00:03 / 22.12.2019
2 138

O‘FA mutaxassislari Qatarning yosh futbolchilar bilan ishlash tajribasini o‘rganmoqda

O‘FA mutaxassislari Qatarning yosh futbolchilar bilan ishlash tajribasini o‘rganmoqda
Xabaringiz bor, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi futboli ilg‘or mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni yanada yaxshilash hamda futbolning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishga katta ahamiyat qaratmoqda.
Jumladan, ayni kunlarda Qatar futbol assotsiatsiyasi taklifiga binoan O‘FA mutaxassislar guruhi ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi. O‘FA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, O‘FA texnik direktori Shavkat Imomov, O‘zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze hamda O‘zbekiston U-14 terma jamoasi bosh murabbiyi Server Jeparov Qatarning yosh futbolchilar bilan ishlash va turli yoshdagi terma jamoalar uchun futbolchilar tarbiyalash bo‘yicha tajribasini o‘rganmoqda.

Bilasiz, Qatar mamlakati so‘nggi yillarda qit’amizda yetakchilardan biriga aylana oldi. Ushbu yurt dastlab “Aspire” akademiyasi tarbiyalanuvchilaridan iborat tarkib bilan 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi. Keyinroq esa Qatar milliy terma jamoasi xuddi o‘sha tarkib bilan Osiyo kubogida zafar quchdi. Ushbu muvaffaqiyatlarda Dohada joylashgan “Aspire” akademiyasining o‘rni beqiyos.

Shu boisdan O‘FA mutaxassislari “Aspire” akademiyasida bo‘lib, ushbu futbol dargohining ishlash tizimi, yosh futbolchilarni tarbiyalashdagi o‘ziga xos uslubi, u yerda o‘yinchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va mashg‘ulot jarayonlari bilan yaqindan tanishmoqda. Akademiya murabbiylari bilan mashg‘ulotlarda qo‘llanilayotgan yangi uslublar, futbolchilarga turli yoshda beriladigan turlicha jismoniy yuklamalar, o‘yin falsafasi bo‘yicha suhbatlar olib borildi.

Shuningdek, akademiyada futbolchilarning davolanishi hamda tiklanishi bo‘yicha amalga oshiriladigan jarayonlar bilan tanishildi. Qolaversa, “Aspire” akademiyasi texnik direktori bilan o‘zaro fikr almashildi va murabbiylarning malakasini oshirishda yaqindan hamkorlik qilish masalasi muhokama etildi.

Shu kunlarda Qatar klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga ham mezbonlik qilmoqda. O‘FA mutaxassislari QFA taklifiga ko‘ra, klublar mundiali uchrashuvlariga ham tashrif buyurishlari ko‘zda tutilgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FA mutaxassislari Qatarning yosh futbolchilar bilan ishlash tajribasini o‘rganmoqda