12:43 / 01.11.2019
2 637

Abramov: Qirg‘iziston bilan o‘yin Saudiya Arabistoniga qarshi bahs oldidan repetitsiya vazifasini bajaradi

Abramov: Qirg‘iziston bilan o‘yin Saudiya Arabistoniga qarshi bahs oldidan repetitsiya vazifasini bajaradi
Xabaringiz bor, milliy terma jamoamiz 14 va 19 noyabr kunlari JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichi doirasida Toshkentda Saudiya Arabistoni hamda Falastin terma jamoalari bilan o‘yin o‘tkazadi. 9 noyabr kuni esa Qirg‘izistonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ham ishtirok etamiz. Shu maqsadda vakillarimiz bo‘lajak bahslar uchun tayyorgarlikni 2 noyabrdan boshlashadi.
Bosh murabbiy Vadim Abramov esa bu safargi yig‘inga kengaytirilgan tarkib sifatida 32 nafar futbolchini jalb etdi. Qolaversa, milliy chempionatimiz taqvimida ham yana o‘zgarishlar yuz bergan holda oxirgi uchta tur bellashuvlari salkam bir oyga ortga surildi. Biz esa Vadim Karlenovich bilan bog‘lanib, dolzarb masalalar bo‘yicha suhbatlashdik.

- Vadim Karlenovich, o‘tgan safar terma jamoa yig‘iniga 24 nafar futbolchini jalb etgandingiz. Bu safar ularning soni 32 tani tashkil etmoqda. Ya’ni, oldingisidan ham ko‘ra ko‘proq bo‘ldi. Buning sababi nimada?
- Buning sababi shundaki, legioner maqomidagi futbolchilarimiz yig‘inga barchadan kech qo‘shilishadi. Shuning uchun ham bu safargi tarkib oldingisiga nisbatan ko‘proq o‘yinchilardan iborat bo‘ldi. Boisi, chetda to‘p surayotganlar klublari ixtiyorini nisbatan kechroq tark etishadi. Agar ularning sonini e’tiborga olib, umumiy tarkibdan chiqarib yuborsangiz, kengaytirilgan tarkibdagi futbolchilar avvalgidek qolganini ko‘rasiz. Darvozabonlardan tashqari 24 nafar futbolchini bu yig‘inga chaqirdik.

- Tarkibga kiritilgan futbolchilar bilan tanishar ekanmiz, yangi nomlar ko‘pchilikni tashkil qilayotganini ko‘rish mumkin. Nima deb o‘ylaysiz, Saudiya Arabistonidek jiddiy raqibga qarshi o‘tadigan uchrashuv oldidan eksperimentlarni tashkil etish to‘g‘ri bo‘larmikin?..
- Bu bilan nimaga ishora qilayotganingizni tushungandek bo‘ldim. Yo‘q, hammasi siz o‘ylagan darajada emas. Biz eksperiment o‘tkazish maqsadida shuncha futbolchini yig‘inga chaqirmadik. Qolaversa, chaqirilgan futbolchilarning aksariyati bilan tanishman. O‘zim yaxshi bilmaydiganlar bilan esa yig‘in yordamida yaxshiroq tanishish imkoniga ega bo‘laman. Asosiysi, yaqinroq tanishish uchun ixtiyorimizda yetarli vaqt bor. Boz ustiga o‘rtoqlik o‘yiniga ham ularni jalb etib, hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman. Qirg‘izistonga qarshi o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvida legionerlar bo‘lmasligi tufayli milliy chempionatdagi ijrochilarni sinash imkoni bo‘ladi. Shu orqali kimlardan umid qilish mumkinligini bilib olmoqchimiz.

- 9 noyabr kuni Qirg‘iziston terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashamiz. Bu o‘yin haqidagi tashabbus sizdan chiqdimi?
- Bizda rasmiy bellashuv oldidan o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etish istagi bor edi. Shu masalada bir qancha terma jamoalarga chiqdik. Qirg‘iziston termasi vakillarining o‘zlari ham shunday maqomdagi o‘yinda biz bilan kurashishni xohlashdi.

