23:42 / 10.03.2017
6 983

Bepul Wi-Fi nimasi bilan xavfli?

Bepul Wi-Fi nimasi bilan xavfli?

Taraqqiyot natijasida bugungi kunda bepul Wi-Fi tarmog‘i ko‘p joylarda joriy etilgan. Bunisi yaxshi, albatta, ammo bir jihatiga ko‘p ham ahamiyat beravermaymiz: agarda «Wi-Fi-gigiena» qoidalariga amal qilmasak, xakerlar qurboniga aylanib, o‘z ma’lumotlarimizni, pullarimizni oldirib qo‘yishimiz hech gap emas. Bu borada kiberjinoyatchilar qanday ishlashini va ulardan himoyalanish yo‘llarini bilib qo‘yish zarar qilmaydi.

Birinchi xavf: ma’lumotlaringiz o‘g‘irlanishi

Umuman yoki etarlicha shifrlanmagan trafikni «ilib olish» uchun jinoyatchiga ko‘p narsa kerak emas, Wi-Fi ulashuv nuqtasiga yaqin joyda bo‘lishning o‘zi kifoya. Keyin esa shu orqali, siz kiritayotgan barcha maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlab olishi mumkin. Birinchi navbatda ijtimoiy tarmoqlardagi yoki pochta xizmatidagi login va parollaringiz o‘ljaga aylanadi. Buning uchun maxsus dastur o‘rnatilgan oddiy smartfon ham etarli bo‘ladi.

Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ijtimoiy tarmoqlardan aynan parolning o‘zi emas, balki «sessiya identifikatori» (cookie-fayl) o‘g‘irlab olinadi; uning yordamida esa ijtimoiy tarmoqda ro‘yxatdan o‘tilganlik holati saqlanib turadi, har gal parolni terish talab etilmaydi. Server mazkur sessiya identifikatorini siz ulangan simsiz tarmoqqa ulangan istalgan kompyuterdan birdek qabul qiladi.

Xaker sizning ijtimoiy tarmoqdagi akkauntingizga osongina kirib olgach, nomingizdan har qanday harakatni amalga oshira oladi: do‘stlaringizga spam yuborishi, yozishmalaringizni oshkor etishi, akkauntingizni o‘chirib yuborishi ham mumkin.

Agarda bepul Wi-Fi tarmog‘idan internetga ulanib turgan paytingizda bank plastik kartangiz orqali onlayn to‘lovni amalga oshirsangiz, bu paytda ma’lumotlaringizni o‘g‘irlab olayotgan kiberjinoyatchi hatto undagi ma’lumotlarni, kodlarni ham qo‘lga kirita oladi. Odatda to‘lov operasiyalari himoyalangan HTTPS protokoli orqali amalga oshiriladi, biroq uni ham buzsa bo‘ladi.

Ikkinchi xavf: feyk tarmoqlar

Ha, sizning qurilmangizda parollanmagan Wi-Fi tarmog‘i bo‘lib ko‘rinayotgan to‘lqin aslida kiberqopqon bo‘lishi hech gap emas. Bunday qilish uchun xaker jamoat joyida o‘tirib olib, o‘z noutbukida qalbaki Wi-Fi tarqatuvchi nuqta yaratadi va unga barchani qiziqtiruvchi «Free Wi-Fi» singari biror nom qo‘yadi. Odamlarga «tekin» degan joyi juda yoqib tushadi va bu nuqtaga darhol ulanib olishadi. Keyin esa birinchi navbatda o‘z pochtalarini va ijtimoiy tarmoqlardagi akkaunti yangiliklarini tekshirishadi. Bu bilan esa ular Wi-Fi nuqta tarqatayotgan xaverga o‘z login va parollarini qo‘shqo‘llab topshirishadi.

Bundan tashqari, feyk tarmoq – fishing ishqibozlari uchun go‘yoki jannatning o‘zi: unda DNS-server «tiklash» mumkin. Keyin esa tarmoqqa ulangan barcha yuzerlarni banklar va boshqa servislarning soxta saytlariga yo‘naltirishadi; demak, ularning shaxsiy ma’lumotlarini olish yanada oson ko‘chadi.

