Virtual hayotingizni shifrlashning 7 usuli

  • 17 mart 2017, 14:13
  • 3 682
  • Texnologiya
  • Virtual hayotingizni shifrlashning 7 usuli

    «Vahimachilargina omon qolishadi», – degan ekan Endi Grouv. Uning o‘zi vengriyalik qochoqlar oilasidan bo‘lib, dasturlash bo‘yicha o‘qigan, bilim va tajribasini oshira borib, Intel bosh direktori bo‘lgan va kompyuter inqilobini amalga oshirgan.

    Ammo maxfiylik borasida qayg‘urish kerakligini undan boshqa mutaxassislar ham ta’kidlashadi. Hatto AQSh Federal qidiruv byurosi direktori – o‘tgan yili bir terrorchining iPhone smartfonini blokdan chiqarib berishlari uchun xakerlarga millionlab dollar to‘lagan kishi ham, veb-kameralarni yopib qo‘yishni maslahat bergan.

    Nima ham derdik, siz bilan biz ham ozroq vahimachi bo‘lsak zarar qilmas, nima dedingiz?

    Biz «maxfiy» va «xavfsiz» der ekanmiz, nisbiy xavfsizlikni nazarda tutamiz. Aslida esa, hech bir tizim shaxsiy turmushning maxfiyligini yuz foiz himoyalashni kafolatlay olmaydi. Ammo baribir ayrim choralarni ko‘rib, maxfiylikni qisman ta’minlash mumkin, quyida shuni qonuniy tarzda, bepul amalga oshirish yo‘llarini o‘rgatamiz.

    1) Pochtangizda ikki bosqichli avtorizasiyani joriy eting

    Pochta – virtual hayotingizning barcha qo‘rg‘onlariga kirish kalitidir. Agar kimdir uni qo‘lga kirita olsa, barcha joylardagi parollaringizni o‘zgartira oladi – ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlaringizdan tortib to bankdagi hisobingizgacha!

    O‘z shaxsiy ma’lumotlaringizning himoyasini sezilarli darajada oshirishning eng oddiy usuli – ikki bosqichli avtorizasiyani joriy etishdir. Odatda, bunda har gal akkauntga birinchi kirishga urinishda o‘zingiz avvaldan belgilab qo‘ygan telefon raqamingizga SMS tarzida maxsus kod yuboriladi, uni tegishli maydonchaga kiritishingiz lozim bo‘ladi. Shu tariqa, bu usul pochtangizni buzib kirish xavfini etarlicha kamaytiradi.

    Agarda siz Gmail pochtasidan foydalanayotgan bo‘lsangiz, shunaqa avtorizasiyani hozirning o‘zidayoq mana bu erdan sozlashingiz mumkin. Ha, hoziroq buni amalga oshirib qo‘ying – kech bo‘lmasidan avval.

    2) Qattiq diskdagi ma’lumotlarni shifrlang

    Windows hamda MacOS tizimlarining o‘zida qattiq diskni shifrlash funksiyasi bor. Siz uni faqat faollashtirsangiz bas.

    3) Telefonni blokdan chiqarishga parol o‘rnating
    To‘g‘ri, barmoq izi bo‘yicha identifikasiya qilish yaxshiroq, ammo uning o‘zi etarli emas. Uning nozik tomoni shundaki, agarda jinoyatchilar sizning barmoq izingizni qo‘lga kiritib, uning nusxasini yasay olsalar, keyin uni o‘zgartirish imkoni yo‘q.

    Odatda parolni kiritish uchun qilingan o‘nta urinishdan keyin smartfon butkul bloklanadi. Bordiyu parolingiz oddiy to‘rtta raqamdan iborat (masalan, 1234, 9999, 1122 yoki tug‘ilgan yilingiz) bo‘lsa, uni murakkabrog‘iga almashtirganingiz ma’qul.

    4) Turlicha parollarni ishlating

    Parol ishonchli narsa emas. Mark Sukerberg o‘zining LinkedIn akkaunti uchun dadada parolini o‘rnatgan ekan. O‘tgan yili xakerlar 117 millionta elektron pochtaning login va parollarini o‘g‘irlab, internetda tarqatib yuborishgandi. Shular orasida Sukerbergning ham LinkedIn login-paroli bo‘lgan va unga begonalar kirishgan, ammo uning Twitter va Pinterest akkauntlariga kira olishmagan.

    Demak, siz ham turli akkauntlar uchun bitta parolning o‘zini ishlatmaganingiz ma’qul. Ko‘plab login-parollarni eslab qiynalib yurmaslik uchun esa, parollar menejerlaridan foydalaning.

    5) Inkognito rejimi ham to‘liq maxfiylikni ta’minlay olmaydi

    Chrome yoki Firefox brauzerlarida inkognito rejimi orqali ishlaganingizda ham, baribir sizning internetdagi faoliyatingizni quyidagilar kuzata olishadi:
    • internet-provayder;
    • siz tarmoqqa kirayotgan joydagi tizim ma’muri (sistemnыy administrator);
    • siz foydalanayotgan brauzerni ishlab chiqqan kompaniya – Google yoki boshqasi.

    Aytish kerakki, Internet Explorer, Safari, Opera va boshqa brauzerlar ham to‘liq xavfsizlikni kafolatlay olmaydi. Demak, biror tizim yuz foiz maxfiylikka kafolat bera olmas ekan, internetda imkon qadar anonim kezish uchun keyingi tavsiyamizga amal qiling…

    6) Tor brauzeridan foydalaning

    Tor nomi kengaytirilganda The Onion Router – «Piyoz-yo‘naltiruvchi» bo‘lib, u internet-faollikni yashirish uchun o‘ziga xos yo‘naltirishdan (marshrutizasiyadan) foydalanadi.

    Mazkur bepul brauzerni ishlatish judayam oson. Uni o‘rnatgach, check.torproject.org manziliga kirib, hammasi to‘g‘ri ishlayotganini tasdiqlang. Tabriklaymiz – endi internetda bemalol sayr qilishingiz mumkin, buni begonalar kuzatishi esa ancha qiyin bo‘ladi.

    7) Maxfiy qidiruvdan foydalaning

    Bordiyu Tor brauzerini ishlatish sizga noqulaylik tug‘dirsa, qidiruv so‘rovlaringizni kuzatmaydigan DuckDuckGo qidiruv tizimidan foydalaning.

    Uning yordamida siz Google’dagi qidiruv so‘rovlaringizni yashirishingiz mumkin, buning uchun so‘rov oldiga !google so‘zini qo‘shish lozim.

    Manba: Terabayt.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Virtual hayotingizni shifrlashning 7 usuli