15:00 / 14.11.2019
2 046

Oʻyin oldidan. “Mirjalol Qosimov yoʻli”

Oʻyin oldidan. “Mirjalol Qosimov yoʻli”
Bugun navbatdagi jahon chempionatiga saralash oʻyinlari uchun eng muhim oʻyinda maydonga tushamiz. Yangi terma jamoamiz dastlabki haqiqiy sinovga duch keladi. Oʻyinning muhimligi shundaki, gap faqat ochkolar yoki turnir jadvalida emas, aynan shu oʻyin, uning natijasi nafaqat bu, balki keyingi bosqich uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Sababi, kuchli jamoalarga qarshi qanday oʻynashimiz keyingi bosqichdagi raqiblarimizga qarshi oʻyinlar uchun oʻziga xos poydevor, ishonch vazifasini bajaradi.

JCH-2014 saralash oʻyinlarida biz tariximizdagi eng koʻp ochkoni toʻplaganmiz va yoʻllanma uchun juda yaqin kelgandik. Esingizda boʻlsa, oʻshanda saralashning dastlabki bosqichlarida Yaponiya bizga raqib boʻlgan, ularga qarshi ikki oʻyinda 4 ochko olishga muvaffaq boʻlgandik. Oʻsha oʻyinlar futbolchilarimizga har qanday raqibga qarshi oʻynay olishimizni, har qanday kuchli jamoani yengishga qodir ekanimizni koʻrsatgan. Mana shu jihatdan Saudiya Arabistoniga qarshi oʻyindagi gʻalaba, asosiysi, bu oʻyinda biz tashabbuskor taraf sifatida boʻlishimiz, oʻyinni nazorat qilishimiz futbolchilarimiz uchun juda ham muhim. Oʻziga va belgilangan vazifani bajarilishiga ishongan futbolchilar bilan keyin bosh murabbiyga ham osonroq boʻladi.

Odatda oʻyin oldidan, barcha tayyorgarliklar amalga oshirilib, endi qoʻshimcha kuch olish kerak boʻlganda, murabbiylar motivatsion nutq qilishadi. Bu futbolning ajralmas qismiga aylangan, qaysidir tarixiy gʻalabalar oldidan murabbiylar nimalar deganlari haqida afsonalar yuradi, muxlislar uchun juda qiziq mavzu. Men ham shunaqa motivatsion biror narsa aytmoqchiman va bu uchun Yevropa futbolidan, chet eldan biror misol keltirishim shartmas. Misollar shu yerda, atrofimizda. Masalan, Mirjalol Qosimov hikoyasi. U hech qachon jahon chempionatiga chiqa olmagan boʻlsa-da, doim shunga loyiq oʻyin koʻrsatgan, zero natijaga koʻpincha biz javobgar emasmiz – “bizga yutish emas, kurashish buyurilgan”. Yaʼni qoida doim oʻzgarmaydi, natija uchun bor imkoniyatni ishga sol, qolgani bilan ishing boʻlmasin. Sen mana shu harakating uchun masʼulsan.

Mirjalol Qosimov istiqlol yillarida shubhasiz, mamlakatimizning eng yaxshi futbolchisi. Futbolimiz tarixida ham uning oʻz oʻrni bor va ancha yuqorida. Abduraimov, Krasniskiy, Fedorov, Anlar bilan bir qatorda. Lekin bilasizmi, Mirjalol bir jihati bilan bu ruyxatda ustunlik qiladiki, buni taʼkidlash juda ham zarur.

Muxlislar oʻrtasida ham, matbuotda ham juda koʻp eshitib qolamiz, bizda yulduz futbolchilar uchun sharoit yoʻq, yangi Qosimovlarni boy beryapmiz va hokazo. Sherzod Karimov yangi Qosimov boʻlishi mumkin edi, biz uni yoʻqotdik. Chirkin futbolimiz falonchiyevga toʻsqinlik qildi va u oʻrtamiyona boʻlib qoldi. Maxsitaliyevni saqlab qolishimiz kerak edi va hokazo. Yangi Qosimovlar taksistlik qilyapti, deyishadi!

Oʻylab qolaman, Qosimov taksichi boʻlishi mumkinmidi? Yoʻq!.. Hech qachon!

Unga hammasi osmondan tushib qolganmidi? Ha, oʻsmirlik chogʻidayoq hammaning eʼtirofiga sazovor boʻldi. Keyinchi? Uni momiq paxtadek “papalab”, undan terma jamoa sardorini “yasaganmidik”? Unaqa emas-ku?

