10:30 / 25.02.2018
4 632

Internetda o‘tirib pul topish sarob desangiz adashasiz

Internetda o‘tirib pul topish sarob desangiz adashasiz
O‘zbekistonda internetga ulash xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha raqobatbardosh muhit mavjud emasligi hamda shimoliy, ya’ni Qozog‘iston-Rossiya internet-kanaliga bog‘liq bo‘lgan vaziyat yuzaga kelganligi sabab internetga ulanish boshqa MDH davlatlarinikiga nisbatan ancha sekin va qimmat hisoblanadi. Bu muammoni O‘zbekiston yangi tashqi kanallar ochish evaziga hal qilmoqchi: Turkmaniston, Eron, Qirg‘iziston va Xitoy orqali internetga ulanish tezligi oshiriladi va barqaror ishlashi ta’minlanadi. Shu yilning oxirigacha ushbu davlatlarning milliy operatorlari bilan kanallarni ijaraga olish va sotib olish to‘g‘risidagi kelishuvlar imzolanadi.

Darvoqe, bu shimoliy kanaldan voz kechiladi deyilgani emas, shunchaki aholining ehtiyojlarini qoplaydigan yangi qo‘shimcha kanallar paydo bo‘ladi.

Yuqoridagilar yaqin kelajakda amalga oshadigan rejalar. Xo‘sh, hozir-chi, milliy internet makonimizda ishlash darajasi qay ahvolda?! Undagi resurslardan oqilona va unumli foydalana olyapmizmi? Internetdan foydalanish madaniyati ongimizda nechog‘liq shakllanib ulgurgan? Internet deb atalmish bu “bilimlar ummoni”da qanday ulkan imkoniyatlar mavjudligidan o‘zimiz va bolalarimizning qanchalik xabari bor?

Internetga buzg‘unchi va yot g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi hamda jinoyat olamiga yetaklovchi “balo”ga qaraganday, bolalarimizga internetga kirishga taqiq qo‘yavermasdan, avval biz ota-onalar undagi foydali va zararli tomonlarni farqlashni, ajrata olishni o‘rganishimiz zarur va muhim.

Internet bu — pul
Qanday qilib biznes ochish, pul topish mumkin — internet shunga o‘xshash ko‘plab foydali resurslarga to‘lib-toshib yotibdi. Bir so‘z bilan aytganda, internet pul topishning bepoyon imkoniyatlari manbaidir. Agar shularning hammasini yotig‘i bilan farzandlarimizga tushuntirib bera olsak, internet resurslaridan to‘g‘ri foydalanib, o‘z kuchi bilan daromad topa olishini ularning ongiga singdirib borsak, bolalarimizning o‘zlarida vaqtini bekor o‘tkazmasdan, oila byudjetiga hissa qo‘shish istagi paydo bo‘ladi va shu yo‘lda izlana boshlaydilar.

Ma’lumot uchun: “O‘zbektelekom” AK tomonidan 2017 yili maxsus tarif rejalari, “Xavfsiz internet” turkumi va qo‘shimcha xizmatlar joriy qilingan.

Endi kompaniyaning internet foydalanuvchilari “ZiyoNET” tarif rejasi xizmatlariga ulanib, farzandlariga hozircha 3 mingga yaqin saytni o‘z ichiga olgan Yagona axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatini berishadi. Mazkur ro‘yxatdan ilmiy-ta’limiy, ma’naviy-ma’rifiy va bolaning yetuk va sog‘lom bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladigan boshqa milliy va xalqaro internet sahifalari o‘rin olgan. Bu orqali bolalar global tarmoqdagi xavflardan, turli buzg‘unchi va g‘oyaviy nobop saytlarga kirishdan himoyalanadi. Shuningdek, ota-onalar ro‘yxatga o‘zlari ma’qul topgan, bolalar uchun qiziqarli saytlarni kiritish bo‘yicha taklif ham berishlari mumkin.

Endi esa nafaqat yoshlarni, balki kattalarni ham qiziqtirib qo‘yishi mumkin bo‘lgan, tayyor daromad manbai sanalgan ayrim internet resurslari yo‘nalishlariga e’tiboringizni tortamiz.

Onlayn so‘rovlar
Hozirda internet makonida ko‘p uchraydigan “onlayn so‘rovlar” talabalar bo‘sh vaqtida pul ishlashlari uchun kundan-kunga tanilib borayotgan usul hisoblanadi. Turli tadqiqotlarni o‘tkazayotgan kompaniyalar har doim har xil so‘rovlarga javob berish va yangidan-yangi mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish uchun yangi a’zolarni qabul qilib boradi.

