13:12 / 26.02.2020
2 714

Gattuzo — yulduzlar bo‘yicha ekspert: u Ronalduni ham, Messini ham to‘xtatdi

Gattuzo — yulduzlar bo‘yicha ekspert: u Ronalduni ham, Messini ham to‘xtatdi
Foto: Reuters
«Napoli» «Barselona»ga qarshi o‘yinlarda autsayder sifatida ko‘rilayotgandi, ammo italyanlar jamoasi bosh murabbiyi jamoasining istiqboli bo‘yicha fikrlarni o‘zgartirishga majbur qildi va kuchli raqibga qarshi durang o‘ynadi.

«Napoli» (Italiya) — «Barselona» (Ispaniya) — 1:1 (1:0)
Gollar:
Mertens, 30 (1:0). Grizmann, 57 (1:1).
«Napoli»: Ospina, Manolas, Mariu Ruy, Maksimovich, Di Lorenso, Zelinski, Demme (Allan, 80), Ruis, Kalexon (Politano, 74), Mertens (Milik, 54), Insine.
«Barselona»: ter Shtegen, Pike (Langle, 90+3), Yumtiti, Semedu, Firpo, Rakitich (Artur, 56), Vidal, Buskets, de Yong, Messi, Grizmann (Fati, 87).
Ogohlantirishlar: Buskets, 49. Insine, 61. Messi, 66. Grizmann, 83. Vidal, 89. Mariu Ruy, 89.
Chetlatish: Vidal, 89.

Jennaro Gattuzoning kuchiga to‘g‘ri baho berilmadi. Ha, u o‘zining jonajon jamoasi «Milan»da ishlaganida klubga orzuga aylanib qolayotgan Chempionlar ligasi yo‘llanmasini taqdim eta olmagan va ishonchdan chiqqandi. Aurelio De Laurentis ishsiz o‘tirgan murabbiyni Karlo Anchelotti o‘rniga chaqirganida, ko‘pchilik buni prezidentning navbatdagi g‘alati qarori sifatida baholagandi. Lekin buni yulduz futbolchilar murabbiyiga urush ochgan jamoada tartib o‘rnatish yo‘lidagi qadam sifatida baholash ham mumkin edi.

Gattuzo bilan esa bunday qilib bo‘lmasdi, u shu vaqtgacha daxlsiz hisoblab kelingan Allanni osonlik bilan mashg‘ulotlardan chetlatishi mumkin. Braziliyalik futbolchi murabbiydan uzr so‘ragachgina tarkibga qaytarildi. Lekin hali asosiy tarkibga emas, chunki yangi murabbiy jamoani o‘z talablari bo‘yicha qayta qurmoqda.

Endi maydon markazida «Leypsig»dan olib kelingan Demme nazorat o‘rnatadi. U Gattuzoning taktikasidagi muhim figuraga aylanishi ham mumkin, germaniyalik futbolchi kelganidan keyin mashg‘ulotlar sifati ham oshgani va to‘p tezroq harakatlanayotgani kuzatilmoqda. Ammo asosiysi — Demme maydon markazidagi qoyaga aylanadi, bu esa jamoada ko‘p vaqtdan buyon mavjud bo‘lgan chiziqlar o‘rtasidagi uzilishlar muammosiga barham beradi.

Lionel Messi va Diyego Demme. Foto: Reuters
Endi jamoa o‘yinida balans yaxshilandi, bu esa qisqa vaqt ichida A Seriya yetakchilarining dodini berishda asqotdi. Bir oy muddat ichida «Napoli» «Latsio» va «Inter»ni Italiya Kubogidan chiqarib yubordi, keyin chempionat o‘yinida «Yuventus» mag‘lub etildi (2:1). Bu qanchalik jarangdor eshitilmasin, Gattuzo amalda qisqa vaqt ichida zamonamizning ikki eng yaxshi futbolchisini to‘xtatdi. Krishtianu Ronaldu «San-Paolo»da gol urgan bo‘lsada jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qololmadi. O‘yinning qo‘shimcha daqiqalarida neapolitanliklar ikki to‘p farqi bilan oldinda borishgandi.

