23:30 / 19.03.2018
4 089

Onlayn-xaridni xavfsiz amalga oshirish usullari

Onlayn-xaridni xavfsiz amalga oshirish usullari
Onlayn-servislar orqali xaridni amalga oshirish qulaylashayotgani va onlayn-shoping tez rivojlanib borayotgani jinoyatchilarni ham o‘ziga jalb etmoqda.

2014 yilda dunyodagi eng yirik internet-auksion «eBay» xakerlar tomonidan buzilgan edi. O‘shanda xakerlar «eBay» ma’lumotlar bazasiga kirib, foydalanuvchilarning elektron pochta va uy adreslari, telefon raqamlari, parollari va boshqa ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan edi. Buning oqibatida 145 milliondan ortiq foydalanuvchi zarar ko‘rgan.

O‘tgan yili esa «Target» reteyleridagi 40 million foydalanuvchining ma’lumotlari o‘g‘irlangan. «Layfxaker» bu kabi jinoyatchilikning qurboni bo‘lmaslik uchun ko‘rilishi lozim bo‘lgan ehtiyot choralari haqida ma’lumot berdi, deb ma’lum qiladi Xabar nashri.

Internet do‘koni haqida bildirilgan fikrlarni o‘rganing
Agar sizni qiziqtirgan internet-do‘kon firibgarlarga tegishli bo‘lsa, aldangan mijozlar albatta u haqida biror nima yozib qoldirgan bo‘ladi. Do‘konning real adresi va telefon raqamiga e’tiborli bo‘ling: agar ma’lumotlar bo‘lsa, bu ishonchni biroz bo‘lsa-da oshiradi. Telefon qilib ular bilan suhbatlashib ko‘ring.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali ro‘yxatdan o‘tmang
Ijtimoiy tarmoq — jinoyatchilar uchun o‘z o‘ljasi haqida barcha ma’lumotlarni taqdim etadigan birlamchi manba. «Facebook» profilingizdagi sozlamalarga kirib, unga «qulf» osib qo‘ying va internet-do‘konlar unga kirishiga ruxsat bermang.

Parollar menejeridan foydalaning
Har bir servis uchun parol o‘ylab topish qiyin. Biroq bitta paroldan hamma joyda (elektron adres, ijtimoiy tarmoq, internet-do‘kon) foydalanish ham yaxshi emas. Shuning uchun birorta qulay parollar menejerini o‘rnatib oling.

Elektron pochtaning asosiy adresini ko‘rsatmang
Asosiy pochtangizda ijtimoiy tarmoqlardagi profilingiz kalitlari saqlanayotgan bo‘lishi yoki pochta orqali uni osongina buzib kirishlari mumkin. Unga internet-banking xizmatlari, shaxsiy yozishmalaringiz ham bog‘langan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun internet-xaridlar uchun alohida pochta ochib qo‘ying.

Internet-xaridlar uchun alohida karta yoki «hamyon» oching
Shuningdek, bu to‘lov kartalariga ham tegishli — undagi ma’lumotlar o‘g‘irlansa ham achinmaysiz. Kartangizni xariddan oldin unchalik ko‘p bo‘lmagan mablag‘ bilan to‘ldiring. «SMS» xizmatini ishga tushiring. Bundan tashqari pullarni yechib olishga cheklov (limit) o‘rnatib qo‘ying.

Veb-adresni qo‘lda kiriting
Zararli saytlar mashhur resurslarning domen nomlariga o‘xshab ketadigan nomlardan foydalanishi mumkin. «amazon» va «amaz0n» o‘rtasida farq shundaki — ikkinchisi firibgarlarga tegishli. Shu sababli URL ko‘chirib emas, qo‘lda bittalab yozing.

Ulanishdagi xavfsizlikka e’tibor bering
Xavfsiz resursning adresi https harflari bilan boshlanadi. Bunda s harfi «secure» — «xavfsiz» degani. Internet-do‘konlarni yaratishga mo‘ljallangan «Ecwid» platformasi HTTPS protokoli va SSL-sertifikatidan foydalanishni maslahat beradi, ular internet foydalanuvchilar va saytlar o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvi himoyasini ta’minlaydi.

Ma’lumotlarni Wi-Fi orqali uzatmang
Qahvaxona, mehmonxona va yirik savdo markazlariga o‘rnatilgan tekin «Wi-Fi»lardan foydalanmay qo‘yaqoling. Kiberjinoyatchilarga bu juda qo‘l kelib qolishi mumkin. Jamoat joylaridagi internet tarmoqlarining parol bilan himoyalanganini tanlang.

Havolaga o‘tishdan oldin uni yaxshilab o‘qing
O‘z vaqtida «Avito» foydalanuvchilariga «SMS» yuborilib soxta «avito.inbox.com» resursiga o‘tish tavsiya qilingan. Soxta sayt orqali odamlar o‘z ma’lumotlari va pullarini o‘g‘irlovchi virusni ko‘chirib olgan edi.

Shuningdek, firibgarlar elektron xatlardan ham foydalanadi.

Oldindan to‘lashga aslo rozi bo‘lmang
Agar sotuvchi sizning do‘stingiz yoki uzoq vaqtdan buyon hamkorlik qilayotgan tanishingiz bo‘lmasa tovarni olmaguningizcha pulni to‘lamang. Aks holda sizga hech nima yubormasliklari mumkin.

Chek va kvitansiyani saqlab qo‘ying
Tovarni qaytarishni istab qolsangiz hisobingizdan yechib olingan mablag‘ cheki orqali internet-do‘kon bilan bemalol sudlashsangiz bo‘ladi. Ularni saqlab qo‘ying.

Muntazam yangilanib turing
Internet-do‘konlar bilan ishlashda foydalanadigan qurilmalaringizga himoya o‘rnating: eng oddiy usul antivirus, kerakli dasturlarni, brauzerni va operatsion tizimni yangilab turish. Dasturchilar muntazam ravishda o‘z dasturlarini takomillashtirib boradi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Onlayn-xaridni xavfsiz amalga oshirish usullari