Internetda pullik qidiruv
Internetda bajarayotgan ishingiz uchun oldindan pul olishdan manfaatdormisiz? “Qmee.com” innovatsion g‘oyasi sizni “Google”, “Bing” yoki “Yahoo” qidirish resurslaridan foydalanganingiz uchun mukofotlaydi. Siz shunchaki o‘z brauzeringizga oddiy qo‘shimcha qurilmani o‘rnatasiz va qidiruvni amalga oshirayotganingizda oddiy qidiruv qatorida bir nechta homiylik qilinadigan natijalar ham bo‘lishi mumkin. “Qmee”dagi har bir natija pullik mukofotga ega, agar u sizni qiziqtirib qolgan bo‘lsa, tugmani bosing va mukofotingizni qo‘lga kiriting.

O‘z saytingizni oching va undan foyda oling
Ushbu variant sizdan dastlabki qo‘yilmalarni talab etadi, biroq ko‘p o‘tmay o‘zini oqlay boshlaydi. Sayt ishi yaxshi yo‘lga qo‘yilsa undan har oyda 10 ming dollar miqdorida foyda olish mumkin. Asosiy foydani reklama (kontekstli, bannerli, tizerli) olib keladi, bunda sherikli dasturlarda ishtirok etish yoki havolalarni sotish mumkin bo‘ladi. Agar siz yanada ildamlab ketmoqchi, nafaqat saytni rivojlantirish, balki o‘z infobiznesingizni qurmoqchi bo‘lsangiz, u holda foyda yanayam ko‘p bo‘ladi. Bu eng foydali variant, shunday ekan “Internetda pul ishlab topish haqiqatmi?” deb so‘ramang, chunki saytlar egalarining baralla javobi “Ha” bo‘lib turibdi.

Xo‘sh, axborot sayti va infobiznes orasida qanday farq bor? Dastlab foydali axboroti bo‘lgan kontentli sayt ham axborot evaziga pul ishlaydigandek tuyuladi. Biroq birinchi holatda pul tashqaridan (reklama, sherikli dasturlar) kirib keladi, infobiznesda esa siz muayyan bir axborot mahsulotini sotasiz va uning uchun mijozlaringizdan pul olasiz. Quyidagilar axborot mahsulotlari bo‘lishi mumkin:
  • Vebinarlar;
  • Treninglar;
  • Onlayn o‘quv kurslari;
  • Elektron kitoblar.

Ushbu pul ishlash usulining xususiyati shundaki, siz mahsulotni bir marta yaratasiz, undan foydani esa doimiy ravishda olib turasiz. Shunchaki passiv daromad turi. Shu bilan birga, parallel ravishda yangidan-yangi mahsulotlar yaratish, yangi yo‘nalishlarda rivojlanib, kattadan-katta daromadlar topish mumkin bo‘ladi. Bunday holatda daromad bir necha martaga ko‘payadi.

Veb-saytlar va veb-ilovalarni naqd pul evaziga ko‘rib chiqish
Agar siz veb-brauzeringizdan mohirona foydalana olsangiz, unda veb-saytlarni ko‘rib chiqish vaqtingizni to‘lovli va qiziqarli ishga aylantirish vaqti keldi. “UserTesting.com” kabi yangi platformalar xohlovchilarga barcha turdagi veb-saytlarni ko‘rib chiqishlari uchun pul to‘laydi. Har bir ko‘rib chiqish uchun 20 daqiqa vaqt sarflanadi va $10 pul to‘lanadi. Ro‘yxatdan o‘tib, ko‘rib chiqish testini to‘ldiring va “kirish” papkangizda ko‘rib chiqilishi zarur bo‘lgan veb-saytlar ro‘yxatini qabul qilib oling.

Ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash
Bunday ishni frilans birjalarida ham topsa bo‘ladi, bu ish alohida ko‘nikmalarni talab qilmaydi. Odatda bu ish layk qo‘yish, repost qilish yoki guruhga qo‘shilish kabilarni o‘z ichiga oladi. To‘g‘ri, odatda minimal darajada haq to‘lanadi, biroq barchasi sizning akkauntingizga bog‘liq.

Do‘stlaringiz qancha ko‘p, profilingiz qanchalik faol bo‘lsa, buyurtmachilar shunchalik ko‘p pul to‘lashga tayyordirlar. Qiymati kattaroq ishlar turiga guruhlar bo‘yicha posting qilish, kataloglar bo‘yicha ma’lumotlarni taqsimlash kabilar kiradi. Bunday ishlarni “Advego”, “Socialtools”, “Smmka” va “Forumok”da topish mumkin. Ushbu tarmoqlarda faol ishlasangiz bir oyda $100ga yaqin mablag‘ ishlashingiz mumkin.

Ko‘rsatib o‘tilgan imkoniyatlar — xamir uchidan patir, xolos. Bunday resurslar juda ko‘p. Yoshlarimiz internet imkoniyatlaridan, o‘z vaqtlaridan unumli foydalanishsa, ana o‘shanda yurtimiz yanada ravnaq topadi.
Shohrux RAHMAT,
Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga
ko‘maklashish markazi departamenti boshlig‘i

Manba: Xabar.uz


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Internetda o‘tirib pul topish sarob desangiz adashasiz