- Umuman aytganda, Qirg‘izistonga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida qayd etilishi mumkin bo‘lgan natija siz uchun qanchalik ahamiyat kasb etishi mumkin?
- Terma jamoa ishtirokida o‘tadigan har qanday maqomdagi o‘yinda qayd etilishi mumkin bo‘lgan natija muhim ahamiyatga ega. Biz Qirg‘izistonga qarshi uchrashuvda o‘yinchilarni sinab ko‘rib, ularning terma jamoadagi boshlang‘ich tarkibga qanchalik da’vogarlik qila olishlariga amin bo‘lmoqchimiz. Shu boisdan ham bir qator nomzodlarni bo‘lajak uchrashuvda sinab ko‘ramiz. Nima bo‘lgan taqdirda ham o‘sha o‘rtoqlik bellashuvi Saudiya Arabistoniga qarshi muhim o‘yin oldidan o‘ziga xos repetitsiya vazifasini o‘tab beradi. So‘zsiz, o‘sha o‘rtoqlik o‘yinida qayd etiladigan natija biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, FIFA reytingidagi mavqeimizga ham bu ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

- O‘tgan yig‘inga Lutfulla To‘rayevni chaqirgandingiz, ammo e’tirozlardan keyin uni klubiga qaytarib yuborgansiz. O‘shanda unga tanqidlar ko‘payib ketgani uchun javob berib yubordim degandingiz. Lekin bu safar yana Lutfulla To‘rayev yig‘inga jalb qilindi. Endi uni asosiy bahslarda ko‘ramizmi?
- Tabiiyki, bunday e’tirozlardan To‘rayevning o‘zi ham xabar topgani bois bu uning ruhiy holatiga ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. Shu sabab uni klubga qaytarib yuborishni ma’qul topgandim. Tanqidlar sababli chempionat doirasida «Bunyodkor» «Buxoro»ga qarshi o‘ynagan paytda Lutfulla To‘rayevning shu sababdan o‘z darajasida to‘p sura olmaganini sezdim. Ruhiy tomondan unga yana bosim tushirmaslik niyatida To‘rayevni qaytarib yuborganman. Buni uning o‘zi ham tushungan.

Oxirgi ikki uchrashuvda Lutfullaning qanday to‘p surganini ko‘rib, uni navbatdagi yig‘inga jalb etish to‘g‘ri bo‘lishini his qildim. Agar biror-bir o‘yinchi jarohat olib safdan chiqqudek bo‘lsa, u o‘sha futbolchining o‘rnini bemalol to‘ldirishi mumkin. Chunki To‘rayev qanday o‘ynash kerakligini biladi. Asosiysi, ushbu shogirdimda katta tajriba bor. Saralashning keyingi bosqichiga yo‘l olishini ko‘zlayotgan ekanmiz, bizga tajribali ijrochilar juda asqotadi. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, bugungi tarkibda aksariyat futbolchilar yosh. Ular o‘zlaridan tajribali bo‘lgan sheriklaridan ko‘p narsani o‘rganishlari mumkin.

- Yig‘inga chaqirilgan futbolchilarning orasida yarim himoyachilar ko‘pchilikni tashkil etyapti. Shunday bo‘lsa-da, ularning bir qanchasiga javob berib yuborishingizga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, shuncha yarim himoyachini chaqirishdan nima foyda bor?
- To‘g‘ri anglabsiz, haqiqatan jalb etilgan futbolchilar orasida yarim himoyachilar ko‘pchilikni tashkil etyapti. Hammasini oliy hakam vaqt o‘z iziga tushiradi. Men shunchaki ular bilan yaxshiroq tanishish maqsadida shu ishga qo‘l urdim. Tabiiyki, futbolda yarim himoyachilar muhim rolni ijro etib beradilar. Shu boisdan ham bu qarorimni to‘g‘ri qabul qilishlarini istardim. Agar o‘zim ham shu masalada kim bilandir gaplashadigan bo‘lsam, menga yarim himoyachilarini ko‘rsatishini va aynan ular tufayli qanday jamoaga ega ekanligini aytib berishim mumkin. Aynan shundan kelib chiqqan holda bizning yarim himoyachilar qanday ekanligini bilishga qaror qildim. Yig‘in chog‘ida kim aslida kim ekanligini bilib olamiz.

- Ignatiy Nesterov nihoyat diskvalifikatsiya muddatini o‘tab maydonga qaytdi. Uni kuzatib boryapsizmi?
- «Lokomotiv» «Buxoro» bilan o‘ynagan paytda men stadionda edim. Ammo bundan ko‘zlangan maqsadim aynan Nesterovning qanday formada ekanligini bilib olish emasdi. Qolaversa, «Buxoro» a’zolari Ignatiyga muammolar tug‘diradigan vaziyatlarni ko‘plab yarata olishmadi. Shundoq ham Nesterovning qanday imkoniyatlarga ega ekanligini yaxshi bilamiz. Uni hozir terma jamoaga chaqirishga erta deb hisoblayman.

Sababi, bizda uch nafar darvozabon bor. Ular esa butun mavsumni o‘tkazishdi. Nesterov bo‘lsa, bor-yo‘g‘i bir uchrashuvda ishtirok etdi xolos. Albatta, undan umid qilamiz. Chunki Ignatiyda katta tajriba bor. Kerak paytda uning boy malakasi terma jamoaga asqotadi. Lekin vaziyatdan kelib chiqqan holda deyarli bir yil o‘yinlardan chetda bo‘lgan darvozabonni tarkibga jalb etgan holda tavakkalona yo‘l tutmoqchi emasman.

