22:08 / 19.10.2019
3 668

Shomurodov — RPLning superyulduzi. Uning gollari bilan «Rostov» peshqadam, Eldor esa oddiy bozorda palov yeydi

Shomurodov — RPLning superyulduzi. Uning gollari bilan «Rostov» peshqadam, Eldor esa oddiy bozorda palov yeydi
Eldor Shomurodovning ushbu mavsum Rossiya chempionatidagi statistikasi o‘zgacha. 12 ta o‘yin, 10 ta gol va 2 ta golli uzatma. O‘zbekistonlik hujumchi «Rostov» safida atigi 3 ta o‘yindagina gol ura olmadi, xolos. Shomurodov ba’zi vaziyatlarda, hatto to‘pni bosh bilan bo‘ysundirish kerak bo‘lgan holatlarda ham gol kiritmoqda. Bunday holatni yaqindagina «Dinamo» himoyachilari o‘z boshidan o‘tkazib ko‘rdi. Keyin esa uning navbatdagi goli SSKAni mag‘lub etishga yordam berdi. Navbatda bo‘lsa, «Zenit» turibdi. 19 oktyabr, shanba kuni «Rostov» Sankt-Peterburgda mehmon bo‘ladi.

Foto: «Sports.ru»
Hozircha Eldor Yevropaning biror klubiga o‘tib ketmaganligidan foydalanib, uning Rossiya Premer Ligasidagi faoliyatiga nazar solsak zarar qilmaydi. U «Rostov»da faoliyati avvalida deyarli gol urmadi. Kuchuk («Rostov» sobiq bosh murabbiyi) Shomurodovning qanday ishlatishni bilmadi. Karpin esa uni o‘ng qanot himoyasiga qo‘ydi. Qaysidir vaziyatda klubdagilar uni ijaraga berib yuborish haqida ham o‘yladi, biroq Shomurodov «Rostov»da qoldi va top darajali hujumchiga aylandi.

Gleb Cheryavskiy esa Shomurodovning qanday topilgani, u qanday qilib Karpinni hayron qoldira olganligi va boshqa ko‘p narsalar haqida hikoya qilishga jazm etdi.

Shomurodov Afg‘oniston bilan chegaradosh hududda ulg‘aydi va mavsumdan oldin qurbonlik qiladigan o‘sha hudud jamoasida to‘p surdi
Eldor Termiz shahrida o‘sib ulg‘aydi. Bu O‘zbekistonning eng janubiy qismi bo‘lib, daryodan so‘ng Afg‘oniston sarhadlari boshlanadi. Undan bu haqda so‘rasam ajablanadi:

«Afg‘onistonda umuman bo‘lmaganman va bu davlat bilan hech ham qiziqmaganman. U yerda nima ham qiziq bo‘lishi mumkin axir menga? Men umuman boshqa davlatlar haqida orzu qilganman. Bolaligim aniq aytaman: og‘ir o‘tmagan. Ota-onam hozir ishlamaydi. Avval otam futbol o‘ynagan, onam esa oziq-ovqat do‘konimiz bilan shug‘ullangan», — deydi Eldor.

Shomurodovning bolaligi xotirjam va ortiqcha sarguzashtlarsiz o‘tgan: ko‘chada futbol o‘ynagan, ammo murabbiy nazoratida. Uning jamoasi qo‘shni shaharlardagi musobaqalarga borib turgan va doim g‘alaba qozongan. 12 yoshida esa o‘sha vaqtda O‘zbekistondagi eng yaxshi futbol akademiyasiga ega bo‘lgan «Mash’al» skautlari uning iqtidorini payqab qoladi.

Vaqtida Shomurodovni afsonaviy Rivaldo ishtirokidagi «Bunyodkor» o‘yiniga (agar yodingizdan chiqmagan bo‘lsa braziliyalik yulduz faoliyati so‘ngida O‘zbekistonda to‘p surgan) olib tushishga va’da berishadi. Oradan bir necha yil o‘tib esa Shomurodovning o‘zi ham «Bunyodkor»da paydo bo‘ldi: uni o‘smirlar terma jamoasidagi o‘yini orqali payqab qolishadi va mamlakatning o‘sha vaqtdagi asosiy klubiga taklif qilishadi. O‘zbekistonlik taniqli futbolchilardan biri Anzur Ismoilov vaqtida O‘zbekistonda mavsum oldidan jamoalar qurbonlik qilishi haqida aytgandi.

