11:18 / 22.01.2020
2 972

O‘zbekiston hukumati futbol klublariga aloqador yangi qaror qabul qiladi

O‘zbekiston hukumati futbol klublariga aloqador yangi qaror qabul qiladi
Futbol klublarining huquqiy maqomini belgilash va ularga qo‘llanadigan soliq va bojxona imtiyozlaridan samarali foydalanish mexanizmi to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilinadi.

Muhokama uchun joylashtirilgan hujjat loyihasiga ko‘ra, futbol klublariga soliqlar, bojxona va majburiy to‘lovlarni budjetga to‘lash bo‘yicha berilgan imtiyozlarni rasmiylashtirish va buxgalteriya hisobida aks ettirish amaldagi qonun hujjatlar talablari asosida tartibga solinadi.

Futbol klublarining maqomi
Futbol klublari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Futbol klublari yuridik shaxs sifatida O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari hamda o‘z ta’sis hujjatlariga asosan faoliyatini Respublikaning barcha hududlarida tashkil etish va yuritish huquqiga ega.

Futbol klublari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq zarur mutaxassislarni, shu jumladan chet ellik mutaxassislarni ishga jalb qilishga va xodimlar mehnatiga xaq to‘lash shakllari, tizimi, miqdori va turini, shuningdek boshqa daromad turlarini ixtiyoriy belgilashga haqlidir.

Har qanday futbol klubi o‘z faoliyatini havaskor yoki professional darajada olib borishi mumkin.

Futbol klublari ta’sischilari (ishtirokchilari) O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari hamda o‘z ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda:
  • futbol klubining ishlarini boshqarishda hamda foydani taqsimlashda ishtirok etish, futbol klubi tugatilgan taqdirda, kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkning bir qismini yoki uning qiymatini olish va boshqa huquqlarga ega bo‘ladi;
  • futbol klubiga tegishli miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qo‘shish, futbol klubi faoliyatini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlash, futbol klubi faoliyati to‘g‘risidagi sir tutilgan axborotni oshkor qilmaslik majburiyatini oladi.

Har qanday futbol klubi professional futbol klubi maqomini olishi uchun O‘FAning ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan “O‘FA va O‘zPFLning professional darajadagi musobaqalarida ishtirok etuvchi futbol klublarni litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo‘yicha reglament talablariga javob berishi shart. Xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun esa futbol klublari OFK litsenziyalash talablarini bajarishi shart.

Mazkur talablarga javob bermaydigan hamda O‘FA va O‘zPFLdagi professional musobaqalarda qatnashmaydigan futbol klubi havaskor futbol klubi hisoblanadi va imtiyozlar ularga nisbatan qo‘llanilmaydi.

O‘FA va O‘zPFL tasarrufida o‘tkaziladigan professional musobaqalarda ishtirok etuvchi professional futbol klublarini aniqlab olish maqsadida har yili 1 may kunidan 30 sentabr kunigacha (30 sentabr ham kiradi) reglamentga muvofiq tegishli hujjatlarni O‘zPFLning futbol klublarini litsenziyalash bo‘limi orqali O‘FAning Litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash qo‘mitasiga topshiradi.

Qo‘mita taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqib, professional futbol klubi maqomini berish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Qo‘mita tomonidan futbol klublariga professional futbol klubi maqomini berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan keyin qo‘mita raisi professional futbol klubi maqomini berish to‘g‘risidagi guvohnomani imzolaydi. Muvofiq shakldagi bir yil muddatga amal qiladigan professional futbol klubi maqomini berish to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.

Qo‘mita tomonidan futbol klublari maqomini belgilash to‘g‘risidagi qarorlar va kelgusi yil professional futbol klublari ro‘yxati O‘FAning rasmiy veb-saytida har yili 30 noyabrgacha e’lon qilinadi.

Futbol klublariga nisbatan quyidagi hollarda ularning professional futbol klubi maqomidan mahrum qilinishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilinishi mumkin:
- imtiyozlardan maqsadsiz foydalanganda – sudning qaroriga binoan;
- futbol klubi tugatilganda;
- qo‘yilgan investitsiyalar (pul mablag‘lari va boshqa mol-mulk) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar legallashtirilishi bilan bog‘liq jinoyat sodir etilishi natijasida olinganligi holati vakolatli organlar tomonidan aniqlanishi va tasdiqlanishi – sudning qaroriga binoan;
- guvohnoma olish uchun shart etib qo‘yilgan talablardan biriga amal qilinmasa yoki amal qilinishi to‘xtatilsa – qo‘mita qaroriga binoan;
- guvohnoma egasi reglamentda ko‘rsatilgan majburiyatlardan birini bajarishdan bosh tortsa – qo‘mita qaroriga binoan.

