17:13 / 21.10.2019
2 562

Bizning sportchilarimiz xalqaro harbiy o‘yinlarda (foto)

Bizning sportchilarimiz xalqaro harbiy o‘yinlarda (foto)
Joriy yilning 18-27 oktyabr kunlari Xitoyning Uxan shahrida bo‘lib o‘tadigan VII Xalqaro harbiy o‘yinlari start oldi. Musobaqalarda dunyoning 136 mamlakatidan kelgan jamoalar orasida O‘zbekiston harbiylari ham g‘oliblik uchun kurash olib boradilar. Bugungi kundan boshlab ushbu xalqaro tanlovda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoshidagi Respublika ot sporti bo‘yicha oliy sport maktabi sportchilari maktab direktori boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Uxanda bo‘lib turibdilar.

Xalqaro harbiy o‘yinlari – bu dunyodagi eng yirik ko‘p tarmoqli sport tashkilotlaridan biri bo‘lgan Xalqaro harbiy sport kengashi tomonidan harbiy sportchilar uchun tashkillashtirilgan sport musobaqalaridir. Ushbu musobaqalar harbiy xizmatchilar uchun Olimpiya o‘yinlarining analogidir va u ham har to‘rt yilda bir marta Olimpiya o‘yinlaridan roppa-rosa bir yil oldin o‘tkaziladi.

O‘zbekiston sportchilari uchun bunday nufuzli xalqaro musobaqada ishtirok etish juda muhim va mas’uliyatli voqeadir, chunki bu yerda sportchilarimizdan tashkil topgan delegatsiya O‘zbekiston ot sporti tarixida ilk marotaba qatnashmoqda. Bu, shubhasiz, milliy sport yutuqlarining keng ma’nodagi natijasidir.

O‘tgan davr mobaynida jamoani shakllantirish va tayyorlash bo‘yicha ko‘p ishlar amalga oshirildi. O‘zbekistonlik ishtirokchilar Gollandiya, Portugaliya, Qatar, Rossiya, Suriya, Tailand, Urugvay, Xitoy, Germaniya, Argentina, Bahrayn, Braziliya, Chili, Ekvador, Ispaniya, Fransiya, Italiya, Quvayt, Lyuksemburg va Nepal va boshqa mamlakatlarning 20 ta sportchi jamoalari bilan bellashadilar.

Ta’kidlash joizki, bunday tanlovlar, harbiy mahorat yoki sport bilan bevosita bog‘liq bo‘ladimi yoki yo‘qmi, nafaqat mohirona namoyish va tomoshabinlarni zavqlantiradigan yaxshi tomosha, balki chet ellik hamkasblar bilan harbiy va professional tajriba almashish hamda o‘z mahoratlarini amalda namoyish etish imkoniyatini beradi. O‘yinlar doirasida 329 ta turli xil tadbirlar, shu jumladan musobaqalar, shuningdek tantanali marosimlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Musobaqalar sportning 27 ta turi bo‘yicha o‘tkaziladi.

Mazkur o‘yinlar tinchlik davrida butun dunyo bo‘ylab armiyalarning kuchini namoyish etadi. Xalqaro harbiy o‘yinlari o‘zaro do‘stlikni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.


Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bizning sportchilarimiz xalqaro harbiy o‘yinlarda (foto)