«Ha, mavsum oldidan qo‘y so‘yiladi. Qaysidir jamoalar buni stadionda, ba’zilari esa undan tashqarida shunday qiladi. Mening jamoamda esa unisi ham bunisi ham kuzatilgan. Muxlislar yo‘q, hamma darvoza ortiga o‘tib turadi. Mulla esa Qur’oni Karimdan duo o‘qiydi va qo‘yni maxsus belgilangan kishi so‘yadi. Bu jarayon juda tez bajariladi, go‘sht esa muhtojlarga tarqatiladi», — deya Anzurning so‘zlarini tasdiqlagandi Eldor.

Eldor «Bunyodkor»da qanot hujumchisi rolida harakat qilib, 60 ta o‘yin o‘tkazgan. U bu bahslarda 18 ta gol urishga erishgan. Natijalari esa shunday: O‘zbekiston chempionati kumush medali hamda mamlakat kubogi finali. Eldor umuman olganda o‘z vatanida yomon o‘yin ko‘rsatmadi.

«O‘zbekistonda do‘stlarimiz bor, aynan ular Eldorni sinab ko‘rishni tavsiya etgandi. O‘sha vaqtda Osiyo mintaqasida Eldor juda ham taniqli futbolchi emasdi. Ammo u Rossiyaga nisbatan aynan o‘sha yerda taniqliroq edi. U 20 yoshida Osiyo konfederatsiyasida liderlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasining asosiy hujumchisiga aylandi. Agar Suriya mag‘lub etilganda, jamoa o‘tish bosqichiga chiqib, Rossiya maydonlaridagi mundial ishtirokchisiga ham aylanishi mumkin edi.

Eldor uchun Osiyoda jamoa topish hech qachon muammo bo‘lmagan: «Rostov»gacha u mo‘maygina pul evaziga Qatar, BAA yoki Saudiya Arabistoniga yo‘l olishi mumkin edi. Xitoyda esa biroz boshqacha. U yerda yulduzli familiyalarga e’tibor qaratiladi. Biroq Eldorning qattiq xohishi bor edi: Yevropaga ketish. Bundan tashqari Rossiyaga kelish istagi ham bo‘lgan. Biz esa buni asosiy sifatida qabul qilib, birgalikda hammasini bosim va raqobat kamroq bo‘lgan kichikroq jamoa bilan boshlashga qaror qildik. Eldor bunga umuman qarshi bo‘lmadi.

Biz uni ko‘rish uchun uch marta uchib bordik va shartnoma imzolash yoki yo‘qligi borasida umuman shubha-gumon bo‘lmadi. Borgan vaqtimizda bizni qoyil qoldirgan holatni eslayman. U qoyilmaqom gol urgandi: hamma kuchli zarba berishini kutib turgan vaqtda Eldor ohistalik bilan to‘pni darvozaning to‘qqizligiga tashlab qo‘ygandi. O‘shanda uning qanday futbolchi ekanligini tushungandik. Shundan so‘ng ezmalik qilib o‘tirmasdan qog‘ozlar bilan uchishga qaror qildik. Shundan so‘ng yana bir qiziq vaziyat sodir bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi «Borussiya D»ning ikkinchi jamoasi bilan nazorat uchrashuvini o‘tkazdi. Biz o‘shanda ko‘proq Fyodor Smolov transferi haqida gaplashish bilan band edik. Skautlardan biri biz bilan uchrashuvda shunday dedi: «O‘zbeklarning chap qanotida kuchli, tezkor va bo‘ydor hujumchi, Yarmolenko uslubidagi forvard, sizniki emasmi?». Tushunyapsizmi, biz Eldor bilan atigi bir oy oldin shartnoma imzolagan edik. O‘sha lahzada biz bingoga duch kelganimiz haqida ham o‘yladik.

