bir-ikkita klubga yaxshi homiylar topishadi. Hozircha esa bizning chempionatimizda saviya past. Buning uchun esa vaziyatni hal qilish maqsadida ko‘proq ishlashimiz kerak. Biz albatta jahon chempionatiga chiqishimiz kerak. Lekin mundialga shunchaki chiqish emas, balki u yerda munosib o‘ynashimiz lozim. Xullas, chempionatimiz rivojlanmasa terma jamoamiz ham rivojlanmaydi.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rauf Inileyev: Ortiqcha darajada quvonib ketmasligimiz kerak