23:53 / 22.11.2019
3 664

Habib Nurmagomedov: «UFC bilan kelishilsa, «Humo arena»da jang o‘tkazishga roziman»

Habib Nurmagomedov: «UFC bilan kelishilsa, «Humo arena»da jang o‘tkazishga roziman»
Ertaga, 23 noyabr kuni «Humo Arena»da O‘zbekiston tarixida ilk bor aralash jang san’atlari (MMA) bo‘yicha GFC-20 turniri bo‘lib o‘tadi. Turnir doirasida 12ta jang o‘tkaziladi. Kechaning markaziy to‘qnashuvida rossiyalik Umar Nurmagomedov argentinalik Brayan Gonsalesga qarshi jang olib boradi.

12 jangning 7tasida o‘zbekistonlik sportchilar ham oktagonga chiqishadi. Bular – Nursulton Ro‘ziboyev, Amin Ergashev, Muzaffar Rajabov, Jamshid Rahmonaliyev, Ahliddin Mirzadavlatov, Jahongir Jumayev hamda Avliyoxon Hamidov.

Bugun «Xalqaro anjumanlar saroyi»da ushbu turnir oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi prezidenti Otabek Umarov, turnirning asosiy mehmoni sifatida yurtimizga tashrif buyurgan UFC chempioni Habib Nurmagomedov, uning otasi hamda ustozi Abdulmanap Nurmagomedov va boshqalar ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston MMA prezidenti Otabek Umarov turnirni qabul qilishdan maqsad nima ekanligi haqida gapirib o‘tdi:
«GFC-20 turnirini Toshkentda o‘tkazishga rozi bo‘lganliklari uchun tashkilot rahbarlariga rahmat aytaman. Bu – boshlanishi. Kelajakda bundan-da katta musobaqalarni Toshkent shahri va viloyatlarimizda o‘tkazishni maqsad qilganmiz. MMAni rivojlantirish uchun jahon darajasidagi mashhur sport murabbiylarini ham yurtimizga taklif etmoqchimiz».

UFC chempioni Habib Nurmagomedov bu turnir o‘zbek sportchilari uchun tramplin vazifasini bajarib berishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
«Bu turnirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi o‘zbek sportchilari uchun tramplin vazifasini bajarib beradi. 4-5 yil ichida o‘zbek aralash jang san’ati sportchilari UFC'ning markaziy janglarida o‘zlarini ko‘rsatishadi».

Shuningdek, Habib O‘zbekistonda chempionlik jangini o‘tkazishga rozi ekanligini ham aytib o‘tdi.
«O‘zbekistonda jang qilishga qarshi emasman. «Humo Arena» UFC janglarini o‘tkazish uchun mos keladi. Agar O‘zbekiston MMA federatsiyasi UFC bilan kelisha olsa, men bajonidil bu yerda jang qilgan bo‘lardim».

O‘zbekiston aralash jang san’atlari terma jamoasi bosh murabbiyi Sunnat Ilyosov sportchilarimiz bo‘lajak janglarga tayyor ekanligini aytdi.
«Tayyorgarligimiz a’lo darajada o‘tdi. Sportchilar jangga tayyor. Muxlislarni g‘alabalar bilan xursand qilishga intilamiz».

Ma’lumot uchun, GFC-20 turniri janglari ertaga, 23 noyabr kuni soat 18:00da boshlanadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Habib Nurmagomedov: «UFC bilan kelishilsa, «Humo arena»da jang o‘tkazishga roziman»