Foto: Google Images
«Rostov» bilan bir qatorda Eldorni «Ufa», «Krasnodar» va RPLning bir qator klublariga taklif qilgandi. Shuningdek, SSKA ham qiziqish bildirgandi
«Skautlar o‘yinchilarni kuzatayotgan vaqt bir qancha omillarga e’tibor qaratadi. Shuning uchun uni nimanidir o‘tkazib yuborishda ayblash noo‘rin. Biroz muddat avval SSKAning seleksiya bo‘limi rahbari Maksim Dyukov qo‘ng‘iroq qildi. U juda ham zamonaviy yigit. U xatolarini tan ola biladigan kishilar toifasidan. Vaqtida biz Eldorni taklif qilgandik, ular esa rad javobini bergandi. Dyukov shunday dedi: «Qahhor, siz bizni hayron qoldirdingiz. Bizning klubda Shomurodovga nisbatan umuman boshqacha baho berilgandi. U esa endi hammani hayron qoldirdi». To‘g‘risi, biz Eldorni deyarli barcha klublarga taklif etgandik. Faqatgina «Rostov» buni qabul qildi. Shuning uchun ularga alohida tashakkur izhor qilamiz», — deya yodga oladi Eldorning agenti Qahhor Mo‘minov.

Shomurodovda avvaliga «Rostov»da hech narsa o‘xshamadi. Kuchuk uni jarima maydonchasi ichiga qo‘ydi, Karpin esa Eldorni ozodlikka chiqardi
Rossiya chempionatiga kelgunga qadar Eldor 4-3-3 sxemasida qanot hujumchisi vazifasini bajargan. Kuchukda esa bunday sxema yo‘q edi. U asosan 5-2-2-1 sxemasidan foydalanardi. Eldor esa bunday holatda jarima maydonchasi ichidan o‘rin olishga majbur edi.

«Avvaliga Shomurodovni nima uchun sotib olinganini ko‘pchilik tushunmadi. Faqat bitta narsa ko‘pchilikni tinchlantirib turardi. U 21-22 yoshida mamlakat bosh jamoasi safida 20 ta o‘yin o‘tkazib ulgurgan edi. Kuchuk qo‘ygan pozitsiyasida esa Shomurodovda hech narsa o‘xshamadi. Bularning hammasi xato bo‘lib, Eldorga esa kengroq hudud kerak edi. Shundan so‘ng uni to‘p uzatishi uchun pleymeyker rolida ham sinab ko‘rishdi. Bundan ham hech narsa chiqmadi. Karpin davrida esa uni «Arsenal»ga (Tula) ijaraga berib yuborishlariga ham bir bahya qoldi. Shomurodov ham bunga tayyor edi deb o‘ylayman. Ammo u jamoada qoldi, Karpin esa uni hatto qanot himoyasida ham sinab ko‘rdi. Shunda hammasi tugadi, Eldor Osiyoga qaytib ketsa kerak deb o‘ylagandim », — deya xotirlaydi «Rostov» sobiq media ishchisi Nikita Kirilenko.

Eldor qanot himoyachisi sifatida kubok o‘yinida «Sizran»ga qarshi maydonga tushdi. «Rostov» o‘sha o‘yinda 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Shomurodov esa gol urdi.

«Juda og‘ir va noqulay bo‘ldi. Ammo baribir futboldan lazzat olishga erishdim. Agar qanot himoyasida o‘ynar ekansan, ko‘proq yugurishga to‘g‘ri keladi. «Sizran»ga qarshi bahsda esa himoyaga qaytmasa ham bo‘lardi. Shuning uchun meni qanot himoyasiga qo‘yishdi», — degandi uchrashuvdan so‘ng Eldor.

Himoyadagi sinov uzoqqa cho‘zilmadi: uni «Dinamo»ga qarshi o‘yinda bu chiziqda o‘ynatib ko‘rishdi, keyin esa hujumga qaytarishdi. U yerda esa Shomurodov vaziyatlardan foydalanishda muammoga duch keldi.

«U bir metr masofadan ham darvozani nishonga ola bilmasdi, — deydi Krilenko. — O‘yinda, mashg‘ulotlarda — istalgan joyda. Ya’ni Eldor to‘g‘ri ochilar va zarba pozitsiyasiga chiqib borardi, biroq zarbaga kelganda to‘p yuqoridan o‘tib ketardi. Unga hamma shunday derdi: «Shoma, uraqol endi». Keyinroq shunday vaziyat bo‘ldiki, u ketma-ket uch marta darvoza ustuni va to‘sinini nishonga oldi, bu esa Eldorga kuchli ta’sir qildi, mashg‘ulotlarda bir metr yuqoriga tepib yuborishda davom etdi. Karpin uni uyg‘ota oldi deb o‘ylayman. Shomurodov Osiyo Kubogidan qaytib keldi, u yerda ko‘p gol urdi. Valera esa o‘z uslubida piching qildi: «Shoma, nima sen faqat Pokiston, Falastin va qirg‘izlarga gol ura olasanmi? Sening Osiyo Kuboging — saviya emas, sen esa faqat o‘sha yerda o‘ynay olasan, xolos». Keyin hazil aralash muntazam uni qiyshiq tayoq deb atardi. O‘ylashimcha, Karpin bu niqtashlar bilan uni ilhomlantirdi va qayta uyg‘otdi. Kuchuk davrida unday bo‘lmadi, chunki u Petrosyancha hazil qilardi, Valeraniki esa oddiyroq».

