00:39 / 19.11.2019
2 309

Anvar G‘ofurov: "Ishonchim komilki, terma jamoamiz Saudiyada yutib keladi"

Anvar G‘ofurov: "Ishonchim komilki, terma jamoamiz Saudiyada yutib keladi"
Bugungi kunda milliy terma jamoamizning Saudiya Arabistoniga yutqazib qo‘ygani sababli hamma o‘z fikrini, munosabatini bildirmoqda. Oldinda esa biz Falastinga qarshi o‘yin kutib turibdi. Terma jamoamizning sobiq futbolchisi, hozirda Vadim Abramov qo‘li ostida «Bunyodkor»da o‘ynayotgan himoyachi Anvar G‘ofurov ham terma jamoamiz uchun qayg‘urmoqda. Shu bois u bilan terma jamoamiz haqida suhbatlashdik.

- Milliy terma jamoamizning Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatiga turli munosabatlar bildirilmoqda. Sizning bu boradagi fikringiz qanday?
- Ektor Kuper terma jamoamizga bosh murabbiy bo‘lganida o‘yin uslubimizda o‘zgarishlar sezilgandi. Endi yana murabbiy almashgan. Tabiiyki, shunga yarasha yana murabbiyning talablari o‘zgarmoqda. Shuning uchun o‘ylaymanki, vaqt kerak. Aslida har bir ishga ham o‘ziga yarasha vaqt talab etiladi. Shu sababli hamma muxlislar sabr qilishlarini istardim va albatta terma jamoaga ishonishlari kerak. Shaxsan men jamoamizga ishonaman, hammasi yaxshi bo‘ladi. Barchasi birdaniga bo‘lib qolmaydi. Muhimi, o‘zgarishlar bor. Bu mag‘lubiyatga katta urg‘u bermaslik kerak. Balki yomon o‘ynab yutqazganimizda nima bo‘lardi? Terma jamoamiz esa muxlislarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatyapti.

- Hammasi rejamiz asosida davom etayotgandi va biz 2:1 hisobida oldinda edik. Lekin oxirgi besh daqiqa ichida voqealar rivoji umuman o‘zgarib ketdi. O‘sha onlardarda terma jamoamizga nima bo‘ldi deb o‘ylaysiz?
- Bunday vaziyatda har xil sabab bo‘lishi mumkin. Bunday kuchli raqibga qarshi o‘ynaganda oxirgi daqiqalar o‘tib borayotgan mahalda har qanday futbolchining xayolida hisobni ushlab qolish fikri bo‘lishi mumkin. 10:1 ga yutsak ham uch ochko beriladi, 2:1 hisobida yutsak ham o‘sha ochko beriladi. Shu bois balki yigitlar hisobni saqlab qolish haqida o‘ylashgandir. Bu – futbol bo‘lgani uchun kim yutishiyu, kim yutqazishini hech kim bilmaydi. Shuning uchun yana boyagi gapimga qaytaman: muxlislar sabr qilib turishsin.

- Himoyachi bo‘lganingiz uchun mudofaa chizig‘i vakillarining o‘yiniga ko‘proq e’tibor qaratgan bo‘lishingiz tabiiy. Ularning o‘yini sizga qanday ko‘rindi?
- Kuper paytida 7 yoki 8 ta o‘yinchi ko‘proq orqada bo‘lardi. Bunday paytda hududlar yopilgan bo‘lardi. Agar kombinatsion, chiroyli o‘yin ko‘rsatishni xohlasak, unda hududlar ochiq bo‘lishi lozim. Masalan, oldinda to‘pni ushlash uchun ko‘pchilik kerak bo‘ladi. Agar ko‘pchilik oldinda bo‘lmasa, unda to‘pni ushlash qiyin bo‘ladi. Esingizda bo‘lsa, Yevropa Chempionlar ligasi yarim finalida «Barselona» - «Chelsi» o‘rtasidagi o‘yinda kataloniyaliklar zo‘r o‘yin ko‘rsatishgan. Ammo uchrashuv oxirlarida «Chelsi» hujumchisi Fernando Torresning bir o‘zi deyarli maydon markazidan boshlab darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib gol urib ketgandi.
Bunday futbol o‘ynash o‘ziga yarasha tavakkalchilik. Albatta, hujumkor o‘yin ko‘rsatishning o‘ziga yarasha plyuslari ham bor. Ayniqsa, muxlislarga yoqadi. Talablar yaxshi tarafga o‘zgaryapti. Hozir esa «Barselona» ham futbol o‘ynashga qiynalyapti. Borgan sari futbolda uslublar, talablar o‘zgarib bormoqda. Shuning uchun himoyachilarga, yarim himoyachilarga va hujumchilarga ham yangidan-yangi ko‘rsatmalar, talablar paydo bo‘lmoqda. Agar siz bir uslubga moslashib bo‘lgan bo‘lsangiz, keyin boshqasiga o‘rganishga kelganda, bu qiyin kechadi. Hammasiga vaqt kerak.

