14:49 / 17.11.2019
4 055

JCh-2022 saralashi. Agar guruhda ikkinchi bo‘lsak, keyingi bosqichga chiqamizmi?

JCh-2022 saralashi. Agar guruhda ikkinchi bo‘lsak, keyingi bosqichga chiqamizmi?
O‘zbekiston terma jamoasi o‘z maydonida Saudiya Arabistoniga yutqazib qo‘ydi va guruhda ikkinchi o‘ringa tushdi.
JCh saralash bosqichining ikkinchi raundida har bir guruhdan 1-o‘rinni egallagan jamoalar (8ta) va eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan to‘rtta (4ta) ikkinchi o‘rin sohiblari keyingi bosqichga yo‘l oladi.

Agar JCh mezboni Qatar ham mana shu 12ta yo‘llanmadan biriga ega chiqsa u holda qo‘shimcha yana bitta jamoa keyingi bosqichga chiqadi. Ya’ni eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan beshta jamoa mundial saralashining keyingi bosqichiga chiqadi.
Sababi Qatar ayni paytda Osiyo Kubogi yo‘llanmasi uchun kurashmoqda va JCh-2022 saralashining navbatdagi bosqichiga chiqqan taqdirda ham unda ishtirok etmaydi.

Ayni paytda ikkinchi o‘rin egalarining umumiy jadvalida terma jamoamiz so‘nggi pog‘onada turibdi. Albatta bu vaqtinchalik holat.

O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi davradagi 4ta o‘yinning barchasida g‘olib bo‘lsa guruhda birinchi o‘rinni oladi va keyingi bosqchiga chiqadi. Ammo so‘nggi tur uchrashuvini safarda Saudiya Arabistoniga qarshi o‘tkazamiz. Bu bahsda ijobiy natija qayd eta olmasak nima bo‘ladi? Quyida ushbu savolga javob berishga urinamiz. Tan olish kerak terma jamoamiz Toshkentda Falastin va Singapurni, neytral maydonda Yamanni mag‘lub eta oladi. Shunday holatda bizda 15 ochko bo‘ladi. So‘nggi turni yuqorida aytganimizdek Saudiya Arabistoniga qarshi safarda o‘tkazamiz. Xo‘sh, 15 yoki 16 ochko bilan guruhda ikkinchi o‘rinni olsak eng yaxshi 5ta jamoadan biri bo‘la olamizmi?

Boshqa guruhdagi ikkinchi o‘rin sohiblari taxminan qancha ochko olishlarini hisoblab ko‘ramiz. Albatta quyidagilarning barchasi taxmin va barchasi maydonda hal bo‘ladi.

"A" guruhi
Bu guruhda Suriya 4ta o‘yinning barchasida g‘olib chiqdi va yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Ikkinchi davrada Suriya Filippin, Maldiv va Guamni yutadi deb hisoblasak unining ochkolari 21taga yetadi. Xitoy esa oxirgi 4ta o‘yinning barchasini yutish salohiyatiga ega. Agar shunday deb hisoblasak 19 ochko bo‘ladi.

"B" guruhi
Ushbu guruhda Avstraliya ham 4ta o‘yindan so‘ng 100 foizli natijaga ega. Ikkinchi davrada 3ta uchrashuvni o‘z uyida o‘tkazadigan "sokkeruzlar" bu guruhni 8ta g‘alaba bilan tugatishi deyarli aniq. Ikkinchi o‘rin uchun Kuvayt va Iordaniya kurash olib bormoqda. 7 ochkoga ega bo‘lgan bu jamoalar Nepal va Xitoy Taypeini mag‘lub eta oladilar. Avstraliyaga esa katta ehtimol bilan mag‘lub bo‘lishadi. Agar bu holat amalga oshsa ikki jamoada 13tadan ochko bo‘ladi. Shunday qilib biz uchun 31 mart kungi Kuvayt - Iordaniya uchrashuvi biz uchun muhim bahsga aylanadi. Bu o‘yinda qaysi jamoa g‘olib bo‘lsa ochkolari soni 16taga yetadi va ikkinchi o‘rinni egallaydi. Biz uchun eng optimal variant durang. Shunda bu guruhda ikkinchi o‘rinni olgan jamoa hisobida 14 ochko bo‘ladi.