Bularning barchasi, tabiiyki, tegishli tarzda sozlangan maxsus dasturlar orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi; natijada xakerning qo‘lida bir necha kishining login, parol, raqamlari va boshqa ma’lumotlari aks etgan tayyor baza paydo bo‘ladi.

Buni qanday uddalashadi?

Bularning asosida yotgan omil shuki, bepul Wi-Fi tarqatuvchi nuqtalar shifrlashni amalga oshirishmaydi, ya’ni ularga parol qo‘yilmagan. Hatto keyinchalik qandaydir avtorizasiyadan o‘tish (masalan, brauzerda ochiluvchi maxsus sahifada parolni kiritish, o‘z telefon raqamini tasdiqlash) talab etilsa ham, baribir, sizning qurilmangiz va Wi-Fi ulashuv nuqtasi orasidagi aloqa ochiq tarzda – shifrlanmagan ma’lumotlar orqali amalga oshiriladi. Bu esa, o‘z-o‘zidan, xakerlar uchun sevimli o‘ljalardan biridir.

Ular ko‘pincha potensial qurbonlar ko‘plab yig‘iladigan jamoat joylari – ommabop maskanlar, mumuiy ovqatlanish joylari kabilar ichida yoki yonida «qarmoq tashlab» o‘tirishadi. Aksariyat hollarda xorijlik sayyohlar hama ularning o‘ljasiga aylanishadi: roumingda internet qimmatligi bois, ular tekin Wi-Fi izlashadi. Shuningdek, mobil aloqa tarmog‘i yaxshi ishlamaydigan hududlarda ham istalgan kishi tekin simsiz tarmoq izlab qolishi tayin. Natijada esa…

Agarda internet ulashish nuqtasi shifrlanmagan bo‘lsa, kiberjinoyatchi bu tarmoqlar orqali uzatiladigan ma’lumotlarga osongina «qo‘l cho‘za» oladi. Masalan, «Kasperskiy laboratoriyasi»dan ma’lum qilishlaricha, Moskvadagi tarmoqlarning 16 foizida shunday xavf mavjud.

Muammoning echimi

Ayrim «mutaxassis»lar, albatta, ochiq Wi-Fi tarmoqlaridan umuman foydalanmaslikni maslahat berishadi. Lekin aslida bu muammoning echimi bor, bu – «virtual xususiy tarmoq», ya’ni VPN hisoblanadi. Foydalanilish paytida trafikni «ilib olish» va shifrini ochish umuman imkonsiz. Har qanday zamonaviy gadjetda VPN funksiyasi bor, faqat uni sozlash kerak bo‘ladi.

Agarda siz jamoat Wi-Fi tarmoqlaridan kam foydalanadigan bo‘lsangiz, u holda VPN xizmatini taqdim etuvchi bepul servislardan foydalansangiz ham bo‘ladi. Masalan, Cloud VPN servisi smartfonlar uchun maxsus ilova chiqargan – unda hech nimani sozlash ham kerak emas. Browsec esa nafaqat ilova, balki ommabop brauzerlar uchun plaginlar ham taqdim etgan.

Men ba’zida ommaviy Wi-Fi-tarmoqlarga ulanishimga to‘g‘ri kelib qoladi, biroq bunday holatlarda albatta virtual xususiy tarmoq, ya’ni VPN’ga ulanib olaman. Bu – men bemalol tavsiya etishim mumkin bo‘lgan ajoyib himoyalanish usulidir. Ammo hatto VPN ham 100% himoyani kafolatlay olmaydi, shu bois sifatli antivirus dasturini o‘rnatish va o‘rnatilgan barcha dasturlarni o‘z vaqtida yangilab turish lozim.
Evgeniy Kasperskiy


Manba: Terabayt

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Bepul Wi-Fi nimasi bilan xavfli?