- Shuningdek, Rustam Ashurmatovning o‘yiniga ham e’tirozlar bo‘lmoqda. U haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Hamma futbolchi ham eng zo‘r o‘yinini ko‘rsatish uchun maydonga tushadi. Bu ayniqsa, milliy terma jamoa bo‘lsa! Uni taniydigan odamlar va yaqinlari esa o‘sha futbolchi uchun muxlislik qilishadi. Rustam ham maydonga yaxshi o‘yin ko‘rsataman deb chiqqan. Futbolda esa albatta xatolar bo‘lib turadi. Kuchli o‘yinchilar tomonidan ham xatolarga yo‘l qo‘yilayotganini ko‘rib turamiz. Shu bois buni to‘g‘ri tushunish kerak. Ashurmatovga ham vaqt kerak deb o‘ylayman. Boz ustiga u endi-endi milliy terma jamoada o‘ynayapti. Balki unda hayajon kuchli bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

- Tabiiyki, natijaga bosh murabbiy javobgar bo‘lgani uchun Vadim Abramov ham tanqid qilinmoqda. Bu vaziyatga qanday munosabat bildirasiz?
- O‘ylaymanki, safarda Saudiyani yutib kelamiz. Ungacha esa ko‘plab yig‘inlar va o‘yinlar bo‘ladi. Abramov esa yanada to‘g‘ri taktika hamda ko‘rsatmalarni tushuntiradi. Ularning o‘yini qanday bo‘ladi bilmadim-u, ammo bizning o‘yinimiz yanada kuchayadi. Vaqt o‘z ta’sirini ko‘rsatadi deb o‘ylayman. Ishonchim komilki, terma jamoamiz Saudiyaning maydonida yutib keladi.

- Terma jamoamizning o‘yinlari tufayli milliy chempionatimizda yana katta tanaffus paydo bo‘ldi va endi noyabr oyining oxirgi haftasida uchta tur o‘yinlari o‘tadi. Terma jamoamiz esa chempionat taqvimini ortga surgan holda 2 noyabrdan yig‘inga kirishgandi. Saudiya bo‘lsa, 10 noyabr kuni to‘planib ham Toshkentga kelib yutib ketdi…
- Bir tomondan barvaqt yig‘ilishi bu terma jamoamiz uchun yaxshi. Ular maydonda mamlakatimiz sharafini himoya qilishyapti. Shu bois terma jamoamizga iloji boricha sharoitlar yaratib berishimiz lozim. Albatta, hammaning fikri har xil. Lekin men ham murabbiylarning qaroriga qo‘shilaman. Futbolchilar terma jamoada qancha ko‘p birga bo‘lsa, bir-birini tushunishlari ham shuncha yaxshi bo‘ladi. Murabbiylar ham shuncha vaqt mobaynida o‘yinchilariga ma’lumot va ko‘rsatmalarini ko‘proq yetkazib berish imkoniga ega bo‘ladilar.

- Ammo noyabrning oxirgi haftasining o‘zida uchta tur o‘yinlari o‘tadi. Bu hol sizlarga og‘irliq qilmaydimi?
- Og‘irlik qiladi. Lekin shunday qaror qabul qilingan, bizning ishimiz esa futbol o‘ynash. O‘z ishimizni bajarishga harakat qilamiz. Agar bu borada bizdan so‘rashganida o‘z fikrimizni aytishimiz mumkin edi. Lekin shunday qaror qabul qilishdimi, demak 7 kun ichida uchta o‘yin o‘ynash mumkin.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Anvar G‘ofurov: "Ishonchim komilki, terma jamoamiz Saudiyada yutib keladi"