17:22 / 16.11.2019
3 079

Davron Fayziyev: “Mag‘lubiyatga uchraydigan o‘yin emas edi”

Davron Fayziyev: “Mag‘lubiyatga uchraydigan o‘yin emas edi”
O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun muvaffaqiyatsiz yakun topgan Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvdan so‘ng O‘FA matbuot va media departamenti boshlig‘i Davron Fayziyev ham munosabatini bildirib o‘tdi.
- Tabloda aks etib turgan 2-3 hisobi bugungi terma jamoamiz namoyish etgan o‘yinga mos bo‘ldimi? Umuman natijani adolatli desak bo‘ladimi?
- Natija bahsga u qadar mos bo‘lmadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi butun ustunlik bilan harakat qildi. Vaziyatlar ham ko‘p bo‘ldi. Hakamning ham ayrim qarorlari tushunarsiz bo‘ldi. Butun uchrashuv davomida katta ustunlik qilgan jamoa, ohirgi daqiqalarda rikoshetdan gol o‘tkazib yuborsa ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Goldan so‘ng konsentratsiya yo‘qotildi. Hammasi raqibning ikkinchi golidan so‘ng o‘zgarib ketdi. 85-daqiqagacha O‘zbekiston saudiyaliklarga aslo imkoniyat qoldirmadi. Ikkinchi bo‘limda ular deyarli xavfli vaziyat yuzaga keltirmadi. Birgina zarbasini aytmaganda, o‘shanda ham Eldor Suyunov qutqardi.

- Vadim Abramov har qanday raqibga uslubini o‘zgartirmaydi. Balki, bugun so‘nggi daqiqalarda biroz ehtiyotkorlikni o‘ylash kerakmidi?
- To‘g‘ri. 86-daqiqagacha hammasi yaxshi yo‘lga qo‘yilayotgan edi. Agar, rikoshet bo‘lmaganida himoyaga yotib to‘g‘ri qilgan bo‘lar edik deyishimiz mumkin. Mag‘lubiyatga uchraydigan o‘yin emasdi. Eng kamida durangga loyiq bo‘lib turgandik.

- Endi Saudiyani safarda mag‘lub etishimiz kerak bo‘ladi...
- To‘rtta o‘yin qoldi. Bilasiz biz doim ham oson chiqmaymiz guruhdan, o‘zimizni qiynab, qiynalib uchinchi bosqichga chiqamiz.

- Bizni g‘alabadan 10 daqiqa ajratib turgandi. Beshinchi himoyachini tushirib taktikani o‘zgartirish payti emasmidi? Ya’ni Odil Ahmedovni oldinga chiqarib...To‘g‘ri, siz murabbiyning ishiga aralasha olmaysiz, shunday bo‘lsada o‘zingizni munosabatingizni bildirsangiz.
- Menimcha himoyaga yotib olish xato qaror hisoblanardi. Mudofaaga qaytib yutqazgandan ko‘ra hujumkor o‘yin namoyish etganimiz muxlislarga ham manzur kelardi.

- Raqib mahorat va tajriba evaziga g‘alaba qozondimi?
- Klass bo‘yicha yutqazdik deb o‘ylamayman. Bizning futbolchilar anchagina mahorat bobida ustun ko‘rindi. Raqib kuchli iroda hisobiga g‘alabani tantana qildi.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi

Manba: championat.asia

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Davron Fayziyev: “Mag‘lubiyatga uchraydigan o‘yin emas edi”