Abduraimov ham, An ham, umuman 60-80-yillardagi yulduzlarimizning hammasidan talab qilinadigan asosiy talab futbol oʻynash edi, xolos. Insondan hech qanday muhim tanlov talab qilinmaydigan turgʻunlik yillari edi, futbolchilar oʻzlari sevgan va qoʻllaridan keladigan mashgʻulot – futbol bilan shugʻullanishgan. Toʻgʻri, baʼzida boyroq va kuchliroq hisoblangan Moskva va Kiyev jamoalari takliflarini rad qilib, oʻz vatanparvarliklarini namoyish etib turishgan, buni inkor qilib boʻlmaydi, ularning xizmatini kamsitish niyatim ham yoʻq edi, aslo.

Mirjalolning sinovlari ogʻirroq boʻlgan. U ayni oʻsishi kerak, oʻzini koʻrsatishi kerak boʻlgan paytda sobiq ittifoq chempionati parchalanib ketdi. 21 yoshidayoq, hali futbolga boʻlgan munosabat toʻgʻri shakllanmagan, futbol oʻn ikkinchi darajali boʻlgan sharoitlarda toʻp surishga majbur boʻldi. Rossiya terma jamoasi safida jahon chempionatida qatnashish taklifi berildi. Rad qildi. Keyin Oʻzbekistonga qaytdi. Maʼlum sabablarga koʻra futboldan chetda yurishga majbur boʻldi. Yana qaytdi. Yana ketdi. Xirosimada chempion boʻldi. Rossiyada chempion boʻldi. Jarohatlar. Tiklandi. Yana jarohatlar. Unga ham oson emasdi.

Lekin bilasizmi, bizda hech qachon Qosimov boy berilgani haqida tuygʻu boʻlmagan. Uning jarohatlaridan, uning muammolaridan u emas, terma jamoamiz yutqazardi doim. U esa baribir professional edi. Futbol yulduzi edi. Haqiqiy yulduz boʻlish bu faqat toʻp tepishni oʻrganish emas, ikkita toʻgʻri qarordan toʻgʻrirogʻini tanlash va buni doimo bajarish kerakligini his qilish. Bu juda qiyin va futbolchining ichki jarayoni, ishoning!

Mana shu jarayon futbol shaxsiyatini tarbiyalaydi. Futbol yulduzi boʻlish uchun iqtidorning oʻzi kifoya qilar, ammo shaxsiyat boʻlish oson emas. Messi maydonda hech kim eplay olmaydigan ishlarni qilar, lekin u shaxsiyat emas futbolda.

Argentinadan biror isteʼdod chiqib qolsa Maradonaga qiyoslashadi va albatta “yangi Maradona shu” deyishadi. Ortega, Rikelme, Aymar, Teves, Saviola... Messi... Yana koʻp, eslaganlarim shular. Lekin ularning birortasi ham Maradona boʻla olmadi. 18-20 yoshida ular Maradonadan isteʼdodsizroq edilarmi? Buni oʻlchash qiyin, lekin kuzatuvchilar ham ahmoq emas, Maradona boʻlish uchun nimasidir bor edi ularning. Xoʻsh, nega ulardan Maradona chiqmadi? Tizimmi?.. Taqdirmi?..

Mana shu yerda yana mavzuga qaytib qolaveramiz. Maradonani Maradona qilgan, Maxsitaliyev Qosimovga aylanishiga toʻsiq boʻlgan, Qosimovning taksichiga aylanishiga yoʻl qoʻymagan omil – dribling, tezlik, jarima zarbalari, gol urish, dispetcherlik mahorati va hokazolar emasligini endi isbotlashim shart emasdir, toʻgʻrimi?

Bir yerda Qosimovdan “yangi Qosimovlar qachon chiqadi?” deb soʻrashganida, u Pelega oʻxshatib, hazil tariqasida “Buni otamdan soʻrash kerak” deb javob bergandi. Goʻyoki maqtanchoqlikdek tuyulgan bu javob, aslida kamtarlik – Mirjalol bu gap bilan barchasi xudo tomonidan berilgan isteʼdod mevasi ekaniga urgʻu berib, oʻz mehnatini, futboldagi ibratlarga toʻla hayot yoʻlini inkor qilayotgandek.

Lekin biz inkor qilmaymiz. Mirjalol “Paxtakor” va terma jamoamiz safida oʻynab, bizga juda muhim gollar va gʻalabalar taqdim etgani bilan birga, boʻlajak yulduzlar uchun oʻziga xos maktab, ibrat yarata oldi. Qosimov boʻlmoqchimisiz, marhamat... Hammasi oʻz qoʻlingizda.

Qahramon Aslanov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oʻyin oldidan. “Mirjalol Qosimov yoʻli”