Karpin Shomurodovga hazil qilishdan to‘xtamaydi. Intervyu paytida uzoqdan ovoz keldi: «Nima, mashhur bo‘lib qoldingmi, ****, hammaga intervyu beryapsanmi?». Sheriklari ham murabbiydan qolishmaydi.

«Bir marta bizni «Rostov-Arena»ga sayohatga olib borishdi, u yerda o‘zbek quruvchilari ham bor edi. Bu 2018 yilning mart oylari edi, stadion deyarli bitib qolgandi. Biz avtobusdan tushdik, o‘zbek quruvchilari esa Shomurdovga tashlanib qolishdi: «Eldor, Eldor». Barcha o‘yinchilar hazil qilib ketdi, Eldorga quruvchilar bilan qolishi va shu yerda ishlashi mumkinligini aytishdi. Kimligini eslay olmayman, Parshivlyuk, Skopinsev yoki Peskovdan biri edi», — deydi Kirilenko.

Va nihoyat Shomurodov 2019 yilning bahorida o‘zini ko‘rsatishni boshladi: «Spartak»ka g‘alaba golini urdi, keyin esa «Krasnodar»ga qarshi o‘yinda jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Aynan o‘sha o‘yinda uning boshi yorilgan va hal qiluvchi golni suzish uchun mo‘ljallangan qalpoqda urgandi. «Rostov» reabilitologi o‘shanda bu qalpoq zarbaga o‘zgacha impuls bergani va u shuning uchun yaxshi chiqqanini aytgandi.

«U qadar qattiq yorilmagan edi, oz miqdorda qonagandi, biroq birinchi marta bog‘langan bosh bilan o‘ynagandim. Avvaliga boshim yorilganini sezmadim, bu qon Martinovichniki deb o‘yladim. Boshimda oqayotganini his qilganimdan keyin, bu qon menga tegishli ekanini bildim. Nimadir surtishdi, qalpoq kiydirishdi. Bu suzish uchun mo‘ljallangan qalpoq ekanini ham bilmagan edim, unda o‘ynash u qadar qulay emas edi», — deydi Eldor.

Bu qalpoqdan butun boshli shou tashkil qilib yuborishdi, «Rostov» esa Eldorning omadli qalpog‘i borasida hazillar qildi.

Shomurodov bolaligidan «Chelsi»ga muxlislik qiladi va u yerda o‘ynashni orzu qiladi. U Joze Mourino bilan ham yuzlashgan

Foto: Instagram
Mavsum oldidan Karpin Shomurodovni asosiy hujumchi sifatida ko‘rayotganini ma’lum qildi. Keyin chempionat boshlandi va qatorma-qator gollar bo‘ldi. Shularga qaramasdan Transfermarkt portali Shomurodovning narxini kamtarona ko‘rsatmoqda — 2,5 million yevro (u yerda «Rostov» Eldorni 750 mingga sotib olingani qayd etilgan).

«Transfermarkt’ni tanqid qilish odatiy hol, garchi u yerda jiddiy ishlarni amalga oshirsalar ham, — deydi Mo‘minov. — Biroq keling rostini aytamiz: bu ob’ektiv o‘lchov emas, ammo futbolda undan boshqa o‘lchov yo‘q. Bundan tashqari, u yerda Eldor «Rostov»ga 750 ming yevro evaziga o‘tgani yozilgan. Biroq «Rostov» uni bu miqdordan ancha kamiga sotib olgan. Hozirda u eng yaxshi to‘purar, yaqinda shartnomani uzaytirdi, shu sabab narx boshqacha. Aslini olganda futbolchining narxi, unga qancha taklif qilishganiga qarab belgilanadi. «Shtutgart» uning transferi uchun 10 million yevro taklif qildi. SSKA ham shu miqdordagi pulni berishga tayyor edi. Bu yerda qaror qabul qilishni «Rostov»ga qoldirdik. Bu mavzuga qishda yana qaytishga qaror qildik, bizda shunga o‘xshash takliflar yana bor. Biroq «Rostov» yanvardagi transferga rozi bo‘lishi qiyin masala, bu yerda ularning pozitsiyasi ma’lum. O‘zbekistonda bo‘ldim, Eldor va uning oilasi bilan gaplashdim. Agar yozda top-ligalardan biridan taklif bo‘ladigan bo‘lsa, uni, albatta, ko‘rib chiqamiz. Bu borada «Rostov» bilan kelishuvimiz ham bor».

