01:14 / 20.10.2019
2 557

Maestro qaytdi! Nihoyat "Lokomotiv" futbol klubida uzoq kutilgan voqea ro‘y berdi

Maestro qaytdi! Nihoyat "Lokomotiv" futbol klubida uzoq kutilgan voqea ro‘y berdi
Yurtimizdagi eng tajribali darvozabon Ignatiy Nesterov diskvalifikatsiya muddatini o‘tab yana maydonga qaytdi. Xabaringiz bor, qishda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogi paytida Nesterov doping mojarosiga aralashib qolgandi. Shundan so‘ng tajribali posbon ma’lum muddatga OFK tomonidan har qanday musobaqada ishtirok etishdan chetlatildi.

Nesterov 14 avgustdan boshlab yana mashg‘ulot olib borish imkoniga ega bo‘ldi. Va faqat 14 oktyabrdan so‘ng birorta klubda rasmiy maqomdagi o‘yinda maydonga tushishi mumkin edi. Avgust oyining 14-sanasidan boshlab "Lokomotiv" mashg‘ulotlarida ishtirok etgan Nesterov oradan ikki oy o‘tib sevimli jamoasi safida yana maydonga qaytishga muvaffaq bo‘ldi.

Bir necha oylik tanaffusdan so‘ng Nesetrovning qaytishi va o‘zi sevgan ish bilan shug‘ullanishi Superliga 22-doirasida "Buxoro" bilan uchrashuvga to‘g‘ri keldi. Bugun bo‘lib o‘tgan "Lokomotiv" - "Buxoro" bahsida Nesterov nafaqat maydonga qaytdi, balki o‘z jamoadoshlarini sardor sifatida maydonga boshlab tushdi.

Albatta, Nesterovdek darvozabonning jazo muddatini o‘tab yana maydonga qaytgani muxlislarni xursand qilmay qo‘ymaydi. Chunki ishqibozlar uning o‘yinlarini va ajoyib seyvlarini sog‘inib qolishgandi. Nesterovning qaytishi "Lokomotiv"ning qatorasiga to‘rtta o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyasiga barham berdi va "temiryo‘lchilar" bugungi bellashuvda 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.

Biroz muddat tanaffusdan so‘ng Nesterov bugungi bahsni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazdi. U darvozani ishonch bilan qo‘riqladi, jamoadoshlarini mudom oldinga chorlab turdi. Yaxshi bilasiz, futbolda maestro so‘zi odatda maydondagi o‘yinchilarga nisbatan ishlatiladi. Lekin biz bemalol darvozabon Ignatiy Nesterovni maestro deya olamiz. Chunki u o‘z ishining ustasi, mashg‘ulotlarda astoydil ter to‘kadi, o‘yin payti darvozada turib bo‘lsa ham jamoani boshqaradi, maydondagi futbolchilardan kam ter to‘kmaydi. Buni bir necha yillik tajribasi orqali allaqachon isbotlab qo‘ygan.

O‘ylaymizki, Nesterovning qaytishi nafaqat "Loko", shu o‘rinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun ham foydali bo‘ldi. Endi darvozabonlar o‘rtasida raqobat yanada ortadi. Bundan tashqari, hech shubhasiz Ignatiy Nesterov hali hamon birinchi raqamli ekanini isbotlashga harakat qiladi. Yana yashil maydonga qaytganing muborak bo‘lsin, maestro!
Muallif : Xayrulla Xoliqov

Manba : championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maestro qaytdi! Nihoyat "Lokomotiv" futbol klubida uzoq kutilgan voqea ro‘y berdi