15:23 / 22.01.2020
2 155

Jahonning eng mashhur promouterlaridan biri o‘zbek bokschilarini kuzatmoqdami?

Jahonning eng mashhur promouterlaridan biri o‘zbek bokschilarini kuzatmoqdami?
Bir necha kun avval, o‘zbekistonlik bokschilar Bahodir Jalolov hamda Hurshidbek Normatovlar hamkorlik qiladigan Dibella Entartayment promouterlik kompaniyasi rahbari Lu Dibella bilan suhbatimizni e’tiboringizga taqdim etishimizni aytib o‘tgan edik. Va’daga muvofiq Boxer TV kanali bilan hamkorlikda jahon professional boks olamidagi eng mashhur shaxslardan biri bilan bo‘lgan intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.

- Janob Lu sizga O‘zbekistondan salom yo‘llamoqdamiz!
- Tashakkur. Meni nomimdan ham o‘zbek xalqiga salomimni yetkazing.

- Bilamizki, siz jahon professional boks olamida o‘z o‘rningizga egasiz. O‘zbekistonlik boks ixlosmandlari esa Bahodir Jalolov hamda Xurshidbek Normatovlar bilan hamkorlikni boshlaganingizdan keyin yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishdi. Umuman olganda ushbu yurtdoshlarimiz ishonchingizni qay darajada oqlashmoqda?

- Jalolov og‘ir vaznli yosh, umidli va fantastik bokschidir. Uning vazniga nisbatan olganda oyoq va qo‘l harakatlari juda tezkor...Bir so‘z bilan aytganda uning iste’dodiga shubha yo‘q.
Biroq, tana tuzilishi hali mukammal darajada baquvvat ko‘rinishga kelgani yo‘q. Shunday bo‘lsada, u bu kamchilikni bartaraf etishga qodir.

- Balki yana birorta kuchli tarafi bordir?
- Shubhasiz, u yaxshi bokschi bo‘lish barobarida qo‘rqinchli "pancher" hamdir.

- Uning havaskor boksdagi faoliyatiga munosabatingiz qanday?
- U o‘z yurtining yulduzi. Hozirda diqqat e’tibori Olimpiadaga qaratilgan. U to‘laqonli professionalga o‘tganidan so‘ng, u bilan bog‘liq rejalarimiz bor.

- Ushbu reja borasida biroz ma’lumot bera olasizmi?
- Buning yashiradigan joyi yo‘q. U yuqorida aytganimdek, to‘la prof yo‘nalishga o‘tganidan so‘ng, chempionlik darajasiga olib chiqish yo‘lida ishlaymiz. Uning bunga imkoniyatlari yetarli.

- Xurshid Normatovchi?
- Biz uni "Xershey" deb ataymiz. U juda tajribali va mahoratli bokschi. Uning uchun 2019 yil omadli keldi. Ikki muhim jangda g‘alaba qozona oldi. Lekin oila qurganligi sababli biroz tanaffus bo‘ldi. Joriy yil ham u uchun ajoyib voqeliklarga boy bo‘ladi. Jumladan, 28 yanvar kuni u meksikalik Uriel Ernandesga qarshi ringga ko‘tariladi.

- Xurshid 9 ta jangda g‘alabaga erishdi. Balki unga jiddiy janglar uyushtirish vaqti kelgandir?
- Uning mahoratini oshirish, yanada tajriba to‘plab olish maqsadida shunday bosqichlardan o‘tmoqda. U mag‘lubiyatga uchratish qiyin bo‘lgan, talant va chapaqay charmqo‘lqop ustasi. 2020 yil ko‘plab janglar o‘tkazib, imkoniyatini chamalab oladi. Keyingi yil esa, jiddiy janglarda ringga ko‘tariladi. O‘ylaymanki, u super yarim o‘rta vaznning (69 kg) top bokschisiga aylanadi.

- Aslida o‘zbek boksi haqida yana nimalarni bilasiz?
- O‘zbekistonda ajoyib havaskor boks maktabi shakllangan. Ular hozir jahonda birinchi o‘rinda...

O‘z iste’dodlari bilan maqtana oladi. Men ham ba’zi birlarini kuzatib bormoqdaman. Chunki haqiqiy talantlar bilan ishlashni yoqtiraman. Ayni vaqtda AQSH da ko‘plab yurtdoshlaringiz faoliyat olib bormoqda. Ular ingliz tilini ham mukammal o‘rganishga harakat qilishayapti. Qolaversa, bu yerdagi vatandoshlaringiz va shu yerlik muxlislar orasida ham mashhurlikka erishmoqdalar. Bu bokschilar hali jahon professional boks olamida tom ma’nodagi yulduzga aylanishadi.

- WBO Tayson Fyuriga mijozingiz Jalolovga qarshi jang qilish taklifini berdi. Bu voqeylik ro‘y berishi tez orada bo‘lmasada, ushbu to‘qnashuvga qanday munosabat bildirasiz?
- Bahodir professional boksda bir nechta jang o‘tkazdi xolos. Fyuri esa og‘ir vazn toifasidagi eng kuchli ikki bokschining biridir. Jalolov gavdasining yirikligi, tezkorligidan kelib chiqib, har qanday raqibga qarshi jang qila oladi. Lekin "Big Uzbek" va "Gipsy King" ringda o‘zaro to‘qnash keladi deb o‘ylamayman. Chunki Tayson o‘zi aytganidek, bir nechta jangdan so‘ng, boksni tark etadi. Yana kim biladi, balki vaziyat o‘zgarib qolar.

- Ayni vaqtda og‘ir vazn toifasining eng kuchlilaridan biri Deontey Uaylder ham mijozingiz hisoblanadi. Qolaversa, Bahodir... Demoqchimanki, asosiy diqqatingiz ushbu vazn toifasiga qaratilgan. Nima deb o‘ylaysiz, super og‘ir dvizioni avvalgi nufuzini yo‘qotib qo‘ymadimi?
- Garchi, oramizdan xech qanday gap o‘tmagan bo‘lsa ham hozirda Deontey bilan hamkorlik qilmayapmiz. Shuningdek, Uaylder, Joshua, Fyurilarni ortidan yosh iste’dodli bokschilarning yetishib chiqayotganligi tufayli, bu vazn toifasi yanada mashhurlikka erishmoqda. Ayni holatda Jalolovning favqulodda ko‘tarilishi va tanilishi uchun qulay vaqt. Savolingizda biroz jon bor. Ya’ni yaqin o‘tmishda bu vazn toifasi xarizmatik yulduzga ega bo‘lmaganligi uchun og‘ir vaznda marketing ham to‘xtab qolgandi. Endi esa asta-sekin rivojlanish bosqichiga ko‘tarilmoqda.

Jalol Ahmedov va Ahmadbek Eshmatovlar suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jahonning eng mashhur promouterlaridan biri o‘zbek bokschilarini kuzatmoqdami?