Endi Messiga navbat keldi, u seshanba oqshomidagi o‘yinda faqat bir marta Vidal bilan «devor» uslubida harakat qilib, zarba berish bilan yodda qoldi. Ha, u to‘p uchun kurashlarga kirishdi va bir safar Ospinaga jarohat yetkazib qo‘yishiga bir bahya qoldi, shuningdek, bir marta chiroyli fint ishlatib, jamoa hujumini boshlab berdi. Bu o‘yinda Leo o‘z uslubida tashabbusni qo‘lga olib, jarima maydoniga yorib kirishi bilan bog‘liq epizodlar esa bir kaft barmoqlari bilan sanagulik darajada kam bo‘ldi.

Messi va uning jamoadoshlarida bu o‘yinda bo‘sh hududlar bo‘lmadi. Albatta, «Barselona» o‘z darajasidan foydalanib, bir marta to‘xtatib bo‘lmas kombinatsiya uyushtirishdi va bu Grizmanning goli bilan yakunlandi. Ammo bunday kombinatsiyalar ularda ko‘p bo‘lmadi. Birinchi bo‘limda ko‘k-anorranglilar raqib darvozasi tomon biror marta zarba bermadi, raqib mudofaasini yorib o‘tish yo‘lini topa olishmadi. Gattuzo shogirdlari to‘pni katalonlarga topshirib qo‘yishdi va ularni shafqatsiz pressing bilan bo‘g‘ib qo‘yib, tezkor qarshi hujumlar uyushtirshdi.

«Napoli» birinchi 45 daqiqani ideal darajada o‘tkazdi, lekin bu vaqtda mezbonlarning o‘n ikkinchi raqamli o‘yinchilari qiynalib ketgan bo‘lishsada. Axir butun bo‘lim davomida to‘p raqibga tushgan zahoti barcha bir bo‘lib hushtakbozlik qilishi qiyinda. Kike Seten kelgach «Barsa» to‘pni nazorat qilishga qaytishi bu safar ish bermadi. La ligada bu muvaffaqiyat keltirgan bo‘lsada, italyanlar to‘p nazorati orqali biror natijaga erishishga imkon berishmadi.

Anchelotti davrida qo‘llangan 4-4-2 sxemasini chiqindiga uloqtirgan Gattuzo Mauritsio Sarri davridagi 4-3-3 sxemasiga qaytdi, bu sxema himoyalanish vaqtida yagona forvardli sxemaga aylanadi. «Napoli» odatda ikki chiziqli himoya qo‘llaydi, ammo bu safar haddan tashqari zich o‘ynaldi. Kataloniyaliklar jarima maydoniga yaqinlashib kelishganida, himoyachilar to‘rtligi o‘z chiziqlarini maksimal darajada bir-biriga yaqin joylashishdi, qanot vakillari esa ichkariroqqa qaytgan yarimhimoyachilarga yordam berishdi. Natijada «Barsa» markazda erkin harakatlanish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi, haddan tashqari tig‘izlik to‘pni jarima maydoniga olib kirishga imkon bermadi.

Bularga hujumga o‘tish vaqtidagi ideal joylashuv qo‘shildi va bir necha uzatma orqali raqib jarima maydoniga yetkazib berilaverdi. Bunday taktika uchun ko‘p vaqt davomida Anchelottining sxemalariga moslasha olmay qiynalgan Mertens mos keladi. Hozirda belgiyalik ushbu futbolchi ham, sobiq murabbiy bilan nizolashgan Insine ham yana otda. Mertens esa 121-golini urdi va samaradorlik bo‘yicha Marek Hamshikka tegishli klub rekordini takrorladi.

Dris jarohat tufayli almashtirilganda esa uning o‘rnini egallagan Milik ham o‘yinga oson moslashdi va Kalexonni yakkama-yakka vaziyatga chiqardi.

Agar mehmonlar darvozasida ter Shtegen turmaganida, italyanlar «Kamp Nou»ga katta ustunlikka ega holda borishlari mumkin edi. Endi katta ehtimol bilan ular Kataloniya poytaxtida alamli mag‘lubiyatni qabul qilishadi. Ammo birinchi o‘yin ko‘rsatdiki, «Napoli»ning imkoniyati yo‘q emas, Buskets va Vidal diskvalifikatsiya tufayli javob o‘yinini o‘tkazib yuborishi esa — Gattuzo uchun qo‘shimcha imkon.

Uning hamkasbida shundoq ham bunday jangovar xarakterdagi raqibga qarshi urushda g‘olib bo‘lish uchun kerakli yarimhimoyachilar yo‘q edi. Katalonlar muxlislari faqatgina Messining dahosidan umid qilishlari mumkin.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gattuzo — yulduzlar bo‘yicha ekspert: u Ronalduni ham, Messini ham to‘xtatdi