21:50 / 21.10.2019
6 357

Eldor Shomurodov "Chelsi"ga o‘tadimi? Unga qiziqishlar bor

Eldor Shomurodov "Chelsi"ga o‘tadimi? Unga qiziqishlar bor
“Hafta voqeliklari” ko‘rsatuvining navbatdagi sonida O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati 2022 ikkinchi saralash bosqichidan o‘rin olgan Yaman va Singapurga qarshi o‘yinlari, qit’amizdagi vaziyat va Eldor Shomurodovga xorij klublarining qiziqishlari borasida so‘z yuritildi.

Quyida ko‘rsatuvning matnli ko‘rinishi bilan tanishishingiz mumkin:

1. Singapur – O‘zbekiston o‘yinini jamoalar ehtiyotkor ruhda boshlashdi. Hujumga ham kam sonli futbolchilar o‘tishdi. Biroq bu holat uzoqqa cho‘zilmadi.

15-daqiqada hamyurtlarimiz bosimning oshirilishi natijasida jarima zarbasi ishlab olishdi. Yamanga qarshi bahs qahramonlaridan biri Sanjar Qodirqulovni mezbonlar to‘xtatib qolishdi. Standartdan esa Odil Ahmedov darvozani ishg‘ol etdi. Ahmedov Osiyo kubogida Ummonga urgan golini takrorladi.

So‘ng maydon egalari jonlanishdi. Bosimni oshirishga intilishdi. Taym oxirida bahsli holat kuzatildi. Farruh Sayfiyev jarima maydonida tanasining boshqa joyidan so‘ng to‘p qo‘liga tegdi. Stadiondagi singapurlik tomoshabinlar penalti deya baqirishdi. Ammo referi bellashuv davom etishini bildirdi.

Futbolning yangi qoidalariga ko‘ra to‘p futbolchi tanasining boshqa joyidan so‘ng qo‘liga tegsa bu holat o‘yin qoidasining buzilishi hisoblanmaydi. Shu boisdan so‘ng hakam uchrashuvni davom ettirdi.

Mezbonlarning harakatlari tanaffus arafasida samara berdi. Ehson Fandi jarima maydonchasiga uzatilgan to‘pni boshi bilan to‘rga kiritdi. Eldor Suyunov qanchalik bo‘ydor bo‘lmasin to‘p uning ustidan o‘tib ketdi.

Ikkinchi taymni Abramov shogirdlari faol boshlashdi. 51-daqiqada Farruh Sayfiyev chap qanotdan rey uyushtirdi va to‘pni jarima maydoniga intilayotgan Eldor Shomurodovga uzatdi. Hujumchimiz esa bunday qulay imkoniyatdan foydalanib, boshi bilan darvozani ishg‘ol etdi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Shomurodovda yana bir vaziyat yuzaga keldi. U havodagi kurashda raqib himoyachisidan o‘tib ketib, raqib posbonini ham aldadi ammo, so‘nggi pallada bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qila olmadi.

Ko‘plab imkoniyatlarni ko‘kka sovurgan Eldor oxirgi daqiqada dublni rasmiylashtirdi. Ikromjon Aliboyevning chiroyli uzatmasidan so‘ng hujumchimiz darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chikdi va uni aldab o‘tib, gol urdi.

Shu tariqa, terma jamoamiz muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.

***
Yaman va Singapurga qarshi uchrashuvlarda biz o‘zimizning o‘zbekona futbolni ko‘rdik. Bizga hujumkor futbol yarashishini yana bir marta shohidiga aylandik. Bir yil muddatda faqat himoyani o‘ylab, o‘zimizdan ancha kuchsiz hisoblangan raqiblarga qarshi bahslarda to‘pni oldirib qo‘yishimiz bilan pressing qilmay, ortga qaytaverdik. Natijada ular maydonning katta qisimini kurashlarsiz ishg‘ol qilib, darvozamizga yaqinlashib kelaverishdi. Yaqinlashishsa ham mayli, gollar urishdi. Tarixiy mag‘lubiyatlar qayd etdik. Bizga gol urmagan jamoa, bizni mag‘lubiyatga uchratgani hali hamon barchaning yodida.

Vadim Abramov keldiyu, barchasidan qutildik. Sirtmoqlar yechildi, futbolchilar huddi yelkalaridan tog‘ ag‘darilgandek bo‘lishdi. Yengil harakatlar va hujumkor futbol namoyish etishdi.

Abramov o‘zini “yo‘qotib qo‘ygan” iste’dodlarni uyg‘ota oladigan salohiyatga ega. Jamshid Iskanderovga ishonch bildirdi, bu o‘zini oqladi. Asosiy tarkibda kutilmaganda Sanjar Qodirqulov maydonga tushirildi, yosh yarim himoyachi o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Avvaldan terma jamoaning asosiy tarkibida to‘p tepib yurgandek taassurot qoldirdi. Zaxiradan futbolchilar almashtirildi, yangilar o‘yinni buzib qo‘ymadi. Bular Abramovning topqirligidan dalolat.

