00:11 / 06.11.2016
11 459

Flagman smartfon sotib olmaslik uchun 5 ta sabab

Flagman smartfon sotib olmaslik uchun 5 ta sabab

O‘ziga ma’qul firmaning har yili yangilanadigan flagman smartfonlarini intiqib kutadigan foydalanuvchilar anchagina. Ularning bu holatini tushunsa bo‘ladi: axir, flagmanlarga ilg‘or kompaniyalar barcha yangi texnologiya va fuknsiyalarni tatbiq etishga harakat qilishadi. Biroq ushbu maqolada biz flagman-smartfon xarid qilmaslik borasida so‘z yuritamiz. Quyida ushbu maqsadni ifodalaydigan 5 ta sababni keltirdik.

Qimmat narx

Odatda, flagman smartfonlarning narxi o‘rtahol smartfonlarga qaraganda ancha qimmat bo‘ladi. Sababi aynan mazkur ilg‘or smartfonlar kompaniyaga mo‘maygina foyda keltiradi. Shuning uchun ham deyarli barcha firmalar flagman smartfonlarni zo‘r berib reklama qilishadi, marketing faoliyatlari uchun mablag‘ni ayamaydilar. Buning ta’siriga tushgan mijoz esa aynan flagmanni xarid qilishga oshiqadi. Ba’zilar hatto qimmat telefon ishlatishi bilan ham maqtanadi. Biroq, masalaga teranroq nazar solinsa, flagman sizning cho‘ntagingizga zarar keltirishi ma’lum bo‘ladi. Ayniqsa, qimmat narx borasida Apple flagmanlaridan o‘tadigan yo‘q.

Flagmanlarsiz ham yashash mumkin

Jahon smartfon bozoridagi keskin raqobat sababli ishlab chiqaruvchilar yildan-yilga emas, oydan-oyga yanada innovasion smartfonlar tayyorlashga intilmoqdalar. Bunday poyga natijasida ular qurilma kamerasidagi megapiksellar miqdorini oshirishmoqda, prosessorlarni kuchaytirishmoqda, displeyning aniqlik formatini takomillishtirishmoqda va hokazo. Biroq bular uchun oxir-oqibatda iste’molchi pul to‘lashga majbur bo‘lmoqda. To‘g‘ri, texnologiyalar bir joyda qotib turmaydi. Ammo bu narsa iste’molchiga ham ziyon keltirmasligi lozim, deb o‘ylayman. Umuman olganda, o‘rtacha texnik parametrlarga ega smartfonlar ham o‘ziga yuklatilgan vazifani a’lo darajada bajarmoqda. Garchi flagmanlarda ilg‘or prosessorlar qo‘llanilsa-da, operasion tizim etarli darajada optimallashtirilmasa, bu narsa ko‘zlangan natijani bermasligi mumkin. Ayni vaqda jahonda hatto Ultra HD formatli ekran bilan jihozlangan smartfonlar chiqarilmoqda. Ammo tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, odamning ko‘rish qobiliyati uchun HD aniqligidagi displey ham kifoya qilar ekan.

Shu bilan birga, flagman smartfonlarning operativ xotirasi 4 GBga etkazildi, ammo yaxshilab qaralsa, odatda, ko‘p operativ xotira bilan ta’minlangan smartfonlar dasturida keraksiz ilovalar ham mavjud bo‘ladi (albatta, hammasida emas).

Kameraga kelsak, 16 MPli smartfon kamerasi qilgan ishni ba’zan 13 MP yoki 12 MPli kamera sensoriga ega telefonlar ham yaxshi bajarishi mumkin. Deylik, farqi katta bo‘lganda ham, o‘rtahol telefon kamerasidan olingan suratlarda barcha detallarni qo‘rish mumkin. Shunday ekan ortiqcha pul to‘lashdan nima ma’no?