Shomurodov haqida hatto Joze Mourino ham biladi, ularda birgalikdagi surat bor. Ularni o‘zaro Eldorning agentligi rahbari German Tkachenko tanishtirgan.

«Meni German Tkachenko bilan uchrashuvim bor edi. U yana bir mehmon borligini va uni ko‘rib hayratda qolishimni aytdi. Va biz turgan joyga Mourino kirib keldi. U o‘shan vaqtda Osiyo Kubogini sharhlayotgan edi, German unga men O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinchisi ekanimni aytdi. U bilan suratga tushdik va biroz suhbat qurdik. Aytgancha, u Osiyo Kubogida nechta gol urganimni bilar ekan, buni eshitish men uchun yoqimli bo‘ldi», — deydi Eldor.

Shomurdov uchun Mourino faqatgina top-murabbiy emas. U portugaliyalik mutaxassis davridan buyon «Chelsi»ga ishqibozlik qiladi va bir kun kelib u yerda o‘ynashni orzu qiladi.

«Yoshligimda menda «Chelsi»ning ko‘k libosi bo‘lar edi. O‘sha vaqtlarda jamoaga Abramovich kelgandi. Menga Drogba, Torres yoqar edi, biroq «Chelsi»gacha ham ularning o‘yinidan zavq olardim. Eng sevimli voqea — albatta, Chempionlar Ligasi finali bo‘lgandi. O‘shanda Robben penaltini ura olmagan, Drogba esa boshi bilan darvozani ishg‘ol qilgandi. Men avval terma jamoa safida to‘p surishni orzu qilar edim va bu maqsadimga erishdim. Endi esa kuchli beshlik chempionatlaridan birida harakat qilishni istayman. «Chelsi» haqida orzu qilishim tushunarli, ammo menga Germaniya chempionati ham yoqadi», — deydi Shomurodov.

Hozirda Shomurodov ingliz tilini o‘rganmoqda. To‘g‘ri hozirda uni Yevropa klublari u qadar yaxshi tanigani yo‘q.

«Shomurodov terma jamoa o‘yiniga Moskva orqali uchishi kerak edi. Eldorning beli og‘riydi, terma jamoadagilar esa unga ekonom klassdagi chipta olib berishibdi.

U biznes klassda uchishni xohladi. Buning uchun qancha to‘lashi kerakligini so‘radi. Xodim unga 28 ming rubl deb javob berdi va ortidan: «Nima, sizda pul bormi?», deya qo‘shimcha qildi.

Ha, Moskva shunday beshafqat. Rostovda boshqacha: u yerda selfi yoki avtografsiz besh daqiqa ham yurib bo‘lmaydi», — deydi Mo‘minov.

Shomurodov juda ham kamtar va oddiy yigit: u Rostovdagi bozorda oddiy o‘zbeklar bilan birga palov yeydi
Eldor — Rossiya chempionatidagi eng kamtar yigit bo‘lishi mumkin. Birinchidan, u «Rostov»da eng kam maosh olgan yigitlardan bo‘lib, u o‘sha maoshini ham umuman bir o‘zi sarflamagan. Aksincha, u hamma pullarini otasiga yuboradi. Uning otasi esa ayni damda Eldorning moliyaviy masalalari bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari uning kamtar va oddiyligini isbotlovchi bir jihat bor: U Rostovdagi bozorlardan birida oddiy o‘zbek do‘stlari bilan palov yeyishga boradi..

«Bu yerning restoran emasligi meni umuman tashvishga solmaydi. Boisi O‘zbekistonda bu kabi joylar juda ko‘p. U yerda hamma ham mening futbolchi ekanligimni bilmaydi. Bu Rostovning bir qismi. U yerda palovni juda yaxshi tayyorlashadi. Kilogrammi 2 ming rubl turadi», — deya hikoya qiladi Eldorning o‘zi.