- Shak-shubhasiz, Saudiya Arabistoni terma jamoasi guruhdagi bizning asosiy raqobatchimiz sanaladi. Qolaversa, ularda ham yangi bosh murabbiy ish boshladi. Raqibni o‘rganishga kirishgan bo‘lsangiz kerak?
- Men hamkasbimni emas, balki uning qo‘l ostidagi jamoa o‘yinini o‘rganaman. Chunki maydonda murabbiy emas, balki uning ko‘rsatmalarini bajarish maqsadida futbolchilar to‘p surishadi. Albatta, Saudiya Arabistonini o‘rganish borasida ish boshlab yuborilgan. Asosiysi, buning uchun bizda yetarlicha vaqt bor. Negaki, o‘zaro to‘qnashuvimizga hali ancha bor. Shundoq ham boya aytganimdek, raqibni o‘rganishni boshlab, uning ishtirokidagi uchrashuvni sinchiklab kuzatdik. Ularga qarshi mana shunday o‘rganishlar evaziga to‘g‘ri taktikani tanlashimiz mumkin bo‘ladi.

- Terma jamoalar o‘yini munosabati bilan milliy chempionatimizda katta tanaffus yuzaga keladigan bo‘ldi. Nima deb o‘ylaysiz, taqvim tuzishda mana shu jihatga e’tibor berib, milliy birinchilikni vaqtliroq oxiriga yetkazish to‘g‘ri bo‘lmasmidi?
- Bilasizmi, taqvim men terma jamoada ish boshlamasimdan oldin tuzib qo‘yilgan. Shuning uchun bu masalada biror narsa deyishim qiyin. Lekin 14 va 19 noyabr kunlarida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar Superligadagi ishlarimizga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Shundoq ham guruhimizda murakkab vaziyat yuzaga kelgan. Dastlabki ikki o‘rindan birini egallamaydigan bo‘lsak, keyingi bosqichga chiqa olmaymiz.

Maqsadimiz esa guruhda birinchi o‘rinni egallashdir. Shundan kelib chiqqan holda bo‘lajak bellashuvlarga har tomonlama munosib hozirlik ko‘rish uchun bizda yetarlicha vaqt borligi meni xotirjam qiladi. Nazarimda, shundan kelib chiqqan holda keyingi turga ham hozirlik ko‘rishimiz mumkin. Chempionatni 27 yoki 30 noyabrda yakunlash borasida qandaydir katta farqni ko‘rmayapman. 9 noyabrda o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etishimiz munosabati bilan birinchilikdagi tur ko‘chirildi. O‘ylaymanki, bu to‘g‘ri qaror ekanligini hamma tushunib yetadi.

5 noyabrda tur o‘yinlarini o‘tkazib, 9-sanada milliy terma bilan o‘rtoqlik uchrashuvida qatnashishga to‘g‘ri kelishi murabbiy sifatida meni qanoatlantirmasdi. Shuning evaziga 2 noyabrdan biz terma jamoa ishtirokida bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar uchun to‘liq dastur asosida bemalol tayyorgarlik ko‘rish imkoniga ega bo‘lamiz. Futbolchilar bilan yaqinroq tanishib, ularni tanlash borasidagi qarorimiz qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini bemalol bilib olishimiz mumkin. Nazarimda, Qirg‘izistonga qarshi uchrashuvdan keyin bu masalada dastlabki xulosalarni chiqara olsak kerak.

- Chetda o‘ynayotganlardan Vitaliy Denisov, Sardor Rashidov, Fozil Musayev kabi legionerlarimizni ham kuzatib boryapsizmi? Ularni terma jamoaga chaqirish rejangizda bormi? Yoki ularni uchinchi bosqichda ko‘ramizmi?
- Bu borada o‘rinli fikr bildirdingiz. O‘z navbatida men yuqorida siz nomlarini sanab o‘tgan futbolchilarni butunlay esdan chiqarib yubormay, ularning klublarda qanday o‘ynayotganlarini kuzatib borishga harakat qilyapman. Ularning klublardagi ishlari qanday davom etayotganidan imkon qadar xabardor bo‘lishga harakat qilaman. Biroq legionerlar o‘yinga ikki kun qolganida yetib kelishadi. Shu boisdan ham yig‘inga asosan milliy chempionatdagi futbolchilarni jalb etishimizga to‘g‘ri kelishini tushunish kerak.

