19:23 / 13.11.2019
2 743

Server Jeparov: "Saudiya Arabistoni yevropalik murabbiylar evaziga kuchaymoqda"

Server Jeparov: "Saudiya Arabistoni yevropalik murabbiylar evaziga kuchaymoqda"
Xabaringiz bor, O‘zbekiston terma jamoasi 14 noyabr kuni Saudiya Arabistoni, 19 noyabrda esa Falastin bilan JCh-2022 saralashi doirasidagi o‘yinlarda maydonga tushadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida o‘yin o‘tkazish bo‘yicha mutlaq rekordchi bo‘lib turgan, yaqindagina yangi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan Server Jeparov bilan Saudiya Arabistoni bilan bahsdan oldin suhbatlashdik.

- 2011-2013 yillarda Saudiya Arabistonida, "Al Shabab" klubida faoliyat olib borgansiz. Saudiya Arabistoni terma jamoasi haqida nimalar deya olasiz? Ularning futbolchilari bilan biznikilar o‘rtasida qanday farq bor?
- Men Saudiya Arabistonida o‘ynaganimga juda ko‘p bo‘ldi. Oradan ancha vaqt o‘tdi. Shu bois Hozirgi terma jamoa haqida ko‘p ham ma’lumotga ega emasman. O‘zbekistonlik va saudiyalik futbolchilar o‘rtasida juda ham katta farq yo‘q deb o‘ylayman. Ammo ularda mahalliy chempionati juda ham yuqori saviyada ekanini ta’kidlash lozim. O‘zingiz ham ko‘rayotgan bo‘lsangiz kerak "Al Hilol", "Al Ahli", "Al Ittihod" kabi klublarda kuchli va tajribali legionerlar o‘ynashmoqda. Bundan tashqari taxminan 15 yildan buyon yevropalik murabbiylar ishlab kelishmoqda. Xorijlik murabbiylar yordamida mahalliy futbolchilar o‘sishmoqda, rivojlanishmoqda. Saudiyalik futbolchilar texnik tomonlama yaxshi ko‘rsatkichlarga ega, taktik tomonlama ham yaxshi saviyaga ega.

- Xabaringiz bo‘lsa kerak Erve Renar boshchiligidagi Saudiya Arabistoni terma jamoasi JCh-2022 saralashida kutilmaganda ikkita durang qayd etdi. Shundan keyin mahalliy jurnalistlar terma jamoaning natijalari pasayishiga milliy chempionatda legionerlar sonining juda ko‘pligini sabab qilib yozishdi. Bugungi kunda Saudiya Arabistoni chempionatida ishtirok etuvchi klublar yil boshida 6 nafar xorijlik futbolchini ro‘yxatdan o‘tkaza olishadi. Sizningcha legionerlarning ko‘pligi terma jamoa o‘yiniga ta’sir qiladimi?
- Menimcha bu narsa terma jamoaga ko‘p ham ta’sir qilmasa kerak. Sababi klubda kuchli xorijlik legioner o‘ynayaptimi mahalliy futbolchilar unga yetishga harakat qilishadi va natijada futbolchi sifatida o‘sishadi, professional bo‘lishni o‘rganishadi.

- Toshkentda sovuq kunlar boshlanib ketdi. Saudiyalik futbolchilar sovuqni yomon ko‘rishishlari aniq...
- Yo‘q, ular sovuqni juda ham yomon ko‘rishadi (kuladi). U yerda doim issiq bo‘lgani uchun sovuqda futbol o‘ynash uchun ancha qiyin bo‘ladi.

- Demak, sovuq havo bizning terma jamoamiz uchun kattagina ustunlik beradimi?
- Juda katta emas-ku, ammo qandaydir ustunlik beradi albatta. Sababi bizning yigitlar kerak bo‘lsa qorda ham futbol o‘ynashgan.

Narzulla Saydullayev suhbatlashdi

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Server Jeparov: "Saudiya Arabistoni yevropalik murabbiylar evaziga kuchaymoqda"