Futbolchilarning Ektor Kuperga moslashishlari qanchalik qiyinchilik tug‘dirgan bo‘lsa, Vadim Abramovga ko‘nikishlari shunchalik oson bo‘ldi.

Abramovni psixolog deganlaricha bor. U qisqa vaqt ichida jamoaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini qayta uyg‘otdi. Vadim Karlenovich shug‘ullantirgan futbolchilar Kuper paytida ham bor edi. Ammo argentinalik mutaxassis “qo‘rqoq futbol” tarafdori edi. Har doim himoyani o‘ylash bilan g‘alaba qozonib bo‘lmaydi. Abramovda buning aksi u to‘pni oldirib qo‘ygan shogirdlarini o‘sha joyning o‘zida pressing qilishga chaqiradi. Vadim Abramovning eng katta yutug‘i futbolchilar bilan til topishishda. Murabbiy jamoaga erkinlikni taqdim etdi. Futbolchilar maydondagi qandaydir chegaralangan chiziqlardan chiqishdi. Xohlaganlaricha futbol o‘ynashdi. Buning natijasini ko‘rib turibsiz.

2. 10-15 oktyabr kunlari qit’amizda saralash bahslaridan o‘rin olgan bellashuvlar o‘tkazildi.

Kambodja darvozasiga javobsiz 14 ta gol urgan Eron oxirgi turda Bayraynda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. E’tiborlisi, forslarni jahon chempionati saralashida Mirjalol Qosimov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2012 yili “Ozodi” stadionida taslim etgandi. O‘shanda Ulug‘bek Baqoyev yagona gol muallifiga aylangandi. Shundan beri eronliklar mag‘lubiyat uchrashmayotgandi.

Guruhimizdagi ikkinchi o‘yinda Saudiya Arabistoni mehmonda Falastin bilan durang qayd etdi.
BAA safarda Tailandga yutqazdi. Natijada, emiratliklar turnir jadvalida 3-o‘ringa tushib qolishdi.

1990 yildan buyon birinchi marta Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya o‘zaro bellashdi. Tarixiy uchrashuvni FIFA prezidenti Janni Infantino ham bevosita stadiondan kuzatdi. O‘yinda hisob ochilmadi.

3. Futbol mavsumi boshlangandan beri Eldor Shomurodov mavzusi tinmayapti. Hamyurtimizning o‘yinlari va gollari rossiyaliklarning oromini o‘g‘irladi. SSKA va Rossiyaning boshqa yetakchilari, Germaniyaning “Shtutgart” klubi Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda. Buning uchun ular o‘z takliflarini ham tayyorlab qo‘yishgan. Ma’lum bo‘lishicha, SSKA va “Shtutgart” Eldor uchun “Rostov”ga 10 million yevro berishga tayyor.

Rostovliklar ushbu transferni qishda ko‘rib chiqishlari mumkin. Chunki bu klub uchun yaxshigina pul ishlab qolish varianti. Ammo muzokaralar yozga qolish ehtimoli ham yo‘q emas. Sababi futbolchi yozda bir qarorga kelib taklif tushayotgan klublarni o‘shanda ko‘rib chiqishi ham aytilmoqda. Vakilimizning o‘zi yoshligida “Chelsi” libosini kiyib yurgani, shu jamoa hujumchilari Torres va Drogbaning o‘yinlariga qiziqqani borasida gapirgan.

Rossiyalik jurnalistlar Shomurodovning ushbu fikrlaridan so‘ng uni “Chelsi” libosida rasmlari internet tarmog‘ida ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Aftidan bunda ham bir ma’no borga o‘xshaydi. Keyingi mavsum Eldor Shomurodovni maydonda “Chelsi” formasida ko‘rib qolsangiz ham ajablanmang. Har holda hozir uning o‘yinlari barchaning diqqat markazida. Ajab emas Shomurodov londonliklarning e’tiboriga tushib qolsa.

Qolaversa, Eldorga Xitoydan ham qiziqishlar yo‘q emas. Ammo bu variant uning rejalaridan hozircha o‘rin olmagan. Futbolchining o‘zi Xitoyga 30 yoshdan oldin bormasligini ma’lum qildi.

Ayni paytda Shomurodovga SSKA va “Shtutgart” jiddiy taklif bilan chiqqan. Ammo bu qiziqishlar ham yo‘q. Emas. Misol uchun Italiyaning o‘rtamiyona jamoalari ham hamyurtimizning xizmatlariga ehtiyoj sezayotgani borasida o‘tgan oy xabarlar tarqalgandi.

Ko‘ramiz, voqealar rivoji qanday yakun toparkin? Shomurodov qaysi chempionatda to‘p tepsa ham terma jamoamizga foydasi tegsa bo‘lgani.

Bekzod Isayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov "Chelsi"ga o‘tadimi? Unga qiziqishlar bor