07:51 / 01.03.2017
5 858

Kasperskiy insoniyatni jiddiy xavfdan ogohlantirdi

Kasperskiy insoniyatni jiddiy xavfdan ogohlantirdi

«Kasperskiy laboratoriyasi» asoschisi va rahbari Evgeniy Kasperskiy Barselonada o‘tayotgan Mobile World Congress anjumani chog‘ida zamonaviy texnika, jumladan internetga ulangan avtomobil va uylarning xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarga to‘xtalib o‘tdi, deb yozmoqda Terabayt sayti.

Evgeniy Kasperskiyning ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda «aqlli uy» va internet buyumlar tizimlariga uyushtirilgan yirik xurujlar aniqlangan. Internetga ulangan har qanday gadjetning IP-manzili orqali «aqlli uy»larning holati to‘g‘risida ma’lumotlarni o‘g‘irlash, kompyuterlar tarmog‘i bo‘lgan botnetlarga hujum uyushtirish mumkin.

Hakerlar nafaqat videokameralar, avtomobil, samolyot kompyuterlari, balki bugun ommalashyotgan «aqlli chiroq»larni, bundan ham jiddiyroq xavfsizlik tizimlarini masofadan turib ishdan chiqarishadi va ularning ustidan nazoratni qo‘lga olishadi. Natijada, ular yirik avariya, yong‘in va boshqa turdagi baxtsiz hodisalarni sun’iy ravishda keltirib chiqarishadi. «Kasperskiy laboratoriyasi» tadqiqtolaridan ma’lum bo‘ldiki, internetga ulangan deyarli barcha avtomobillarning raqamli kalitlarini tayyorlash va tizimlarini masofadan boshqarish mumkin.

Hakerlar 2016 yilda Ukraina va Germaniyadagi yirik elektrostansiyalarni virus yordamida o‘chirib qo‘yishlari bilan bog‘liq xurujlar hakerlarning atom stansiyalariga ham uyushtirishi mumkinligi, bu esa fojeali texnogen halokatlarni keltirib chiqarishidan dalolat beradi.

Evgeniy Kasperskiy hakerlarning xurujini inobatga olgan holda, yangi kuchli platforma yaratish g‘oyasini ilgari surdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘liq himoyalangan tizimni yaratish ilojsiz, biroq zamoanviy xurujlarga moslasha oladigan turli qurilmalar uchun universal himoya tizimini yaratishning imkoni bor.

«Kasperskiy laboratoriyasi» hakerlardan himoya tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha tajribali mutaxassislarni ishga oladi. Kasperskiy har qanday tizimni ishlab chiqishda, avvalo uning hakerlik xurujlariga chidamliligini hisobga olish kerakligini aytdi.

Yana bir qiziqarli dalil: Evgeniy Kasperskiy smartfondan foydalanmaydi. Tadbir boshlovchisi undan foydalanadigan mobil aloqa vositasini ko‘rsatishini so‘radi. Kasperskiy Sony Ericsson brendidagi eski telefonni qo‘liga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eski telefondan foydalanish uning uchun qulay, bu unga hech qachon pand bermaydi. Eng muhimi, u zamonaviy smartfonlar kabi nozik emas.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Kasperskiy insoniyatni jiddiy xavfdan ogohlantirdi