"C" guruhi
Bu guruhda favorit Eron birinchi davrada ikkita mag‘lubiyatni qabul qilib bo‘ldi. Ammo ikkinchi davraning 3ta uchrashuvini o‘z uyida o‘tkazadigan forslar faqat Kambodjaga safar qilishadi. Shu bois Eron keyingi 4ta o‘yinning barchasini yuta oladi deb hisoblaymiz. Shunda ochkolar soni 18taga yetadi. Hozir 10 ochko bilan birinchi o‘rinda turgan Iroq esa Gonkong va Kambodjani yutadi, Eronga safarda yutqazadi deb hisoblaymiz. Bahraynga qarshi bahsdagi natijada qanday bo‘lishidan qat’iy nazar Iroqning ochkolari 16tadan kam bo‘lmaydi. Shu bois biz bu guruhda Bahrayn Iroqni yutishiga muxlislik qilamiz.

"E" guruhi
Jahon chempionati mezboni Qatar bu guruhda keyingi to‘rtta bahsda yutsa ochkolar soni 22taga yetadi. Ikkinchi o‘rindagi Ummon hisobida hozir 9 ochko bor. Bu jamoa Afg‘oniston, Hindiston va Bangladeshni yutsa 18 ochko bilan ikkinchi bo‘ladi.

"F" guruhi
Bu guruhdagi vaziyat biz uchun juda muhim hisoblanadi. Yaponiya 4ta o‘yinda 12 ochko oldi va yana shuncha olish salohiyatiga ega. Ikkinchi o‘rin uchun Qirg‘iziston va Tojikiston o‘zaro kurash olib borishmoqda. Ular hisobidan 6tadan ochko bor. Ikkinchi davrada ikkala qo‘shnilarimiz Mo‘g‘uliston va Myanmani mag‘lub etishsa 12tadan ochkoga ega bo‘lishadi. Yaponiyaga esa imkoniyat boy berilsa kerak juda katta ehtimol bilan. Eng muhim bahs 19 noyabr kuni Bishkekda bu ikki jamoa o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Mana shu uchrashuvda durang qayd etilsa biz uchun ideal bo‘lardi. Shunda bu guruhda ikkinchi o‘rin sohibidagi ochkolar soni 13tadan oshmaydi.

"G" guruhi
Biz uchun yana bir muhim guruhlardan biri. To‘rtta Sharqiy Osiyo terma jamoasi va BAA joy olgan guruh. Malayziyaga hurmat saqlagan holda birinchi o‘rin uchun bir yo‘la uchta jamoa kurash olib boradi deb o‘ylaymiz. 19 noyabr kungi Vetnam - Tailand uchrashuvidan so‘ng bu guruhda ko‘p narsa oydinlashib qoladi. O‘sha bahsda durang qayd etilsa biz uchun juda katta plyus bo‘ladi.

"H" guruhi
Bu guruhdagi vaziyat ham biz uchun e’tiborli. Janubiy Koreya hozir 8 ochko bilan peshqadam. Bu jamoa ikkinchi davrani yo‘qotishsiz o‘tkazishi deyarli aniq, demak 20 ochko va birinchi o‘rin. Ikkinchi o‘rindagi Livan va KXDR hisobida 7tadan ochko bor. 19 noyabr kuni Livanda bu jamoalar o‘zaro hisob-kitob qilishadi. Bu bahsda durang qayd etilishini kutamiz. Shunday holatda bu guruhdagi ikkinchi o‘rin sohibining ochkolari soni 14tadan oshmaydi. Yoki Turkmaniston terma jamoasi o‘z maydonida Livandan ochko ololsa bizga juda katta yordam qilgan bo‘lardi.

Demak, yuqoridagi taxminlarimiz amalga oshsa "B", "F", "G" va "H" guruhlaridagi ikkinchi o‘rin sohiblarining ochkolari 15tadan oshmaydi. Yana bir e’tiborli jihati O‘zbekiston terma jamoasi Falastin, Yaman va Singapurni imkon qadar yirikroq hisoblarda mag‘lub etishi lozim. Albatta barchamiz Saudiya Arabistonini safarda mag‘lub etib, birinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqishni xohlaymiz. Ammo avvalgi ikkita Jahon chempionati saralashida bizga bitta gol va bitta ochko yetmay qolgani barchaning yodida bo‘lsa kerak. Shu bois harakatni hozirdan boshlash lozim.

Narzulla Saydullayev

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » JCh-2022 saralashi. Agar guruhda ikkinchi bo‘lsak, keyingi bosqichga chiqamizmi?