Flagman qilgan ishni o‘rtahol smartfon ham eplaydi

Oddiy hayotiy misol: ko‘pchilikdan nega Galaxy S7 Edge yoki iPhone 6S xarid qildingiz, deb so‘ralsa, jo‘yali javob olish qiyin. Albatta, birinchi navbatda, aksariyat xaridorlar flagmanlarning ilg‘or texnik parametrlarini tilga olishadi, biroq bu, nazarimda, aqlli argument emas. Sababi ushbu flagmanlar qilgan ishni, o‘rtahol yoki o‘rta segmentga mansub telefonlar ham eplashi mumkin-ku. Gaplarimga ishonmasangiz, Galaxy S7 bilan Galaxy A5 (2016) telefonlarini solishtirib ko‘ring. O‘rtahol smartfonlarda ham kuchli grafikali o‘yinlarni o‘ynash, sifatli tasvirga olish, tiniq displeydan zavqlanish mumkin.

Yana savol tug‘iladi, xo‘sh nega flagman smartfon xarid qilamiz? Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, musiqa tinglash, chiroyli rasm va videolarni suratga olish, o‘yin o‘ynash, barmoq izi skaneri yoki metall korpus uchunmi? U holda o‘rtahol smartfonlarda ham bularning barchasini amalga oshirish mumkin-ku. Cho‘ntakka zarar keltirib nima qilamiz!?

Flagman o‘ldi…yashasin yangi flagman

Sarlavhadan nima demoqchi bo‘lganimni anglagan bo‘lsangiz kerak. Flagman smartfonning “shov-shuv”li hayoti faqat bir yil davom etadi. Bir yildan keyin yanada ilg‘or imkoniyatlar bilan boyitilgan yangi flagman taqdim etiladi. Natijada sizning flagman smartfoningiz “eskiradi-qo‘yadi”. Demak, bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, siz texnologiyalarning ortidan quvib etolmas ekansiz! Quvib etgan taqdiringizda ham, buning uchun ancha mablag‘ sarflashingizga to‘g‘ri keladi. Telefon xarid qilayotganda ko‘proq uning tashqi tarafiga emas, dasturining zamonaviyligiga e’tibor qaratish kerak. Chunki qurilmadagi dastur qanchalik yangi yoki versiyasi so‘nggi bo‘lsa, uning ishlash samaradorligi ham shuncha ortadi. Misol uchun flagmanlardan bo‘lmagan Google Nexus 5X modelini olaylik, qurilma LG va Google tomonidan hamkorlikda 2015 yilda chiqarilgan. Texnik parametrlari o‘rtachadan yuqori. Biroq model birinchilardan bo‘lib Android 7.0 versiyasiga yangilandi. Boshqa Android flagmanlar esa hali ham Android 6.0 versiyasida ishlamoqda. Xulosa shuki, o‘rtahol modellar ham flagmanlar ishini a’lo darajada bajaradi. Shuning uchun reklama va marketing da’vatlariga uchishdan mazmun yo‘q.

Flagmanni boqish qimmat

Flagman smartfonni ishlab chiqarish paytida har bitta kompaniya eng sifatli detallardan foydalanishga intiladi. Natijada smartfonning tan narxi va ehtiyot qismlarning qiymati oshadi. Shu bois flagman smartfonning apparat qismiga biror zarar etsa, shubhasiz, uni ta’mirlatish foydalanuvchiga arzonga tushmaydi. Oddiy misol, qabariq ekranli smartfonlar ekrani oddiy form-faktordagi smartfonlar ekranidan qimmatroq turadi. Shu erda oddiy paradigma yuzaga keladi: qanchalik qimmat smartfon ishlatilsa, uni ta’mirlatish uchun shunchalik ko‘p mablag‘ sarflashga tayyor turish kerak. Hozirda Xitoy firmalari uncha-muncha flagmanlardan texnik tomondan ortda qolmaydigan smartfonlar (Meizu, Xiaomi, Vivo, Doogee) ishlab chiqarmoqdalar. Biroq ularning narxlari etakchi kompaniyalarnikiga qaraganda bir necha marta arzon. Natija esa yakunda bir xil: o‘rtahol smartfon ham barcha “yumush”larni epchillik bilan ado etadi!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Flagman smartfon sotib olmaslik uchun 5 ta sabab