07:07 / 27.01.2020
2 001

Mate Vatsadze: "AGMK bunday ahil va inoq jamoa bilan yuqori vazifalarni uddalashga qodir"

Mate Vatsadze: "AGMK bunday ahil va inoq jamoa bilan yuqori vazifalarni uddalashga qodir"
AGMK jamoasining yangi transferiga aylangan gruziyalik hujumchi Mate Vatsadze klub matbuot xizmatiga AGMKdagi ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
— "Avvalo barchaga “qaynoq” salom! Yangi jamoa, yangi maqsad va yangi marralar sari qadam qo‘ydim. AGMK jamoasi haqida Elguja Grigalashvili orqali eshitib, bu klub naqadar savlatli, muhit juda yaxshi va barcha ishlar yo‘lga qo‘yilganini tushundim. Kelib ko‘rgach, jamoa bilan bevosita tanishgach, o‘zim istagan kollektivga kelganimni angladim.

Ayniqsa oxirgi jamoadagi tanlovim va yangi klubimiz o‘rtasidagi farq hamda tafovut naqadar katta ekanligini tushundim va o‘zbek futboliga bo‘lgan qarashim va munosabatim yaxshi tarafga o‘zgardi. Shuningdek, o‘tgan yilning ikkinchi qismi, ya’ni bu chempionatga kelgunga qadar O‘zbekistonda Maxaradze va Shota Arveladze faoliyat olib borayotganini eshitgandim. Lekin o‘zbek futboli bilan yaqindan tanish emasdim.

AGMKda barchasi reja asosida tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Mashg‘ulotlar jarayoni, maydondan tashqaridagi jarayonlar, murabbiylar shtabi hamda futbolchilardan tortib qolgan personallar ham o‘z ishini yaxshi sifatda amalga oshirishini ko‘rdim. To‘g‘ri, bu men uchun yangilik emas. Chunki Yevropada ko‘p yillardan buyon to‘p tepganman. Lekin Yevropadan tashqari faoliyatimda ishi noprofessional darajada yo‘lga qo‘yilgan klubda qisqa fursat o‘ynaganim uchun, AGMK misolida yana Yevropadagidek ish yaxshi tashkillashtirilgan jamoaga kelganimdan xursandman.

O‘zbek futbolini kuzatib kelmoqdaman. Har bir jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni imkon qadar kuzatishga, o‘rganishga harakat qilyapman. Yangi mavsumda xoh jamoaviy, xoh shaxsiy bo‘lsin, maqsadlarim yuqori. O‘ylashimcha, AGMK bemalol yuqori vazifalarni uddalashga qodir jamoa. Muhimi va bizdan talab qilinadigani - barcha o‘z ishini sidqidildan va bunga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilgan holda ishlasa bo‘lgani. Bu nafaqat futbolchi yoki murabbiylar shtabiga bog‘liq, balki jamoadagi har bir personal yoki bo‘limlar bir maromda tekis ishlashi kerak. Hammamiz bir maqsad yo‘lida birlasha olsak, marra qilinayotgan cho‘qqiga chiqish mumkin.

AGMKda aynan bir futbolchini yaqin do‘stimga aylandi yoki kimdir bilan nisbatan yaxshi munosabatdaman deb ajrata olmayman. Bu yerda muhit a’lo darajada va meni barcha juda iliq kutib oldi. Hali aytganlarim shunchaki yuzaki emas, balki samimiy gaplar. Hamma juda ahil va inoq. Elgujadan tashqari qolgan barcha futbolchilar ham tezroq jamoaga kirishib ketishim uchun harakat qilib, yordam berishdi. Men jamoaga yangi kelib qo‘shilganimni tezda unutdim.

AGMKda alohida tabaqalanish yo‘q. Barcha samimiy va inoq. Shu boisdan ham mendan tashqari yangi kelgan ko‘plab futbolchilar dastlab yaxshi muhitni alohida qayd etishadi. Mirjalol Qosimov boshchiligidagi murabbiylar shtabi ahil va inoq kollektiv shakllantira olishgani ko‘rinib turibdi. Bu balki maydonda ko‘rinmaydigan, lekin jamoaviy o‘yin va natijalarga ta’sir qiladigan muhim omil.

Olmaliqlik muxlislarga avvalo meni iliq kutib olishgani uchun rahmat aytaman. Ijtimoiy tarmoqlar orqali buni sezdim va bu menga qo‘shimcha motivatsiya va kuch bermoqda. Men shuni va’da beramanki, har kuni, har mashg‘ulot va barcha o‘yinda men jamoam yutug‘i uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni bajarishga harakat qilaman. AGMK uchun yangi mavsumda jonimni berib o‘ynamoqchiman. Salomga yarasha alik bo‘lishi kerak. Men AGMKda o‘zim uchun yangi chorlov bo‘lganini his etmoqdaman. Maydonga tushgach bor iqtidorni ishga solish kerak. Buni esa bajaraman. Tezroq chempionat boshlansayu, men yangi jamoam libosida maydonga tushsam. Hozir aynan shu onlarni intiqlik bilan kutmoqdaman", - dedi Mate Vatsadze.

Manba: AGMK matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mate Vatsadze: "AGMK bunday ahil va inoq jamoa bilan yuqori vazifalarni uddalashga qodir"