16:50 / 15.03.2017
28 755

Kompyuterni Android-qurilma orqali internetga ulashni o‘rganamiz

Kompyuterni Android-qurilma orqali internetga ulashni o‘rganamiz

Smartfon orqali internetni boshqa qurilmalarga – kompyuter, noutbuk, netbuk yoki planshetlarga uzatish ehtiyoji keyingi paytlarda zaruratga aylanib borayotir. Ayniqsa, tegishli hududda uyali aloqa operatorining 3G, 4G (LTE) tarmog‘i qamrovi mavjud bo‘lsa-yu, ammo simli internet hali etib kelmagan bo‘lsa. Masalan, dala hovliga chiqib olib, toza havoda oyoq uzatib o‘tirgancha noutbukingiz yordamida ayrim ishlaringizni qilib kelmoqchisiz. Shunda birdan internetga ulanish kerak bo‘lib qolsa…

Bu kabi hollarda smartfoningizdan modem sifatida foydalanib, noutbukdan internetga ulanishingiz mumkin. Faqat buning uchun tarifingizda internet nisbatan arzon bo‘lishi yoki internet-to‘plam xarid qilgan bo‘lishingiz lozim, aks holda telefoningiz hisobidan anchagina mablag‘ ketib qolishi aniq.

Xullas, Windows tizimidagi kompyuter yoki noutbukka smartfondan internet uzatishning uchta usuli bor: USB-kabel yordamida, Bluetooth yoki Wi-Fi tarmog‘i orqali. Bular orasidan Bluetooth-ulanish nisbatan eskirganligi, ko‘pchilik kompyuter/noutbuklarda mazkur interfeys yo‘qligi hamda tezligi ancha pastligi sababli, quyida qolgan ikki usulni ko‘rib chiqamiz.

Wi-Fi orqali internetni uzatish

Bu – Android-qurilma orqali internet ulashishning eng oddiy va sozlamalari qulay yo‘li. Bunda smartfon simsiz router vazifasini bajaradi va u Wi-Fi tarmog‘i orqali tarqatgan internet to‘lqiniga bir vaqtning o‘zida bir nechta qurilmani ulash imkoni ham mavjud.

Buning uchun smartfoningizni Wi-Fi-modem rejimiga o‘tkazishingiz lozim bo‘ladi: Android sozlamalarini ochib, «Eщyo» bandini bosing. Keyin esa «Rejim modema» oynasiga o‘tib, «Tochka dostupa Wi-Fi» bandini tanlang.

Yangi – «Tochka dostupa Wi-Fi» oynachasi ochiladi. Endi avvalo uning yuqori qismidagi yoqib-o‘chirish tugmachasi orqali Wi-Fi-modemni faollashtiring. Keyin esa internetga kirish nuqtasi sozlamalarida (Nastroyki tochki dostupa Wi-Fi) himoyalash uslubini (WPA2 PSK tavsiya etiladi) tanlang va parol o‘rnating.

Shu tariqa smartfoningizni router vazifasida ishga tushirib oldingiz, endi bu tarmoqqa nafaqat noutbukni, balki Wi-Fi moduliga ega bo‘lgan istalgan qurilmani ham ulasa bo‘ladi. Asosiysi – unda simsiz ulanish interfeysi yoqiq bo‘lsin. Ulanish mumkin bo‘lgan tarmoqlar ro‘yxatida o‘zingiz smartfonda belgilagan yangi nomdagi tarmoq aks etadi. O‘shani bosib, parolni kiritasiz va davom etish uchun «Dalee» tugmachasini bosasiz.

Smartfonni USB-modem sifatida ishlatish

Buning uchun smartfoningizni kabel orqali Windows tizimli noutbuk yoki kompyuteringizning USB-portlaridan biriga ulaysiz. Aksariyat hollarda tizimning o‘zi kerakli drayverlarni topib, o‘rnatadi. Ammo bu avtomatik tarzda amalga oshmasa, mazkur drayverlarni gadjetingiz ishlab chiqaruvchisining saytidan ko‘chirib olib, o‘zingiz o‘rnatishingizga to‘g‘ri keladi. E’tibor bering: eng yaxshisi – bunda smartfoningizning o‘z jamlanmasida kelgan kabeldan foydalanish, chunki kabelning sifati ham ulanish tezligiga ta’sir ko‘rsatadi.

Sim orqali kompyuterga ulagach, smartfoningiz sozlamalarini ochasiz va simsiz tarmoqlar sozlamalarini ko‘rsatuvchi «Besprovodnыe seti» bo‘limidagi «Eщyo» bandini bosasiz. Bunda qo‘shimcha sozlamalar bo‘limi ochiladi, u erda bizni qiziqtiradigan «Rejim modema» bandini tanlaysiz.

Shu erda endi «USB-modem» bandi yoniga belgicha qo‘yasiz. Natijada kompyuteringizda yangi ulanish paydo bo‘ladi. Uni faollashtirish uchun tarmoq ulanishlari («Setevыe podklyucheniya») oynasini ochasiz. Mahalliy tarmoq bo‘yicha ulanishni aks ettiruvchi «Podklyuchenie po lokalnoy seti» belgichasining ustiga sichqonchaning o‘ng tugmachasi bilan chertasiz. Paydo bo‘lgan kontekst menyudagi «Vklyuchit» bandini tanlaysiz.

Kuzatishlardan ma’lum bo‘lishicha, smartfondan kompyuterga Wi-Fi orqali internet uzatilganida tezlik boshqa usullarga nisbatan yuqori bo‘ladi. USB-kabel orqali ulanishda esa, tezlik unga nisbatan past bo‘ladi, ammo bu usul Wi-Fi moduli mavjud bo‘lmagan stol kompyuterlari uchun ham qo‘l kelishi bilan ahamiyatlidir.

Darvoqe, Wi-Fi-router sifatida ishlatilganida, smartfonning batareyasi quvvati odatdagiga ko‘ra tezroq kamayadi. Qurilmangizni USB-kabel yordamida kompyuterga ulab, modem sifatida foydalanishda esa aksincha – smartfon kabel orqali quvvat olib turadi.

Manba: «Terabayt.uz»

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Kompyuterni Android-qurilma orqali internetga ulashni o‘rganamiz