«U bu yerga kelganda Rostovdagi o‘zbeklar bilan tanishgan. Ular esa Eldorga «Almaz» bozorini tavsiya etishgan. O‘sha bozorda asosan ehtiyot qismlar va ayrim tekstil mahsulotlari sotiladi. Eldor meni ham o‘sha yerga palov yeyishga taklif qildi. Agar u bo‘lmaganida balki, men umuman o‘sha bozorga bormagan bo‘lardim. Joyi ham bir navi edi. Ammo atmosfera o‘zgacha: stollar bor, oyoqlaring bilan o‘tiraverasan. Hammasi o‘zbekcha: hatto hojatxonalar ham. Bolalar esa polda o‘tirib, o‘yinchoq mashinalarni o‘ynaydi. To‘g‘ri, o‘zbeklar bizdan katta farq qiladi. Agar ularning vatandoshi o‘zga yurtda o‘zini ko‘rsatsa, hamma undan g‘ururlanadi. Ularda esa Eldor bor. Ular Eldorni kutib olib, palov olib kelishdi, nonlardan qo‘yishdi. Bunday palovni hech qaysi restoranda tayyorlay olishmaydi», — deydi Kirilenko.

Restoranlar haqida gap ketar ekan, Eldor umuman alkogolli ichimliklarni ichmasligini ta’kidlash joiz. «U hech qachon alkogolli ichimlik iste’mol qilmagan. Men unga alkogolsiz pivo taklif qilgandim, ammo Eldor uni ham iste’mol qilishni rad etgan. Issiq edi, biz kafeda o‘tirgandik. Bundan tashqari vaqtida uxlashga yotish, erta turish, mashg‘ulotga birinchi bo‘lib borish, so‘nggi bo‘lib ketish — bular oson ish emas. Ko‘plab futbolchilarga Eldorni namuna qilib ko‘rsataman. To‘g‘ri, bular kichik narsalar, ammo shunday jihatlar ham katta natijalarga olib keladi», — deydi Qahhor Mo‘minov.

Endi esa hikoyamizning kulminatsion nuqtasiga kelamiz. Shomurodov barcha hujjatlari solingan hamyonini taksida unutib qoldiradi. Keyin esa uni shourma qiladigan o‘zbek do‘konidan topadi.

«Otamning o‘zbek do‘stlari bor. U bir kuni menga yozyapti: «Shomurodovdan so‘rachi, hujjatlarini yo‘qotib qo‘ymadimikan?». O‘yin tugashi bilan Eldordan so‘radim. U esa «Ha, aka hamma hujjatlarim va plastik kartochkamni yo‘qotib qo‘ydim», — deya javob berdi deb yodga oladi Kirilenko.

U taksi haydovchisiga qo‘ng‘iroq qilgani, biroq u hech narsadan bexabardek ketib qolganini aytdi. Shundan so‘ng Eldorga otamning tanishlari borligi va ulardan biri hujjatlarini topgan bo‘lishi mumkinligini aytdim. Eldor bilan hujjatlarni ertasiga birga olish ketishga borishga kelishib oldik.

Vaziyat esa quyidagicha bo‘lgan: Haydovchi Eldor hamyonini mashinada unutib qoldirganini ko‘rgan. Har qanday aqlli inson darhol hamyonni qaytargan bo‘lardi. Ammo... Hamyonda haydovchining ikki oylik maoshiga teng pul bor edi, axir. U pulni olib qolgan va narsalarni Rostovning bir chetiga tashlab ketadi. Uni esa o‘sha yerdagi o‘zbeklar topib oladi. Ular Shomurodovning hujjatlari ekanligini biladi. Hujjat qo‘lma-qo‘l bo‘lib, oxir-oqibat shourma qiladigan do‘kon egasiga keladi. Uning xo‘jayini esa mening otam bilan tanish edi. Shu tariqa ushbu hikoya menga qadar yetib keldi. Biz esa ertasiga birgalikda hujjatlarni olishga bordik. Eldor minnatdorchilik sifatida pul berishni xohlagandi, biroq ular buni rad etishdi.

Eldor, sen haqiqatda ham supersan!
Rus tilidan Asror Abdunazaro va Nodirxon Xamidxonov tarjimasi

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov — RPLning superyulduzi. Uning gollari bilan «Rostov» peshqadam, Eldor esa oddiy bozorda palov yeydi