00:12 / 14.12.2019
2 795

Bektemir Meliqo‘ziyev va Aleksandr Von imkoniyatlar qanday?

Bektemir Meliqo‘ziyev va Aleksandr Von imkoniyatlar qanday?
Ma’lumki, ertaga tongda professional boksda mag‘lubiyatsiz odimlayotgan hamyurtimiz, havaskor boksda ajoyib natijalar qayd etgan Bektemir Meliqo‘ziyev to‘rtinchi jangini o‘tkazadi. Unga okean orti vakili Von Aleksandr raqib bo‘lishidan ham xabaringiz bor. Mazkur jang chempionlik maqomida bo‘lib, g‘alaba qozongan WBA Continental Americas kamari sohibiga aylanadi. Biz saytimiz an’anasiga muvofiq mazkur jang avvalida yurtimizdagi boks ixlosmandlarining fikr mulohazasiga quloq tutdik va ularning taxminlarini e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

Jalol Ahmedov (Jizzax, Forish)- talaba, Jizzax Davlat Pedagogika instituti 4-bosqich talabasi
- Mana, Bektemir Meliqo‘ziyev ham 4-jangini o‘tkazadi. Unga bu safar Von Aleksandr raqiblik qiladi. Uning janglarini ko‘rib chiqdim... Jismoniy jihatdan ancha baquvvat va himoyasi ham mustahkam ekan. Uning jang uslubi menga Shahram G‘iyosovning raqiblaridan biri Emanuel Teylorni eslatib yubordi. Hammamizga yaxshi tanish qozog‘istonlik Janibek Alimxanulu bilan ham to‘qnash kelib, ochkolar hisobida mag‘lub bo‘lgan.

Ammo ushbu jangda Von ustunlik qilganday ko‘ringandi. Bu safar Bektemirga oson bo‘lmasa kerak. Qolaversa, jang ham uzoqroq davom etadi deb o‘ylayman. Qaysidir ma’noda bu yaxshi, chunki Bektemirning jismoniy holati va 10 raundlik imkoniyatlarini chamalab oladi. Bektemirga omad va g‘alaba tilab qolaman!

Vohid Ismoilov ( Andijon, Shirmonbuloq) – tadbirkor
- Bektemir asl iqtidor egasi. Xalqchil tilda “tug‘ma bokschi” degan so‘z ishlatiladiku, u xuddi shu toifadagi sportchi. Unga yaratgan tomonidan juda kuchli zarba tuhfa etilgan. Havaskor boksda qandaydir shubha bo‘lishi mumkin edi. Ya’ni, qisqa raundlar mobaynida asosan ochkolarga ishlab, ikkinchi raqam bo‘lib, uning atrofida qochib yurib, Bektemir ustidan g‘alaba qozonish imkoniyati bor edi.

Albatta, bu shaxsiy fikrim. Professionalda esa, BEK ni mag‘lub bo‘lishini tasavvur qila olmayman. U bu yo‘nalishda Ruslan Chagayev, Oleg Maskayev, Artur Grigoryanlar darajasiga ko‘tarilishiga ishonaman. Shuning uchun, ertangi jangda ishonch bilan ayta olamanki, Meliqo‘ziyev raqibini muddatidan avval mag‘lub etadi. Shirmonbuloqchasiga aytganda, Bektemir yorvoradi????!

Ne’matullo Sodiqov (Samarqand) – talaba, stomatolog
Bektemirning navbatdagi jangi ham avvalgilardek navbatchi janglardan deyarli farq qilmaydi. Faqatgina 10 raundlik va past darajali titul uchun bo‘lganligi uchun ko‘proq reyting ochkosini beradi. G‘alaba qozona olsa TOP 15 likka kirib olishi mumkin. Raqibi Aleksandr Von kelajakka katta umid bog‘lamaydigan bokschilar sirasiga kiradi. Ya’ni, gonorar uchun janglar o‘tkazadi. Albatta, iste’dodiga shubha yo‘q!

WBA reytingida 2-o‘rinda borayotgan qozog‘istonlik Alimxano‘g‘li bilan tengma-teng jang olib borgan. Yakunda mag‘lub bo‘lgandi. Asosan himoyaga e’tibor qaratadi. Unda yo‘qotadigan istiqboli ham yo‘q deb aytishimiz mumkin. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, katta rejalar uchun harakat qilyapti deb o‘ylamayman. Lekin buning qaysidir ma’noda xavfli tomoni ham bor.

Bekning imkoniyatini esa yaxshi bilamiz... Texnik va taktik tomondan yaxshi jang qiladi. Juda kuchli zarbalari bor. Uning o‘zi ham jiddiyroq janglarni hohlaydi. Bu safargi raqibi ham u kutganidek nomdorroq emas. O‘ylaymizki bu omil ham Bekning ishtiyoqini pasaytirmaydi. Muhimi jang 10 raundlik va bu tramplin vazifasini o‘tashi kerak. Jang oldidan taxminim Bek muddatidan oldin g‘alaba qozonadi. Imkoniyatlar 90/10 Bekning foydasiga. Barcha bokschilarimizga omad!

Jasurbek Mamadsoliyev (Qaroqalpog‘iston respublikasi, Amudaryo tumani) – hozircha ishsiz
Bektemirni bu jangi avvagilari kabi muddatidan avval yakunlanmasa kerak. Raqibi himoyaviy jang qilarkan. Jismoniy taraflama ham baquvvat. 3 marta yutqizgan bo‘lishiga qaramasdan nokautga uchramagan. Agar, Bek jang boshidan jigarga ajoyib zarbalar bera olsa, tezroq tugashi mumkin. Lekin jang to‘liq davom etsada, Bektemir ishonchli g‘alabaga erishadi.

Ixtiyor Ne’matov (Buxoro, Shofirkon) – talaba
- Bu jang nisbatan avvalgilaridan ko‘ra, biroz farq qiladi. Ya’ni, Aleksandr Von asosan urg‘uni himoyaga qaratadiganlar sarasiga kiradi. Buni bir nechta janglarini kuzatib shunga amin bo‘ldim. Qolaversa, gavda tuzilishi jihatidan ham Bektemirga qaraganda biroz ustunlik jihati bor. Shuning uchun, Bektemir oson g‘alabani qo‘lga kiritadi deb o‘ylamayman. Meliqo‘ziyev albatta g‘alaba qozonadi. Lekin muddatidan avval buni amalga oshirish biroz qiyinroq bo‘ladi. Shunday bo‘lsada, “BEK Bulli” ni ajoyib “quroli” mavjud... Bu albatta uning kuchli zarbasidir. U o‘zi o‘ylagan zarbasini yo‘llay olsa, har qanday raqibni muvozanatdan chiqara oladi. Albatta, o‘zbek o‘g‘lonining g‘alaba qozonishiga ishonaman va unga omad tilayman!

Sherzod Olimov (Namangan, Chust) – dasturchi
- Bektemirning g‘alaba qozonishiga shubham yo‘q. U raqibini nokautga uchratadi. Raqibi professional ringdagi tajriba bobida ustun. Aynan, unga shu yordam berishi mumkin. Chunki, unda 10 raundlik janglar ko‘proq bo‘lgan. Bektemir uchun jangning cho‘zilishi salbiy holat bo‘ladi. Shuning uchun, u muddatidan avval g‘alaba qozonishga harakat qiladi.

Ahmadbek Eshmatov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bektemir Meliqo‘ziyev va Aleksandr Von imkoniyatlar qanday?