Professional futbol klubi maqomidan mahrum etish berilgan huquqlar bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.

Futbol klublarining huquqiy maqomini belgilash jarayoni
Futbol klublarining huquqiy maqomini belgilash bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish qo‘mita tomonidan ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda professional futbol klubi maqomini olish istagini bildirgan futbol klubiga quyidagi litsenziyalash talablariga javob beradigan mezonlar qo‘yiladi:
- futbol klubining amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tganligi;
- eng kamida uch yil davomida O‘FA yoki O‘zPFLdagi futbol musobaqalarida ishtirok etganligi;
- o‘quv-mashg‘ulot bazasi va stadionining mavjudligi (egalik qilish yoki shartnoma asosida);
- tegishli hujjatlarga ega mutaxassislarning faoliyat yuritayotganligi.

Ikkinchi bosqichda quyidagi mezonlar asosida futbol klublaridan quyidagi hujjatlar qabul qilinadi:
- sport mezonlari;
- futbol klublari infratuzilmasi;
- xodimlarga faoliyatiga qo‘yiladigan ma’muriy mezonlar;
- huquqiy mezonlar;
- moliyaviy mezonlar.

Futbol klublari quyidagi hujjatlarni qo‘mitaga taqdim qiladi:
- o‘quv-mashg‘ulot bazasi va stadionining egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat yoki tegishli shartnoma nusxasi;
- shtat jadvali nusxasi;
- klubda faoliyat yuritayotgan futbol trenerlarining trenerlik litsenziyalari nusxasi;
- ustav va guvohnoma nusxasi.

Qo‘mita birinchi bosqichda qo‘yilgan talablarga javob bergan futbol klublaridan reglamentda ko‘rsatilgan hujjatlarni ikkinchi bosqichda belgilangan muddatlarda qabul qiladi.
Qo‘mita ko‘rsatilgan muddatda professional futbol klubi maqomini berish yoki rad etish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.

Futbol klublarining huquqiy maqomini belgilash yuzasidan berilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish
Qo‘mita tomonidan chiqarilgan qaror yuzasidan futbol klublari qaror e’lon qilingan kundan boshlab o‘n kun ichida O‘FA apellyatsiya komissiyasiga ariza berishi mumkin.

Apellyatsiya komissiyasi besh kishidan iborat tarkibda O‘FA ijroiya qo‘mitasi qarori bilan tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasining ish tartibi apellyatsiya komissiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘FA ijroiya qo‘mitasi qarorida belgilanadi.

Ariza ro‘yxatga olingan kundan boshlab 15 kun muddatda ko‘rib chiqiladi.
Ariza bergan futbol klubi apellyatsiya komissiyasi tomonidan arizasi ko‘rib chiqilishi jarayonida ishtirok etishi mumkin.

Apellyatsiya komissiyasi qo‘mita qarorini o‘zgartirishsiz qoldirishi yoki uni bekor qilib, unga tegishli o‘zgartirish kiritish haqida qaror chiqaradi.
Apellyatsiya komissiyasi qarori nusxasi murojaat etuvchi futbol klubiga va qo‘mitaga apellyatsiya komissiyasi qarori chiqqan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida taqdim etiladi.

O‘FA Apellyatsiya qo‘mitasining arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarori yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat qilinishi mumkin.

Imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llash
Bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar olib kirilayotgan tovarlarni muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga o‘tkazish bojxona rasmiylashtiruvi paytida taqdim etiladi.

Imtiyoz qo‘llash uchun ko‘rsatilgan professional futbol klublari hisobot davri yakunlari bo‘yicha yillik soliq hisoboti bilan birga davlat soliq xizmati organlariga shaklga muvofiq imtiyozlar berilishi munosabati bilan bo‘shagan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma hisob-kitobni taqdim etadi.

Soliq va bojxona imtiyozlarining to‘g‘ri qo‘llanishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq xizmati va Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston hukumati futbol klublariga aloqador yangi qaror qabul qiladi