Deniel Roman jangga tayyormi? Uning holati qay darajada? Eksklyuziv intervyu

  • 23 yanvar 2020, 22:35
  • 795
  • Sport
  • Deniel Roman jangga tayyormi? Uning holati qay darajada? Eksklyuziv intervyu
    30 yanvar kuni AQSHning Florida shtatidagi Mayami shahrida ikkinchi super yengil (55 kg) vaznda faoliyatini olib borayotgan hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev o‘zining 8-jangidayoq WBA va IBF chempionlik kamari uchun Deniel Romanga qarshi ringga chiqadi.

    Biz jang oldidan Romanning holati va jangga tayyorgarligi haqida qiziqib, @Boxer_TV telegram kanali bilan hamkorlikda uning menejeri va murabbiyi Eddi Gonsales bilan intervyu uyushtirdik.

    - Denielning hozirgi holati qay darajada? U jarohatidan to‘laligicha forig‘ bo‘ldimi? Umuman, u jang oldidan o‘zini qanday his qilmoqda?
    - Dennining holati a’lo darajada. U asosiy mashg‘ulotlarni yakunladi. Hozirda, u o‘zini yaxshi his qilmoqda va jangga tayyor. U jarohatdan to‘laqonli forig‘ bo‘lgan va ayni damda jang uchun hech qanday noxush holatlar yo‘q.

    - Jangga tayyorgarlik haqida ham gapirib o‘tsangiz. Sparringlarda Murodning uslubiga yaqin raqiblar topish qiyinchilik tug‘dirmadimi?
    - Denni mashg‘ulotlari mukammal darajada olib bordi va yuqorida ta’kidlaganimdek hech qanday muammolarga duch kelinmadi. Sparringlarga keladigan bo‘lsak, biz unga iloji boricha Murodjonning uslubiga yaqin raqiblar topib berishga harakat qildik, ammo, baribir Murod o‘z holatida o‘zgacha uslubga va darajaga ega bokschi.

    - Shuni aytish joizki, Deniel ko‘p yillik professional tajribaga ega. Murodjon esa havaskor boks tajribasiga va kuchli zarbaga ega bokschi. Bu ikki bokschilar o‘rtasidagi jang natijasini qanday taxmin qilish mumkin? Sizningcha, jang erta yakunlanadimi yoki 12 raundlik jang ko‘ramizmi?
    - Denni professional tajribaga ega kuchli bokschi. Albatta, insonlar uning haqiqiy kuchiga o‘zlarida his qilib ko‘rmaguniga qadar baho bera olishmaydi. Murodjon ham kuchli zarbaga va texnikaga ega bokschi. Qolaversa, unda yaxshigina havaskor boks tajribasi bor ekanligini yaxshi bilamiz. Ammo kuchli raqibga qarshi u kuchini jang oxiriga qadar qanday taqsimlashi va yakunda nima bo‘lishi so‘roq ostida. Jang natijasini taxmin qilish qiyin. Biz 12 raundlik jangga tayyorgarlik ko‘rdik. Bu borada bir nima deyish qiyin.

    - Denielning oldingi raqiblari orasida uslub jihatdan Murodjonga o‘xshashi bo‘lganmi?
    - Bir xil uslub demagan bo‘lardim-u, lekin Deniel faoliyati davomida bir qancha (5) chapaqay bokschilar bilan jang olib borgan va ulardan 3 tasi nokautga uchragan. Deniel birinchi jahon chempionlik titulini (WBA) Yaponiyada chapaqay Shun Kubodan tortib olgan. U yaqindagina boshqa bir chapaqay bokschi Ti Je Doheniyni mag‘lub etib 2 yo‘nalish (WBA, IBF) chempioniga aylangan edi. Bu ikki raqibda ham nokautlar soni anchaginani tashkil qilar edi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkin-ki, u chapaqay bokschilarga qarshi yaxshi immunitetga ega.

    - Bilamizki, Murodjon Ahmadaliyev va Deniel Roman janggi kechaning asosiy kardini boshlab beradi. Ammo bizningcha bu jang kechaning eng qiziqarli jangi bo‘ladi. Bu borada sizning fikringiz qanday?
    - Bu borada sizning fikringizga mutlaqo qo‘shilaman. O‘ylaymanki, Deniel Roman va Murodjon Axmadaliyev janggi muxlislarning yodida qoluvchi eng qiziqarli va ehtimoliy yil janggi bo‘ladi. Ishonamanki, 2 buyuk jangchilar o‘zbek, Amerika va meksikalik ( P.S. Deniel Roman AQSH nomidan chiquvchi asl kelib chiqishi meksikalik bokschi hisoblanadi) boks ihlosmandlari va jahon boks ommasi uchun ajoyib jang namoyish etishadi.

    Jalol Axmedov suhbatlashdi.

    » » Deniel Roman jangga tayyormi? Uning holati qay darajada? Eksklyuziv intervyu