Eldor Shomurodovning Rossiya chempionatida qanday o‘ynayotganini hamma ko‘rib turibdi. Agar Vitaliy Denisovni chaqiradigan bo‘lsam, u ham o‘yinga atigi ikki kun qolganida terma jamoa ixtiyoriga yetib kelishi mumkin. O‘zingiz kuzatib borayotgan bo‘lsangiz kerak, joriy mavsumda Denisov «Rubin» uchun ahyon-ahyonda maydonga tushyapti xolos. Endi o‘zingiz o‘ylang, klubida ishlari silliq kechmayotgan ijrochini terma jamoaga chaqirib, tavakkal qilish to‘g‘ri bo‘ladimi? Asosiysi, uning qanday imkoniyatlariga egaligidan yaxshi xabardorman.

Lekin Vitaliyning ayni paytda jismonan qanday holatda ekanligidan bexabarman. Ustiga-ustak uzoq davom etadigan parvoz ham futbolchiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Bosh murabbiy sifatida men mana shunday jihatlarga ham e’tibor qaratmog‘im darkor. Vagiz Galiulin, Vadim Afonin kabilar ham doimo kuzatuvimiz ostida. Ular bilan doim aloqada bo‘lib turibmiz. Barchasi yaxshi saviyadagi ijrochilar va terma jamoaga foyda keltira olishadi. Jumladan, Sardor Rashidov ham. Bir so‘z bilan aytganda, barcha legionerlarimizni kuzatib kelyapmiz.

- Dragan Cheranning Kubok finalida qanday hunarlarni ko‘rsatganligini ko‘rgandirsiz. Terma jamoada xuddi u kabi o‘ynay oladigan hujumchiga ega bo‘lishni istarmidingiz?
- Adashmasam, kelgusi yili Cheranning yurtimizda o‘ynashni boshlaganiga besh yil to‘ladi. Agar u o‘zbek pasportiga ega chiqishni istasa, jon deb milliy termaga taklif qilgan bo‘lardik.

- Umuman olganda, O‘zbekiston Kubogi finalidan sizda qanday taassurotlar qoldi?
- Taassurotlar turlicha. Chempionlikni muddatidan oldin qo‘lga kiritgan «Paxtakor» o‘yin avvalida u qadar yaxshi ko‘rinmadi. Keyin esa «Paxtakor» hammasini o‘z izmiga tushirishga muvaffaq bo‘ldi. «Paxtakor»ning g‘alabasini ko‘pchilik kutgandi. Agar klub o‘yinni yuta olmaganida men ham bundan qattiq ajablangan bo‘lardim.

- Endi mavzuni biroz o‘zgartirsak, negadir oxirgi paytlarda «Bunyodkor» ochkolarni qo‘lga kiritishda oqsashga tushgan. Klubga nima bo‘lyapti?
- Klub bilan bog‘liq holat shundoq ham tushunarli. Chunki tarkibdagi aksariyat o‘yinchilar olimpiya terma jamoasi a’zolari sanalishadi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Koreya bilan o‘rtoqlik maqomida ikki bor kuch sinashdi. Koreyaga uchib borish ancha vaqtni oldi. Vaqt borasidagi tafovut tufayli ular yurtimizga 18 oktyabrda qaytib kelishdi. Bularning barchasi o‘yinchilarimizning umumiy holatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Shu bois ular safardan qaytganlaridan so‘ng atigi uch kun o‘tganidan so‘ng chempionat doirasida maydonga tushdilar. Hali charchoqlari to‘la tarqalmagani yakunda natijaga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Qo‘shimchasiga «Bunyodkor»dan milliy terma jamoaga nomzod uch futbolchi bor.

- «Paxtakor» muddatidan oldin chempionlikni qo‘lga kiritib bo‘ldi. «Lokomotiv» esa katta ehtimol bilan ikkini o‘rinni egallasa kerak. «Bunyodakor» bilan «So‘g‘diyona» esa uchinchi o‘rin uchun kurashmoqda. Aslida jamoangizning bosh maqsadi qanday?
- Asosiy maqsad elitadan tushib ketmaslik bo‘lgan. O‘ylaymanki, buni ijobiy hal etib bo‘ldik. Endi mavsumni iloji boricha kuchli uchlikda yakunlashga harakat qilamiz, «Paxtakor»ning Kubokka ham ega chiqqani inobatga olinsa, uchinchi o‘rin orqali ham OChLga yo‘l olish imkoniyati bo‘ladi, nazarimda. Umid qilamanki, biz mavsumni uchinchi o‘rinda yakunlaymiz va Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasidan umid qilishimiz mumkin.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abramov: Qirg‘iziston bilan o‘yin Saudiya Arabistoniga qarshi bahs oldidan repetitsiya vazifasini bajaradi